Adliya vazirligida "Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan "sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida"gi nizom (roʻyxat raqami: 3731, 23.12.2025 y) davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Nizomga koʻra, kredit tashkilotlarida moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida kredit tashkilotlarining faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari oʻtkaziladi.

“Sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbiri Markaziy bank yoki uning hududiy filiallari masʼul xodimlari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi.

Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshiriladi.

Nazorat tadbirini oʻtkazish uchun Markaziy bank raisining oʻrinbosari yoki Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi boshligʻining farmoyishi chiqariladi.

Nazorat tadbirini oʻtkazish uchun 3 ish kunigacha, davomli operatsiyalar (harakatlar) uchun ushbu operatsiyaning (harakatning) oxirgi kunigacha boʻlgan muddat belgilanadi.

Nazorat tadbiri yakunlangandan soʻng, “sirli mijoz” tomonidan dalolatnoma tuziladi.