Joriy yil 31-mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib, hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimizning “Bironta hokim va tarmoq rahbarining ish oʻrinlarini kamaytirishga, bandlik rejalarini bajarmaslikka haqqi yoʻq”, deya taʼkidlagani soha vakillariga oʻziga xos chaqiriq vazifasini oʻtadi.
Yigʻilishda ish oʻrinlarini tashkil etish, bandlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy omillar, yangi ish oʻrinlari tashkil etish koʻrsatkichlari viloyat va tumanlar boʻyicha tahlil qilinib, ehtiyojmand aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha qator topshiriqlar belgilab berildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 30-dekabrdagi “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan davlat byudjetidan 300 milliard soʻm transfert ajratilishi belgilangan. Joriy yilning oʻtgan davrida tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 57 ming 43 nafar ishsiz va band boʻlmagan fuqaro uchun 59,9 milliard soʻmlik buyurtma shakllantirilib, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga 30,4 milliard coʻm mablagʻ moliyalashtirib berildi.
Jamgʻarma tomonidan ijara asosida beriladigan inventar va vositalar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritilib, 19 turdan 31 turga kengaytirildi. Asosiy vosita, mini texnika va asbob-uskunalar, jumladan, tikuv mashinalari, payvandlash apparati xarid qilinib, hududlarning tegishli takliflari asosida tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berildi. Shu orqali koʻp tarmoqli xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz aholining doimiy bandligi taʼminlandi.
Jumladan, 2022-yilning oʻtgan davri mobaynida Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan jami 11 ta korxonaga umumiy qiymati 3,7 milliard soʻmlik 504 dona asosiy vosita va inventar (tikuv mashinalari, motokultivator, avtomobil yuvish jihozi, changyutkich, burgʻilash uskunasi) xarid qilinib, tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish orqali 958 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlarning bandligi taʼminlandi.
Jamoat ishlari jamgʻarmasi qoʻllab-quvvatlayotgan bir qator tadbirkorlar mahsulot ishlab chiqarish koʻlami va sifatini oshirgan holda, chet elga eksportni boshlab yubordi. Misol uchun, Toshkent viloyati Boʻka tumanining Boʻston mahallasidagi ishsiz ayollar va yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida “Boʻston baraka nur” MCHJga 203 ta zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Natijada tadbirkor mahalliy aholi uchun 500 dan ortiq ish oʻrni ochdi. Korxona oʻz faoliyatini boshlaganiga hali koʻp boʻlmagan esa-da, Italiya, Rossiya va Qozogʻiston buyurtmachilari bilan 650 ming AQSH dollarilik shartnoma imzolab, mahsulot eksportini boshladi. Mazkur davlatlarda tadbirkorning firma doʻkonlari ochilib, mahsulot sotuvi ham yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Nam fayz tekstil” MCHJga jamgʻarmamiz tomonidan tikuv mashinalari ijaraga berilishi natijasida ish koʻlami kengayib, AQSHning Bruklin shahrida joylashgan “Turon Trade House Ink” korxonasi bilan 504,6 ming AQSH dollari qiymatidagi shartnoma imzolanishiga erishildi.
Jamgʻarmaning ishsiz, band boʻlmagan fuqarolar bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan ijara punktlari orqali hududlarga berilgan inventar va motokultivatorlardan bugunga qadar 636,6 million soʻm ijara tushumi olindi.
Xulosa oʻrnida aytsak, soʻnggi yillarda aholini ijtimoiy himoyalash, farovonligini oshirish borasida boshlangan islohotlar oʻz samarasini berayotir. Yurtimizning eng chekka hududida ham aholi oʻz hayotidagi oʻzgarishlarni oilasi misolida yaqqol his etyapti. Jamoat ishlari jamgʻarmasi har bir oila islohotlarning oʻz hayotidagi samarasini toʻla his qilishi uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.