Barcha siyosiy partiyalarga parlament saylovlarida qatnashish uchun ruxsat berildi

    Markaziy saylov komissiyasi barcha siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovida qatnashish uchun ruxsat berdi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining ayni damda boʻlib oʻtayotgan majlisida maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, saylov kodeksining 69-moddasiga muvofiq saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.

    Shuningdek, siyosiy partiyalardan hujjatlarning kelib tushishi navbatiga asosan quyidagi ketma-ketlikda siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi:

    Unga koʻra, Oʻzbekistondagi 5 ta siyosiy partiyalarga saylovlarda qatnashishga ruxsat berildi.

    Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalar:

    — Liberal-demokratik partiyasi;

    — “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

    — Ekologik partiya;

    — Xalq demokratik partiyasi;

    — “Adolat” sotsial demokratik partiyasi.

    Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʻyicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.