Prezidentimizning 2020 yil 15 maydagi “2020—2025 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to'g'risida”gi farmoni asosida keyingi besh yillikda bank-moliya tizimini isloh qilish va rivojlantirishning to'rtta ustuvor yo'nalishlari belgilandi. Bank tizimining samaradorligi, moliyaviy barqarorligi, bank xizmatlari ommabopligini oshirish hamda bank tizimida davlat ulushini qisqartirishni o'z ichiga olgan strategiyada belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bank sektoridagi bunday holatni butkul o'zgartiradi.

Banklar qanday manfaat ko'radi?

Farmonga muvofiq, “Ipoteka-bank” ATIB, “O'zsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka bank” ATB, AT “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Turonbank” ATB faoliyati birinchi bosqichda xalqaro moliya institutlari ko'magida transformatsiya qilinadi, ikkinchi bosqichda esa, mazkur banklardagi davlat aktsiyalari paketi strategik investorlarga sotiladi. SHuningdek, Strategiya doirasida Xalq banki va “Aziya al`yans bank”dagi davlat aktsiyalari paketini ham xorijiy strategik investorlarga sotish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo'lmagan banklar aktivlari ulushini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish hamda banklar majburiyatlarining umumiy hajmida banklarning xususiy sektor oldidagi majburiyatlari ulushini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga qadar 70 foizgacha oshirish ko'zda tutilmoqda.

Davlat ishtirokidagi banklarningxalqaro moliya institutlari ko'magida transformatsiya qilinishi va xorijiy strategik investorlarga sotilishi natijasida banklarda korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimlari takomillashadi, yangi xalqaro tajribaga ega bo'lgan ishtirokchilar bilan bir qatorda tizimga yangi texnologik echimlar hamda bank ishining ilg'or xorij tajribasi kirib keladi, banklarning biznes-modellari o'zgarib,ularning mijozlarga yo'naltirilganlik darajasi oshadi.

SHu bilan birga, xususiy banklar sonining ko'payishi bank tizimida raqobat muhitini kuchayishiga xizmat qiladi. O'z navbatida, kuchli raqobat mavjud bo'lgan bozorda xizmatlarning sifati yaxshilanadi, narxlar arzonlashadi, mahsulot va xizmatlarning yangi turlari paydo bo'ladi, masofaviy bank xizmatlari ko'lami kengayib boradi. Bundan tadbirkorlar va aholi ham manfaat ko'radi.

Jamg'arma moliyaviy qo'llab-quvvatlaydi

Bank sektorining tijoratlashuvini oshirish, unga xususiy kapitalni jalb qilish va mazkur sektorni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo'yicha vazifalarni amalga oshirish asnosida Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi faoliyati ham takomillashadi.

Hozirgi vaqtda Jamg'armaning faoliyati foiz stavkalarini qoplash va kreditlar bo'yicha kafilliklar berish orqali moliyaviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Bank sektorini isloh qilish Jamg'arma faoliyatini takomillashtirish zaruriyatini kuchaytiradi. Xususan, qarz oluvchining garovga qo'yilgan mol-mulki bilan bir qatorda kafolatlar bo'yicha undirishni ko'zda tutuvchi mahsulotlarni joriy etish bo'yicha ishlar olib boriladi. Bundan tashqari, Jamg'arma faoliyatining barqarorligini oshirish, shuningdek, kafilliklar bo'yicha tabaqalashtirilgan komissiyalarga bosqichma-bosqich o'tish uchun moliyaviy model` ishlab chiqiladi.

Jamg'armaning korporativ boshqaruvi uning kuzatuv kengashida mustaqil a'zolar, shu jumladan, xususiy sektor yoki ilmiy doira mutaxassislarining ishtiroki asosida kuchaytiriladi. Moliyaviy hisobotlari esa auditorlik tekshiruvidan o'tib, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish maqsadida byudjet ijrosi to'g'risidagi hisobotlar e'lon qilinadi.

Davlat ulushi qolayotgan banklar faoliyati

Islohotlar davrida davlat ishtirokidagi korxonalarning kreditlashga bo'lgan talabini cheklab qo'ymaslik hamda moliyaviy ommaboplikni ta'minlash uchun ayrim banklarda davlat ulushini saqlab turish maqsadga muvofiqdir. SHunga ko'ra, o'rta muddatda davlat ishtiroki 3 ta bankda– “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATBda saqlab qolinadi.

Qolgan banklarda davlat ulushini saqlab qolishning jiddiy asosi bo'lmaganligi uchun mazkur banklar bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. “O'zagroeksportbank” va “Poytaxt bank”ning faoliyati esa qayta ko'rib chiqiladi.

Strategiya doirasida davlat ulushiga ega bo'lgan barcha banklar, shu jumladan, davlat egaligida qoladigan banklar faoliyati transformatsiya qilinadi. Bunda xalqaro moliya institutlari va sohaga ixtisoslashgan konsultantlarni jalb etgan holda, banklarning biznes modellarini o'zgartirish orqali faoliyatlarini tijoratlashtirish va mijozga yo'naltirilganligini oshirish, ularning korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimlarini takomillashtirish, xizmatlar sifatini va ko'lamini oshirish choralari ko'riladi.

Banklarga to'xtaladigan bo'lsak, “Agrobank” va “Mikrokreditbank”ning hududlardagi tarmog'i afzalligini, ya'ni barcha hududlarda filiallar tarmog'i mavjudligini inobatga olgan holda, ularning faoliyati kichik va o'rta biznesni, qishloq xo'jaligidagi ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan kredit orqali qo'llab-quvvatlashga, hududlarda, shu jumladan, moliyaviy xizmatlar ko'rsatish qiyin bo'lgan olis tumanlarda jismoniy shaxslarga xizmat ko'rsatish va kichik tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi.

Milliy bank faoliyati esa ustuvor ravishda strategik korxonalarva investitsiya loyihalariga bozor shartlarida bank xizmatlarini ko'rsatish, shuningdek, keng qamrovli bank mahsulotlarini taqdim etishga qaratiladi.

Bir so'z bilan aytganda, mazkur strategiyada ko'zlangan maqsadlar orqali moliya bozorida teng raqobat sharoitlari yaratiladi, banklarning davlat resurslariga qaramligi pasayib, bank xizmatlari modernizatsiya qilinadi hamda banklar faoliyatiga xos bo'lmagan funktsiyalarbosqichma-bosqich bekor bo'ladi.

Davlat ulushi mavjud bo'lgan tijorat banklaridagi kompleks transformatsiya jarayonlari esa, etarli darajada xizmat ko'rsatilmayotgan va zaif qatlamlarda davlat ishtirokini ko'paytiradi va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilish asosida kamxarj xizmat ko'rsatish nuqtalari tarmog'ini rivojlantiradi.

Akmal NAZAROV,

Markaziy bankning Jamoatchilik bilan

aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori