Yilning qaysi davri boʻlmasin, odamlarning elektr energiya isteʼmoli muntazam oshib bormoqda. Bu yurtimizdagi rivojlanish, aholi farovonligi oʻsib borishi, iqtisodiyot tarmoqlari ravnaqi kabi ijobiy omillar bilan bogʻliq. Ammo masalaning boshqa tomoni shundaki, talab ortishi energetika sohasi vakillari oldiga aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash vazifasini qoʻyadi.
Buning uchun tizimga katta mablagʻ ajratilib, bir necha oʻn yillar davomida qilinmagan islohotlar amalga oshirilyapti. Yangi tarmoqlar tortilib, chekka hududlargacha elektr toki kirib bormoqda. Ammo bu endi tarmoqda hech qanday uzilish, avariya holati boʻlmaydi degani emas. Turli ob-havo sharoitida bunday holatlar kuzatilishi tabiiy. Tizimdagi eng katta oʻzgarishlardan yana biri ana shunday holatlarni tezkor bartaraf etishga erishilayotgani, tarmoqdagi uzilishlar davomiyligi bir necha barobar qisqarganida.
Bu yil ham yoz odatdagidan issiq keldi. Ayniqsa, iyul oxirlarida kuzatilgan yuqori harorat tufayli poytaxtimizning ayrim tumanlarida elektr tokida uzilishlar boʻlgani yurtdoshlarimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi. Shunday vaqtda tizimda hali qilinadigan ishlar koʻpligi koʻrinib qoladi.
Gap shundaki, hududlar, ayniqsa, Toshkent shahrida aholi soni ham, bunyodkorlik koʻlami ham oshib boryapti. Oʻtgan bir yilda 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushirildi. Yil boshidan beri poytaxtimizda elektr isteʼmolchilari yana 40 mingtaga koʻpaygan, talab 6 foiz oshgan. Odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, maishiy texnikalardan foydalanishi koʻpaygan. Natijada Toshkent shahridagi 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Bularning barchasi sohada modernizatsiya jarayonini izchil davom ettirish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni talab qiladi.
Oxirgi ikki yilda poytaxtda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Shular hisobidan 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2000 kilometrdan ziyod tarmoq yangilandi. Joriy yilda ham belgilangan rejalar bisyor. Shu yil 8-avgust kuni davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida energetika tizimi barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha axborot berildi. Taqdimotda har bir tuman va mahallalar kesimidagi rejalar bayon qilindi. Unda koʻrsatilishicha, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash koʻzda tutilgan. Kelasi yili yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar taʼmirlanib, yangilari oʻrnatiladi.
Har bir loyiha yangi tarmoqlar degani
Bunday saʼy-harakatlar yurtimizning barcha hududida faol amalga oshirilyapti. Shuning hisobiga aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash koʻrsatkichi oshib boryapti. Bundan 7-8 yil oldingi holat bilan hozirgi vaziyatni solishtirgan har qanday inson buni yaqqol sezadi. Chunki soha vakillarining asosiy maqsadi aynan elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan. Bu bevosita aholi turmush tarzi, sanoat korxonalari rivoji bilan bogʻliq masala ekani masʼuliyatni yanada oshiradi.
Elektr energiyasi aholiga elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiyalar orqali yetkaziladi. Shuning uchun aynan ularning soz holatda ishlashi asosiy masaladir. Bugun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 14 ta hududiy filial ixtiyorida 35-500 kilovattli 36 ming 800 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 1583 ta podstansiya mavjud. Joriy yilda elektr uzatish tarmoqlari orqali 74,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini yetkazish rejalashtirilgan. Podstansiyalarning umumiy quvvati esa 51 ming 630 megavattga teng.
Aholiga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish uchun, avvalo, magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarni muntazam modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish talab etiladi. Bu odatda investitsiya loyihalari hisobidan amalga oshiriladi. Aksariyat yirik loyihalarga xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻ ajratmoqda. Xususan, xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditni oʻzlashtirish darajasi 2021-yilga nisbatan qariyb 5 barobar oshdi. Joriy yilda 251,3 million dollar oʻzlashtirilishi kutilmoqda.
