Bu esa, oʻz navbatida, insonni sogʻlom turmush tarzi tomon yetaklaydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, oʻnta kasallik turi va oʻlim sabablaridan oltitasi — semirish, kamqonlik, yurak-qon tomir, jigar va buyrak kasalliklari hamda diabet notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq.

Dunyodagi yetakchi ilmiy markazlarda olib borilgan kuzatuvlarda hayvon yogʻidan va yuqori sifatli un mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar hamda shirinliklarni meʼyoridan ortiq tanovul qilish, ovqatlanish tartibi va ritmiga amal qilmaslik oziq-ovqatlarning asosiy tarkibiy qismlari oʻrtasidagi muvozanatning buzilishiga va oqibatda mazkur kasalliklar kelib chiqishiga olib kelishi tasdiqlanmoqda. Chunki ular qonda xolesterin (yogʻsimon zarrachalar) miqdorining oshishi, qon bosimining koʻtarilishi, miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi yoki ishemik insult (bosh miya va boʻyin tomirlarida yogʻlar oʻtirib qolishi oqibatida unda qon aylanishining oʻtkir buzilishi), qandli diabetga moyillik tugʻilishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda butun dunyoda tana vazni ogʻir, yaʼni semiz kishilar tobora koʻpayib bormoqda. Dunyo shifokorlari agar tegishli chora-tadbirlar koʻrilmasa, 2025-yilga borib, semizlikka chalinganlar soni ikki barobar koʻpayishi mumkinligidan xavotirda. NIGOH Jismoniy mashqlar bilan muntazam shugʻullanish sistolik (yuqori) va diastolik (pastki) qon bosimini 5-10 mm. simob ustuniga pasaytirib, qonda yogʻ almashinuviga ijobiy taʼsir etadi va yurak kasalliklariga olib keluvchi xolesterin miqdorini kamaytiradi.

