Mamlakatimizda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning dasturiy ishlanmalari, innovatsion g'oyalarini qo'llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Opa-singillarimizning ilm olishi, ularni kasb-hunarga o'qitish hamda bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish ustuvor yo'nalishlardan biriga aylandi.
Yaqin-yaqingacha jamiyatimizda “o'qigan qiz shahar olib berarmidi, qizlar o'qishni emas, turmushga chiqishni o'ylashi kerak” mazmunidagi yanglish fikrlar tez-tez uchrab turardi. Bugun bu qarashlar eskirdi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi o'zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar yuzaga kelyapti, odamlarimizda xotin-qizlarning ta'lim olishi borasida yangi qadriyatlar shakllandi.
Biz Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish sari dadil qadamlar qo'yyapmiz. Yangi Uyg'onish davri, avvalo, ilm-fan taraqqiyotiga, milliy ma'naviyat mustahkamligiga bog'liq. Bu o'tkir haqiqatni chuqur his qilgan holda xotin-qizlarning ta'limi olishi va ilm-fan bilan shug'ullanishi uchun davlatimiz tomonidan kafolatlar hamda imtiyozlar paketi joriy etilgani, yangi imkoniyatlar yaratib berilayotganiga to'xtalish lozim bo'ladi.
Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo'llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo'yicha milliy dastur hamda bu dasturni 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangandi.
Mazkur hujjatlar to'plami bilan xotin-qizlar ta'limi, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug'ullanishi uchun qator yangiliklar joriy etildi.
O'qish va uqishning erta-kechi yo'q
Buyuk davlat arbobi Indira Gandining bunday gapi bor: “Bitta qiz bolani o'qitsangiz, butun oilani o'qitgan bo'lasiz”. Bu so'zlar bejiz aytilmagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini, albatta, hammamiz yaxshi bilamiz.
Qizlarning ilmli bo'lishini rag'batlantirish uzoqni ko'zlab bosilgan muhim qadamdir. Bugungi talaba qiz ertangi kunda o'z sohasining etuk mutaxassisi bo'lishi bilan birga, ilmli, intellektual salohiyatli, keng dunyoqarashga ega farzandni tarbiyalaydigan ona ham bo'ladi. Ma'rifatli ayol o'z sohasida ham, oilada ham kelajakka daxldor to'g'ri qaror qabul qilinishiga munosib hissa qo'shadi.
Hozirgi kunda yurtimiz oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 milliondan oshib, shundan xotin-qizlar ulushi 47,8 foizni tashkil etgani va yildan yilga o'sib borayotgani quvonarli. 2022/2023-o'quv yilida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan jami talabalarning 49,3 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko'rsatkich 2017-yilda 37,9 foiz, 2018 yilda esa 39,6 foiz bo'lgan.
Shu o'rinda savol tug'iladi. Bugun talaba qizlar orasida qaysi sohaga qiziqish kuchli? Yaqin kelajakda qay bir sohada tajribali opa-singillarimiz ulushi nisbatan ko'proq bo'lishini ayrim raqamlarga qarab taxmin qilsak bo'ladi. 2021/2022-o'quv yilida talaba qizlar ulushi gumanitar sohada 64,3 foiz, sog'liqni saqlash va ijtimoiy ta'minotda 47,9 foiz, xizmat ko'rsatish sohasida 34,2 foiz, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sohada 15,9 foiz, qishloq va suv xo'jaligida 13 foiz hamda ishlab chiqarish-texnika sohasida 8,8 foizga etgan.
Hayot turli sinovlardan iborat. Opa-singillarimizning hammasi ham o'z vaqtida oliy ma'lumotli bo'lmasligi yoki o'zi istagan ta'lim muassasasiga o'qishga kira olmasligi mumkin. Taqdir taqozosi bilan oliy ma'lumotga ega bo'lmasa-da, o'zi qiziqqan sohada muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarimiz ko'pchilikni tashkil qiladi.
Bir vaqtlar oliy ma'lumotli ekanini tasdiqlovchi hujjati bo'lmagani sababli tajribali, bilim va malakali ayol xodimlarni ishdan chetlashtirish holatlari tez-tez kuzatilardi. endi bu muammoning echimi topilgan. Mutaxassisligi bo'yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, biroq oliy ma'lumoti bo'lmagan opa-singillarimiz Oila va xotin-qizlar qo'mitasining tavsiyanomasiga asosan davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga ko'ra, to'lov kontrakt asosida o'qishga qabul qilinmoqda. 2022/2023-o'quv yilida bu imkoniyatdan 500 dan ziyod xotin-qiz foydalandi.
Yangi O'zbekiston xotin-qizlari ham ilmda, ham jamiyatda etakchi
Har yili mamlakatimizda 11-fevral kuni ilm-fan sohasida xotin-qizlarning o'rni va ahamiyatiga bag'ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, tadbirlar o'tkazilishi zamirida ramziy ma'no bor. Yurtimizda ilmiy faoliyat bilan shug'ullanuvchi xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab quvvatlash, ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ilmiy maktablar yaratishga qaratilgan kompleks choralar ko'rildi, bu boradagi milliy qonunchilik zamon talablari asosida takomillashtirildi. Xususan, 2019-yilda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi oliy o'quv yurti tahsilidan keyingi ta'lim tizimini takomillashtirishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.
Ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimiz taraqqiyotini ta'minlashda, xususan, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishda ulkan omil bo'lmoqda.
Natijada bugungi kunda Fanlar akademiyasi tizimida ishlayotgan 4760 xizmatchining 40 fozini, ya'ni 1905 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Yurtimizda ilmiy izlanishlar bilan mashg'ul 2146 tadqiqotchidan 695 nafari ham ayollardir.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston xotin-qizlarining 7 nafari akademik, 271 nafari fan doktori (DSc), 1411 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi sohibi hisoblanadi. O'zbek olimalari kimyo, biotexnologiya, qishloq xo'jaligi kabi sohalarda, ayniqsa, faol izlanmoqda. Ta'lim, sog'liqni saqlash, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivojida xotin-qizlarimizning ishtiroki salmoqli o'rin tutadi.
Iqtidorli va iste'dodli xotin-qizlar, ayollar va yosh olimalarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish maqsadida “Bo'lajak olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovi o'tkazildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2022-yilda mazkur tanlovni tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan 10 milliard so'm ajratildi. e'lon natijalariga ko'ra, xotin-qizlarning 168 ta startap loyiha bo'yicha takliflari qabul qilindi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi qaroriga muvofiq texnik ekspertiza o'tkazilib, 23 ta loyiha keyingi bosqichga yo'naltirildi.
Tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanloviga 2022-yilda jami 784 olima ayol tomonidan ilmiy loyihalar kelib tushgan, 196 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgan.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda ilmli, bilimli ayollarimiz qancha ko'p bo'lsa, qanchalik ularni qo'llab-quvvatlasak, ilm-fanimiz shunchalik rivojlanib borishi muqarrar.
Gulshana XUDOYOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati