Qoraqalpogʻiston respublikasi Toʻrtkoʻl tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filialining murojaatiga asosan 04.02.2020-yili “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filialiga qarashli Toʻrtkoʻl minibanki kassiri Ruzumov Begijon Radjapbayeivichga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

B.Ruzumov 2019-yil 12-dekabr kunidan bugungi kunga qadar Toʻrtkoʻl tumani “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filiali Toʻrtkoʻl minibanki kassiri lavozimida ishlab kelib, moddiy javobgar boʻlgani holda, oʻz lavozimidan qasddan foydalanib, oʻziga ishonib topshirilgan 41 ming 395 AQSH dollarini (395 mln. 874 ming. 045 soʻm) oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan.

Xususan, B.Ruzumov 06.01.2020-yilda “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filiali tomonidan yuborilgan jami 50 mln soʻm va 150 ming AQSH dollari madat pullarini qabul qilib, 13.01.2020-yildan 22.01.2020-yilga qadar oʻzi ishlab kelayotgan minibank kassasidan jami boʻlib, 41 ming 395 AQSH dollarini naqd shaklda oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib kelib, “1xBet” ilovasining dov oʻyinini oʻynash uchun oʻziga tegishli boʻlgan plastik kartaga solib kelgan va ushbu pullarni yutqazgan.

Ruzumov Begijon Radjapbayevich, oʻzining ushbu harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

M.Matchanov 
Toʻrtkoʻl tuman prokurori
adliya kichik maslahatchisi