Suhbat chogʻida tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi.
Jumladan:
- AESni energetika tizimiga integratsiya qilish;
- Jismoniy muhofaza tizimini yaratish;
- Ishlatilgan yadro yoqilgʻisi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash;
- Loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik bilan muloqot qilish masalalari yuzasidan tajriba almashildi.
Oʻzbekiston tomoni AES qurish loyihasi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Belarus tomoni esa AES qurilishida zarur infratuzilmani qanday tashkil etgani, vahta shaharchasini barpo etish, stansiya xodimlari uchun maxsus shahar qurish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Azim Ahmadxojayev, “Oʻzatom” agentligi direktori:
«Biz Belarus tajribasini imkoniyatdan kelib chiqib maksimal darajada oʻrganmoqdamiz. Belorus kompaniyalari loyihada faol ishtirok etayotgani, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, milliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish kabi jihatlar bizni juda qiziqtiradi. Bu tajriba Oʻzbekistonda atom energetikasini qoʻllab-quvvatlovchi sanoat bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi».
Belarus Respublikasi energetika vazirining taʼkidlashichaBelarusda 2023-yilda quvvati 2400 megavatt boʻlgan birinchi AES faoliyati boshlangan. Mamlakatda isteʼmol qilinayotgan elektr energiyasining taxminan 40 foizi shu stansiya hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu loyihada oʻzini namoyon etgan belorus kompaniyalari hozirda “Rosatom”ning xalqaro loyihalarida ham faol ishtirok etmoqda.
«Ishonchim komilki, Belarus mutaxassislari Oʻzbekistondagi AES qurilishida ham ishtirok etishlari mumkin», — deydi Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Moroz.
Delegatsiya “Belenergo” Davlat ishlab chiqarish birlashmasining markaziy dispetcherlik xizmati faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu markaz Belarusdagi barcha elektr stansiyalari, podstansiyalar va energetik tizimlarning faoliyatini doimiy nazorat ostida ushlab turadi.
Tashrif doirasida Belarus AESi, BelAES oʻquv-mashgʻulot markaziga tashrif, ikki tomonlama muzokaralar va amaliy maslahatlashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.








