Yagona saylov okrugi boʻyicha saylov natijalari rasman tasdiqlandi

    Shu yilning 29-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda yagona saylov okrugi boʻyicha saylov natijalari rasman tasdiqlandi va deputatlik mandatlari siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlandi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Majlisda saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning 74,72 foizi ishtirok etganligi hamda saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning har biri saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizidan koʻp ovoz toʻplaganligi sababli 2024-yil 27-oktyabrda oʻtkazilgan yagona saylov okrugi boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi oʻtgan va haqiqiy deb topildi.

    Shuningdek, hududiy saylov komissiyalarining siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalariga asosan yagona saylov okrugi boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini belgilash va deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini belgilash va deputatlik oʻrinlarini siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlash quyidagi tartibda amalga oshirildi.

    1. Saylov kodeksining 961-moddasiga asosan saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʻproq foizini olgan barcha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar soni yetmish beshga boʻlingan holda saylov koeffitsiyenti aniqlandi, yaʼni: 14 946 171 ÷ 75 = 199 282,28 Shunga koʻra saylov koeffitsiyenti 199 282 etib belgilandi.

    2. Yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasining 75 ta deputatlik oʻrni siyosiy partiyalar oʻrtasida quyidagicha taqsimlandi:

    3. Deputatlik oʻrinlarining dastlabki taqsimotidan soʻng taqsimlanmay qolgan deputatlik oʻrinlari 2 ta boʻlib, Saylov kodeksining 961-moddasiga muvofiq, taqsimlanmagan deputatlik oʻrinlari dastlabki taqsimotda har bir siyosiy partiyaga yoqlab berilgan ovozlari saylov koeffitsiyentiga (199 282) boʻlingandan soʻng aniqlangan sonning qoldiq qismi (verguldan keyin oltita raqamgacha) kattaroq boʻlgan siyosiy partiyalarga bittadan mandat berish orqali taqsimlandi, yaʼni:

    Yuqoridagilarga koʻra, yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasiga saylovida deputatlik oʻrinlari siyosiy partiyalar oʻrtasida quyidagicha taqsimlandi:

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi – 26 ta deputatlik oʻrni;

    Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta deputatlik oʻrni;

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta deputatlik oʻrni;

    Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik oʻrni;

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta deputatlik oʻrni.

    Majlisda yuqoridagi taqsimotga asosan Markaziy saylov komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilib, qaror bilan tasdiqlandi.

    Bundan tashqari, qaror bilan deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalar va partiya roʻyxati boʻyicha saylangan deputatlarga xabarnomalar yuborish belgilandi.

    Shundan soʻng, Markaziy saylov komissiyasi ularni Qonunchilik palatasi deputati etib roʻyxatga oladi.