Bangladesh bilan hamkorlik hajmini oshirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi

    Samarqandda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 9 chi majlisi oʻz yakuniga yetdi.

    Unda 100 dan ortiq OIIB aʼzo mamlakatlarining investitsiyalar va moliya vazirliklari rahbarlari, taxminan 2 ming nafar hukumat, koʻp tomonlama banklar, XMI va XHMT, ekspertlar, yirik kompaniyalar va investitsiya fondlari rahbarlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir doirasida Oʻzbekistonning investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Bangladesh Xalq Respublikasi Moliya Vazirligi iqtisodiy aloqalar boʻyicha kotibi Shahriyor Kader Siddiq bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Yil boshidan oʻzaro savdo 43% ga oʻsdi. 45 ta yangi korxona ochildi.

    Shu nuqtayi nazardan tomonlar hamkorlik hajmini oshirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni belgilab oldilar. Asosiylaridan: kelgusi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportini 100 million dollargacha oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolash, ikki tomonlama soliq ikki barobar toʻlashni oldini olish boʻyicha kelishuv loyihasini ishlab chiqish va ikki mamlakatning milliy mahsulotlarini koʻrgazmalarini oʻtkazish boʻldi.

    Uchrashuv natijalariga koʻra, tomonlar muhokama qilingan masalalarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun navbatdagi 4-chi Hukumatlararo komissiya yigʻilishini va ikki mamlakat biznes doiralari ishtirokidagi biznes-forumni tashkil etish boʻyicha tashkiliy jihatlarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.