Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Bel olish va uch kurash assotsiatsiyasining yillik taqvim-rejasidagi mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 800 dan ortiq sportchilar oʻz vazn toifalariga koʻra, gʻoliblik uchun bellashdi.
Chempionat reglamentiga muvofiq, dastlab bel olish kurashi boʻyicha kuchlilar nomi aniqlandi. Shohsupadan joy olgan yosh polvonlar diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan mukofotlanishdi. Bel olish kurashi boʻyicha bahslar yakuniga yetgach, musobaqa dasturiga binoan 2004-2005-yillarda tugʻilgan oʻgʻil-qizlar uch kurash boʻyicha mamlakat chempionligi uchun bahslarga kirishdi. Murosasiz oʻtgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga koʻra 41 kilogramm vazn toifasida Ozodbek Abdusalimov (Andijon), 44 kilogramm vazn toifasida Sarvar Qosimjonov (Andijon), 60 kilogramm vazn toifasida Bekzod Tursunov (Surxondaryo), 77 kilogramm vazn toifasida Fazliddin Oripov (Fargʻona), 48 kilogramm vazn toifasida Hilola Ortiqboyeva (Sirdaryo), 52 kilogramm vazn toifasida Nilufar Tojimurodova (Namangan), 56 kilogramm vazn toifasida Masʼuma Rahmatqulova (Surxondaryo) singari yosh sportchilar barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, faxrli birinchi oʻrinlarni egalladi.
Kuchli uchlikdan joy olgan sportchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.