Bugun, 3-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida respublika final bosqichi start oladi. “Barkamol avlod-2021” sport musobaqalarining respublika final bosqichining dastlabki musobaqasida akademik litsey va professional taʼlim muassasalari o‘quvchi-yoshlari dzyudo bo‘yicha eng kuchli ekanliklarini isbotlash uchun kurashga kirishadi.

1-2-dekabr kunlari mamlakatimizning 14 ta hududidan hududiy bosqichlarda o‘zini ko‘rsatib, respublika bosqichiga yo‘l olgan sportchilar Nukusda jam bo‘lishdi.

Bugundan musobaqalardagi ishtirokini boshlaydigan ishtirokchilar 3 kun davomida turli vaznlarda g‘olib va sovrindorlik uchun bahslashadi.

Eslatib o‘tamiz, “Barkamol avlod-2021” dasturidan o‘rin olgan keyingi sport turi yengil atletika bo‘yicha respublika final bosqichi 10-14-dekabr kunlari Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tishi belgilangan.