Mamlakatimiz rahbarining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolanishi zamirida ham ana shu kasalliklarning oldini olish nazarda tutilgan. Farmonda taʼkidlanganidek, COVID-19 pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham aholining sogʻligʻi, jismonan salomatligi, sogʻlom hayot kechirish darajasi zaif ekanini koʻrsatdi. Koronavirusning yangi turi, asosan, yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kabi hamroh kasalliklarga chalingan bemorlar hayotiga xavf solmoqda. Sogʻlom turmush tarzi tushunchasi keng maʼnoga ega boʻlib, u jismoniy faollik, zararli odatlar, yaʼni giyohvandlik, tamaki (nosvoy) chekish, spirtli ichimliklar isteʼmoliga qarshi kurash va ratsional ovqatlanish kabilarni oʻz ichiga oladi. Shu oʻrinda inson organizmiga taʼsir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish, ayniqsa, oʻz vaqtida va meʼyorida, zarur boʻlganda esa parhezbop taomlar isteʼmol qilish yetakchi ahamiyatga ega ekanini yodda tutish lozim. Ovqatlanish tibbiy nuqtayi nazardan, yosh, tana tuzilishi, iqlim, mabodo kasallik boʻlsa, uning turi va davridan kelib chiqib, xastalikning oldini olish uchun turli tartib va tarkibda tavsiya etiladi. Shundagina inson uzoq, sogʻlom va farovon umr koʻrishi mumkin. Tibbiy nuqtayi nazardan, kunda toʻrt marta va har kuni bir vaqtda ovqatlanish maqsadga muvofiq. Uning taxminan 25 foizi birinchi nonushtaga, 15 foizi ikkinchi nonushtaga, 35 foizi tushlikka, 25 foizi esa kechki ovqatga toʻgʻri kelishi sogʻlom ovqatlanishning asosiy shartidir. Ovqatlanganda uning tarkibiy qismiga eʼtibor berish juda muhim. Oqsilga boy oziq-ovqatlar asab tizimi qoʻzgʻaluvchanligini oshirgani sababli ularni kunning birinchi yarmida, yaʼni inson faol harakatda boʻlgan davrda isteʼmol qilish maʼqul. Aks holda, uyquni qochiradi yoki chuqur uyqu holati yuzaga kelishiga toʻsqinlik qiladi. Kechki ovqat kunlik ovqatlanishni koʻp qismini tashkil etganda yogʻlarning oksidlanishi toʻliq kuzatilmay, semirishga moyillikni keltirib chiqaradi. Sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish ozuqalarning yaxshi hazm boʻlishi uchun imkoniyat yaratadi. Taom yeyish miqdori va sonining koʻpayishi ovqat hazm qilish markazi qoʻzgʻaluvchanligini kamaytiradi va ishtahani susaytiradi. Yoshi 50 dan oshgan kishilar isteʼmol qiladigan oziq-ovqatlar kaloriyasi 2500-2600 dan oshmasligi va yogʻ hamda shakar miqdori keskin chegaralanishi kerak. Shu oʻrinda kechki ovqat uyqudan kamida 2-3 soat oldin isteʼmol qilinishi kerakligini alohida taʼkidlamoqchimiz. Goʻsht va baliqdan tayyorlangan taomlar (shu jumladan, yogʻli), asosan, ertalab va kunduzi isteʼmol qilinishi lozim. Kechki ovqat tarkibida osh tuzi keskin chegaralanishi, koʻproq sutli taomlar boʻlishi maqsadga muvofiq. Chunki ular uyqu vaqtida organizmning fiziologik faolligini oʻzgartirmaydi. Ulardan farqli oʻlaroq, tuzli va goʻshtli ovqatlar yurak-qon tomir hamda nafas tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatib, qon bosimini, yurak urishi va nafas soni pasayishi emas, aksincha, koʻpayishiga olib keladi. Isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatlarning tolalarga (qora, quritilgan hamda bir kun oldin pishirilgan non va boshqalar), vitaminlarga, kaliy va magniy tuzlariga boy boʻlishi hamda taomlarning oʻsimlik yogʻida tayyorlanishi qon tomirlarida skleroz rivojlanishiga toʻsqinlik qilishini esdan chiqarmaslik kerak. Kunlik taomnomada sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar, vinegretlar, karam, pomidor, bodring, qovoq, kashnich yetarli darajada boʻlishi, dukkaklilar, yaʼni noʻxat, loviya, mosh, shuningdek, turli qoʻziqorinlar chegaralangan miqdorda ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Pishloq va tvorogning ham yogʻsizlantirilgan sutdan tayyorlanganlari foydalidir. Ichish uchun achchiq boʻlmagan choy, meva sharbatlari, oʻtli damlamalar tavsiya etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, ovqat ratsioni turli-tuman boʻlishi va ular inson organizmiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi qarilik va kasallikka olib keluvchi jarayonlarni toʻxtatish yoki sekinlashtirishga sabab boʻladi. Muntazam ravishda jismoniy faol hayot kechirish yurak-qon tomir faoliyatini moʻtadillashtiradi va kasallik paydo boʻlishining oldini oladi. Jismoniy mashqlar bilan muntazam shugʻullanish sistolik (yuqori) va diastolik (pastki) qon bosimini 5-10 mm. simob ustuniga pasaytirib, qonda yogʻ almashinuviga ijobiy taʼsir etadi va yurak kasalliklariga olib keluvchi xolesterin miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, organizmning energiyaga boʻlgan talabi va uning sarflanishini meʼyorlashtiradi, kayfiyatni koʻtarib, umumiy ahvolni yaxshilaydi. Uglevodlarga boʻlgan (qandli diabet paydo boʻlishiga) chidamlilikning oshishi, semirish, suyak-mushak kasalliklari va oʻsmalar paydo boʻlishi xavfini kamayishi ham bevosita jismoniy mashgʻulotlar bilan muntazam shugʻullanib borishga bogʻliq. Harakat bizning badanimizni shakllantiradi. Jismoniy tarbiya intizom, iroda, uyushqoqlik, mehnatsevarlik, yuksak aqliy eʼtiqod va ijtimoiy ahamiyatga molik qimmatli fazilatlarni mujassamlashtiradi. Organizmning biologik imkoniyatlarini yoritib beradi. Shu oʻrinda aytish joizki, organizmni chiniqtirish (suv muolajalari) uning noqulay iqlim sharoitlari, yaʼni issiq yoki sovuq taʼsiriga chidamliligini oshiradi. Shuningdek, har kuni oʻz vaqtida uyquga yotish va uygʻonish, yengil dush qabul qilishga odatlanish inson salomatligida samaralidir. Har kuni kamida yetti soat uxlash ertangi faoliyatni kuchaytiradi. Ruhiyatga taʼsir qiluvchi omillar ham sogʻlom turmush tarzida oʻziga xos oʻringa ega. Inson ruhiyati va salomatligi oʻrtasida hayotiy hamda tabiiy bogʻliqliq mavjud. Sogʻlom tana, sogʻlom aql, sogʻlom idrok , sogʻlom ruh har bir insonda mushtarak boʻlishi shart. Stress va salbiy omillar — barcha kasalliklarning sababchisi. Asabiylashish va ruhiy zoʻriqishdan oʻzingizni ehtiyot qiling.

Guli SHAYXOVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasining

ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori