Maʼlum boʻlishicha, ayrim hollarda kreditlar boʻyicha toʻlovlarni kechiktirganlik uchun banklar tomonidan qoʻllaniladigan sanksiyalar miqdori kreditorlarning haqiqiy xarajatlariga mos kelmaydi.
Xususan:
- toʻlov muddatlari buzilganda muddati oʻtkazib yuborilgan toʻlov summasiga hisoblanadigan foizlar kredit shartnomasida belgilangan yillik stavkaga nisbatan 1,5-3 baravar, ayrim hollarda esa yillik 150-180 foizgacha oshiriladi. Bunda mazkur jarima foizlari amalda mustaqil daromad manbaiga aylanadi;
- kredit boʻyicha foizlar toʻlash kechiktirilganda yillik miqdori kreditning boshlangʻich qiymatidan bir necha baravar ortiq boʻlgan har kunlik penya (uni hisoblashning belgilangan yuqori chegarasi mavjud boʻlmaganda) hisoblanadi;
- har bir kechiktirilgan holat uchun kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha bir martalik jarimalar qoʻllaniladi.
- Shuningdek, oshirilgan foiz stavkasi, penya va bir martalik jarima choralarini bir vaqtning oʻzida qoʻllash holatlari ham aniqlangan.
- Natijada, toʻlovlarni kechiktirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarning umumiy summasi kredit yoki koʻrsatilgan xizmatning boshlangʻich qiymatidan bir necha barobar oshib ketadi va qarz oluvchi uchun haqiqiy moliyaviy yuk shunchalik ortib ketadiki, majburiyatlarni bajarish iqtisodiy jihatdan qiyinlashadi.
- «Bunday amaliyotlar natijasida kreditorga qarzni kechiktirishga yoʻl qoʻyish yoki uni oʻz vaqtida toʻlashni ragʻbatlantirmaslik foydaliroq boʻladigan iqtisodiy model shakllanadi.
Bunday xarakterdagi kredit shartnomalaridagi shartlar obyektiv ravishda toʻlov intizomini taʼminlashga yordam bermaydi, aksincha, kechikish faktidan daromad olish uchun shart-sharoit yaratadi va kreditlash shartlarini buzib koʻrsatadi, bu esa shaffoflik tamoyilining buzilishi xavfini keltirib chiqaradi, yaʼni qarz oluvchi kredit olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish bosqichida majburiyatlarni buzishning haqiqiy moliyaviy oqibatlarini toʻliq baholay olmaydi.
Bunday amaliyotlar tomonlar manfaatlari muvozanatini buzadi, ijtimoiy xatarlarning oshishiga, fuqarolar murojaatlarining koʻpayishiga va bank tizimiga boʻlgan ishonchning pasayishiga olib keladi.
Markaziy bankning taʼkidlashicha, oʻz vaqtida toʻlash majburiyatlarini buzganlik uchun qoʻllaniladigan sanksiyalar kreditor tomonidan daromad olishning iqtisodiy jihatdan foydali mexanizmiga aylanmasdan, balki kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlishi va qarz oluvchining javobgarlik choralari mustaqil foyda manbaiga aylanadigan shartnoma shartlarini shakllantirmasligi kerak.
Bunday holatlarning mavjudligi qarz oluvchilar uchun toʻlovlarni kechiktirish oqibatlarining shaffofligini taʼminlash va bunday qoidabuzarliklardan asossiz foyda koʻrishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kredit shartnomalari boʻyicha majburiyatlarni buzganlik uchun moliyaviy javobgarlik miqdorlarini aniq belgilash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini qayta koʻrib chiqishning asosiy sabablaridan biridir.