“Sizdan boshqasi hal qilolmaydi!”
Ayollar yigʻinida oʻtirgandi. Notanish raqamdan qoʻl telefoniga qoʻngʻiroq boʻldi. Avvaliga bandligi sabab javob bermadi. Biroq takror-takror qoʻngʻiroq boʻlavergach, javob tugmasini bosdi. Qoʻshni qishloq oqsoqoli ekan. Ellikdan oshgan er-xotin janjallashib qolibdi. Ikkalasi ham ajrashamiz deb turib olganmish. “Sizdan boshqasi bu muammoni hal qilolmaydi”, dedi xavotirli ovoz egasi.
Hoji ona yoqasini ushladi. Yoshlarni-ku tushunish mumkin, hali gʻoʻr boʻladi. Nevarali odamlarga nima boʻlgan-a? Onaxon maʼrakadan turasolib, muammoli xonadonga bordi. Koʻrpachaning bir chetida omonat oʻtirib, oʻzining kechmishini, yoshlikdagi qiyinchiliklarni gapirib berdi.
— Orangizdagi masalani jahl bilan emas, aql koʻzi bilan qarab hal etish kerak. Quda-andalisiz. Odamlar gap-soʻzidan, Yaratganning dargohida borganingizda, unga nima deb javob berishdan qoʻrqsangiz, kech boʻlmasidan tafakkur qiling, — dedi mehmon gapini yakunlab. Bu soʻzlardan soʻng uy egasi xatosini tushunib, kechirim soʻradi. Ayol choy damlagani oshxonaga shoshdi...
Er-xotinni yarashtirgan inson — Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi aʼzosi, “Shopoʻlat” MFY “Buvijonlar maktabi” rahbari Toʻxtatosh Turdiyeva edi.
«Uyingizning darvozasi yoʻgʻ-u...»
Onaxon 25-30 yil avvalgi kunlarni eslab, fikr yuritadi. Bugungi kunlarga shukr qiladi. Toʻgʻrisi, oʻsha kezlar oila moddiy yetishmovchiliklardan qiynalgan. Er-xotinning topish-tutishi havas qilgulik boʻlmagan. Bolalar voyaga yetgani sayin xavotir ortar, ularni oʻqitish, uyli-joyli qilish tashvishi boʻy koʻrsatardi. Normamat aka ishlagani xorijga ketishga majbur boʻlgan.
— Uyingizning darvozasi yoʻgʻ-u, tagʻin oʻgʻil-qizlarni oʻqitamiz, deysiz-a, Toʻxtatosh? Qaysi pulingizga oʻqitasiz? Undan koʻra bolalaringizni koʻchaga chiqaring, pul topishsin, — deya zaharxanda kulgandi qoʻshni ayol.
Yillar oʻtdi. Onaxonning niyati xolis ekan. Halol mehnat ortidan oila hammasiga erishdi. Uyi ham, mulki ham bor. Bolalari oliy maʼlumotli. Bugun koʻpning havasini keltiradigan namunali oilalardan biriga aylangan. Oʻsha qoʻshni ayolning voyaga yetgan farzandlari pul toparmon boʻldi, biroq oqibatni, ota-onaga mehrni unutdi...
Yubiley oʻrniga sunnat toʻyi
— Bundan 100-150-yil muqaddam jadid bobolarimiz isrofgarchilikning oldini olishga chaqirgan. Mana, oradan shuncha vaqt oʻtibdiki, bu mavzu oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Hali ham vatandoshlarimiz orasida kimoʻzarga musobaqalashayotganlar bor. Bu maʼnaviyatsizlik kitob, gazeta oʻqimaslikning oqibati. Biz, buvijonlar shu masalada yakdil ishlayapmiz. Toʻy-marosimlarni ixchamlashtirish, isrofning oldini olish boʻyicha qilayotgan ishlarimiz natija beryapti, — deydi Toʻxtatosh Turdiyeva.
Farzandlari oʻzaro maslahatlashib, onaxonning yubileyini oʻtkazmoqchi boʻldi. U eʼtiroz bildirdi. “Rozi boʻlsalaringiz, shu mablagʻni savob ishga sarflasak. Masalan, bolalar uyidagi goʻdaklarning koʻnglini olishimiz mumkin”, dedi. Farzandlari “Onajon, siz nima desangiz shu”, deb javob berdi. Ezgu ishga yeng shimargan ayolning qarorini eshitgan tuman hokimi hamma uchun maqbul taklif berdi: “Tumanda ehtiyojmand oilalar bor. Shularning qorakoʻzlari uchun sunnat toʻyi qilib bersangiz, durust boʻlardi”. Bu taklif opaga ham yoqdi va 11 bolaning xatna toʻyini oʻtkazib berdi.
Yoshlar uchun kutubxona
Toʻxtatosh Turdiyeva oʻrta maʼlumot bilan 36 yil davlat tashkilotlarida ishladi. Oʻsha paytdagi sharoit uning oliy maʼlumot olishiga monelik qilgan. Shunga qaramay, tirishqoqligi sabab borgan jamoasida “koʻkardi”. Odamlar mehrini qozondi. Sabzavotchilik va uzumchilik xoʻjalik rahbarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, kasaba uyushma qoʻmitasi raisi, qishloq xoʻjaligi hamda chorva boʻlimlari boshligʻi lavozimlarida xizmat qildi. Turmush oʻrtogʻi ham shu yerdagi zavodda taʼminotchi ekspeditorlikdan pensiyaga kuzatilgan. Biri 72, ikkinchisi 68 yoshni qarshi olgan nuroniylarning 5 farzanddan 6 nevarasi bor.
Onaxon 1999-yilda fermer xoʻjaligi tashkil etdi. Gʻalla yetishtiradi va har yili bir gektardan kamida 60 sentnerdan hosil oladi. Dalasida boʻsh joyning oʻzi yoʻq: turfa gullar, shifobaxsh giyohlar va sabzavotlar ekadi. Takroriy ekinlardan gulkaram, piyoz, kartoshka, loviya ekib, daromad qiladi. Shiyponi shundoqqina tut plantatsiyasi etagida joylashgan. Har yili kamida 10 quti ipak qurti boqiladi.
Bugun fermer xoʻjaligi koʻp tarmoqli va unda mahallaning koʻplab yoshlari ish bilan band qilingan. Oʻsha yerdagi madaniyat saroyida onaxon yoshlar uchun 10 ming kitob fondini oʻzida mujassam etgan kutubxona ochib berdi. Mazkur dargohning oʻz yoʻqlovchilari bor.
Muammo mahalladan tashqariga chiqmaydi
Shopoʻlat koʻhna qishloq. Markaziy davlat arxividagi va tarixchi Muhammad ibn Arab Qatagʻon yozib qoldirgan manbalarda keltirilishicha, qishloq nomi Muhammad Shayboniyning nevarasi Shoh Foʻlod ismidan kelib chiqqan. Bu xonzoda oʻz davrida Samarqandda koʻplab imoratlar qurdirgan, bogʻlar barpo etgan.
Mahallada bugun 3150 fuqaro yashamoqda. Ularning 1670 nafari xotin-qizlar, 900 dan oshigʻi yoshlar. Mahalla drayveri — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish. Aksariyat xonadonlar tomorqasidan unumli foydalanib, daromad topadi.
— Toyloq tumanida ellikta mahalla bor. Ulardagi muammolarni hal etishda ziyoli nuroniylarning tajribasidan foydalanish samara berayotir. Xususan, Norchuchuk Rahmonova, Xosiyat Ravshanova, Dilbar Barnoyeva, Raʼno Abdukarimova, Narzitosh Ashurova hamda Toʻxtatosh Turdiyeva singari jamoatchilik aʼzolari, buvijonlar boshqalarga namuna boʻlmoqda. Ularning saʼy-harakati bilan mahalla ayollari sayohat va ziyoratlarga jalb etilyapti. Oilaviy ajrashishlarning oldini olish, tarbiyasi ogʻir bolalar bilan ishlash, bandlik masalalarini hal etish, kam taʼminlangan oilalar farzandlarining shartnoma pulini toʻlash, tadbirkorlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishda ham aytishga arzigulik ishlarni bajarmoqda, — deydi tuman “Buvijonlar maktabi” rahbari Oʻgʻiloy Yoʻldosheva.
Oʻgʻiloy opaning qoʻshimcha qilishicha, shopoʻlatliklar bir-biri bilan inoq. Aksariyat hollarda muammoni oʻzaro hal qiladi. Boshqa hududlar bilan muqoyasa etilsa, bu yerda ajralish va ishsizlik kamroq. Oʻtgan yili nizoli 12 ta oila yarashtirilgan, ish soʻrab murojaat qilgan 10 yigit-qizning bandligi taʼminlangan.
Xalqimizda “Besh barmoq yigʻilsa, musht boʻlar” degan gap bor. “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda qilinayotgan ishlar hammani bir mushtga aylantirgan.
Bugun qahramonimiz xonadonidan mehmon arimaydi. Yoʻqlab kelguvchilarning aksariyati opadan yaxshilik koʻrgan, u bilan opa-singil tutingan. U kimningdir oilaviy nizosini hal etgan, kimningdir baxt qulfini ochgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, mahalladagilar uni “amma ona” deb chaqiradi. Mahallalarda ana shunday “amma ona”lar qancha koʻp boʻlsa, muammolarimiz shuncha kamayadi.
Hamzabek TURDIYEV,
jurnalist