Bugun oʻzaro hamkorlikda 19 ta investisiya loyihasini moliyalashtirish uchun 1,4 milliard dollar kredit jalb qilingan. Mazkur loyihalar doirasida hududlarda 2385 kilometr elektr uzatish tarmogʻi tortish hamda 8062 megavolt amper qoʻshimcha quvvat yaratish rejalashtirilgan. Ayni kunga qadar ularning 12 tasi ishga tushirildi. Natijada 2385 kilometr elektr uzatish tarmogʻi tortilib, 5004 megavolt amper qoʻshimcha quvvat yaratildi. Hozir yana 7 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Umuman, investitsiya dasturi loyihalari koʻlami ancha keng. Xususan, 2025-yilda umumiy qiymati 259,2 million dollar boʻlgan 6 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning hisobidan 485 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari tortiladi hamda 2 ta yirik podstansiya ishga tushiriladi. Xalqaro moliya institutlari krediti ishtirokida esa umumiy qiymati 200,2 million dollar boʻlgan 2 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Bu borada 2030-yilgacha moʻljallangan rejalar ham bor. Ular nafaqat reja, balki aniq loyihalardir. Jumladan, 2030-yilga qadar magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish hamda yangi elektr stansiyalarini energetika tizimiga integratsiya qilish maqsadida umumiy qiymati 4,1 milliard dollarlik 119 ta investisiya loyihasini amalga oshirish koʻzlangan. 18 ta loyiha doirasida 4375 kilometrli umumiy quvvati 500 kilovatt boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari tortiladi. Mazkur loyihalarning 7 tasini davlat-xususiy sheriklik asosida investorlar amalga oshiradi.
Bir qismini muqobil energiya qoplaydi
Rejalar, loyihalar yaqin bir necha yillarni qamrab olayotgani bejiz emas. Boisi, elektr energiyasiga ehtiyoj kun sayin oʻsib boryapti va buni taʼminlash uchun oldindan choralar koʻrish zarur. Masalan, 2030-yilga borib, mamlakatimiz isteʼmolchilarining elektr energiyaga yillik talabi joriy 74 milliard kilovatt-soatdan 110 milliard kilovatt-soatgacha oshishi hisob-kitob qilingan. Demak, yetkazib berish manbalarini ham shunga yarasha oshirib borish kerak. Bu talabning bir qismi esa muqobil energiya manbalaridan foydalanish koʻrsatkichini oshirish hisobiga qoplanadi.
Bugun mamlakatimizni elektr energiyasi bilan taʼminlash haqida gap ketganida muqobil energiya manbalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Boisi, Oʻzbekiston “yashil” energetika borasida qisqa vaqtda oʻz tajribasini yaratib, mintaqada yetakchilik qilmoqda. Hatto ilgʻor davlatlar yurtimizning bu boradagi dadil qadamlarini eʼtirof etib, ushbu yoʻnalishga ikkilanmay sarmoya kirityapti.
Hozir yurtimizda umumiy quvvati 4119 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Joriy yil iyulida mamlakatimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 1 milliard 246 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarilgan. Bu Oʻzbekiston energetika tizimi uchun yangi rekord natijadir.
Mazkur generatsiyaning 760,9 million kilovatt-soat qismi quyosh elektr stansiyalari, 485,4 million kilovatt-soati esa shamol elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Natijada 377,5 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1 million 120 ming tonna zararli gaz chiqishining oldi olindi.
Oʻzbekistonda 2030-yilga borib, “yashil” energiya hajmini 54 foizga yetkazish maqsad qilingan. Oʻtgan yili yurtimizda umumiy quvvati 3,5 gigavattli qayta tiklanadigan energiya manbalari muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Joriy yilda yana shuncha quvvatdagi qoʻshimcha obyektlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 2030-yilga borib esa mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvatini 25,4 gigavattga yetkazish koʻzlangan.
Yurtimizda muqobil energiya manbalariga oʻtish koʻrsatkichi ham talab, ham zarurat jihatidan ortib boryapti. Sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimiga oʻtkazish choralari koʻrilmoqda. 2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavattli quyosh stansiyasi hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Boshqa hududlarda ham ishlar jadal bajarilmoqda. Koʻplab aholi xonadonlari allaqachon quyosh panellaridan foydalanishga oʻtgan. Natijada yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida qayta tiklanadigan energiya manbalari hissasi ortmoqda. 2023-yilda bu koʻrsatkich 15 foizni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil oxirigacha 25 foizga yetkazilishi koʻzlangan. Demak, 2030-yilgacha moʻljallangan 54 foizli natijaga ham erishiladi. Bu raqamlar Oʻzbekistonning barqaror va kam uglerodli energetika kelajagiga sodiqligini namoyon etadi.
Umuman, milliy iqtisodiyotimizning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangani holda energetika sohasida mahalliylashtirish darajasi oshib borayotir. Tarmoqda foydalaniladigan qurilmalarning aksariyati mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilyapti. Tajribali mahalliy qurilish tashkilotlari tarkibida bugun 70 dan ortiq brigada va mingdan ziyod maxsus texnika mavjud. Ular 1 oyda 84 kilometr va 1 yilda ming kilometrdan ziyod 500 kilovattli elektr uzatish tarmoqlarini tortish imkoniyatiga ega.
Energetika taʼminoti sohasida bugun mablagʻ ham, mahalliy quvvat ham, sharoit va salohiyat ham yetarli. Faqat ularni tizimli va muntazam ishga solish, yangi quvvatlarni yaratishga qaratilgan loyihalar koʻlamini oshirish lozim. Oldimizga qoʻyilgan ana shu maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarish orqali yurtimizda elektr energiyasi uzluksizligini taʼminlashga bel bogʻlaganmiz.
Feruz QURBONOV,
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari