Sarin shabbodalar hur-hur keza boshlagan iforli damlar Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tavallud topgan kun bilan chambarchas bogʻlanganligi ham Yaratganning bir inoyatidir balki... Havolar tozarib koʻngillar baytu oʻlan sari oshiqqan koʻklam pallasida nafaqat vafo va sadoqat kuychisi, balki jamiyat poʻrtanalariga “yelka tutgan” jasoratli qalb egasi sharafiga musharraf boʻlgan shoiramizning aziz xotirasini qoʻmsadik. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, sevimli shoiramiz Qutlibeka Rahimboyeva bilan oʻtgan asrning eng mashhur ayollaridan biri – Zulfiya Isroilova yaratgan oʻziga xos ruhiyat poydevori, taniqli jamoat arbobining qatʼiy mezonlari haqida suhbatlashdik.
– Koʻngul jon birla bordi hamrohing, men dard ila turdum.
Senga jon birla koʻnglumni, seni Tangriga topshirdim.
Navoiyshunos olima Suyima Gʻaniyeva: “Uchrashuvlardan birida Zulfiyaxonim oʻz yozuvlarida ushbu misralar yozilgan qogʻozni qoʻlimga tutqazgan”, deya eslaydi. Qutlibeka opa, suhbatimiz avvalida ustoz shoiramizning mumtoz adabiyotga boʻlgan mehru eʼtibori haqida gaplashsak...
– Zulfiya opam umrlari davomida juda katta davralarda yurganlar. Faqat yurtimizning emas, qardosh respublikalar, boz ustiga, juda koʻp xorijiy davlatlarning olimlari, shoirlari, siyosatdonlari bilan yuzma–yuz suhbatlar qurganlar. Opaning gʻururlari juda baland edi. Qaysidir davrada adabiyot, tarix borasidagi bahslarda kimgadir yengilishni shoira, noshir sifatida koʻngillari koʻtarmasdi, oʻzlariga ep bilmasdilar. Albatta, mumtoz adabiyot, umuman, Sharqu Gʻarb adabiyotini, oʻzimizning, qolaversa, dunyo tarixlarini oʻqishlariga shu sohaga qiziqishlari ham sabab boʻlganligi, shubhasiz. Lekin davralarda tenglar ichra teng turish uchun ham ustozimiz koʻp oʻqigan boʻlishlari kerak. U kishi mumtoz adabiyotimizni yaxshi bilardilar, deya ishonch bilan aytishimga bir necha sabab koʻraman. Birinchidan, opa qoʻlyozmalarini eski yozuvda yozardilar. Sheʼrlar ham , publitsistika, oddiy qoralamalar ham avval eski yozuvda yozilib, soʻng kirillga koʻchirilardi. Baʼzan:
– Kirillda ham yaxshi yozasiz-u, ikki ish qilmay shu yozuvda yozib qoʻya qolsangiz boʻlmaydimi? – desam, Menga eski yozuv qulayroq, shu yozuvda yozsam, tez fikrlayman, xayolim sochilmaydi, – der edilar.
Yozuvdaki fikrlari sochilmasa, bu yozuvda bitilgan asarlarni maza qilib oʻqigan boʻlsalar kerak. Qolaversa, opa Suyima Gʻaniyeva, Fozila Sulaymonova, Sabohat Azimjonova kabi oʻta bilimdon ayollar bilan yaqin edilar. Agar oʻzlari ham mumtoz adabiyotni koʻngildagidek bilmasa, bu olimalar bilan yaqin boʻlishlari mumkin emasdi. Bir-birovlari uchun zerikarli suhbatdosh boʻlishdan nima nafʼ? Bu ayollar “aytdi-dedi” qiladigan odamlar sirasidan boʻlmasa... Zulfiya opamning-ku gʻiybatga umuman toqatlari yoʻq edi. Birovni chaynab ogʻizlarini kirlatib oʻtirmasdilar. Ustozning ijodi bilan yaxshi tanish boʻlgan kitobxonlar ularning Jahon otin Uvaysiy gʻazaliga bogʻlagan “Koʻngil togʻ oʻldi, togʻ oʻldi” muxammasini bilishadi. Opaning “Uni Farhod der edilar”( Garchi bu doston sanʼatkorga bagʻishlangan boʻlsa-da) asari ham bor. Agar “Xamsa”ni, Farhod obrazini yaxshi bilmaganlarida bu ismni sarlavhaga chiqarmasdilar.
– Bir kuni Zulfiyaxonimdan shogirdlari, “Nega boshqalar kabi turmush oʻrtogʻingiz haqida koʻproq xotiralaringizni yozib qoldirishga harakat qilmaysiz?” deb soʻrashganida ular jilmayib, “Ular manim, yolgʻiz oʻzimning boyligim, xotiralarimdir. Bu haqda boshqalarga gapirishga hayo qilaman”, degan ekanlar. Shoiraning sharqona latofati, yuzlaridagi ibosi, oʻziga xos prinsiplari, yaʼni hayot mezonlari haqida hali hech kimga aytmagan xotiralaringiz bormi?
– Siz aytgan fikrni shoira Muhtarama Ulugʻova ustozimiz haqida yozgan “Muhabbat saroyida mangu qolganlar” kitobida keltirgan. Demak ularning oralarida shunday suhbat boʻlgan. Lekin yana bir haqiqat borki, Zulfiya opam “Mening Oybegim”, “Chorak asr hamnafas” kitoblari haqida doim hurmat , havas bilan gapirardilar. “Men ham Hamid Olimjon haqida shunday bir kitob yozishga burchliman”, mazmunida gapirganlari esimda. Aynan shunday demagan boʻlishlari mumkin. Lekin bevaqt halok boʻlgan turmush oʻrtoqlari , qolaversa, oʻzlariga ustoz deb bilgan insonlari, nihoyatda murakkab bir davrda rahbarlik lavozimlarida ishlagan shaxs haqida asar yozishni orzu qilganlari rost. Hatto sakson yoshlari arafasida Hamid Olimjonga bagʻishlagan doston ham yoza boshlagan edilar. Menga bu dostonning hali yozuvga tushmagan mazmunini soʻzlab bergan edilar. “Boshdan oxirigacha xayoliy suhbat boʻladi, eng soʻngida shoirni oʻzining haykali qoshiga boshlab kelaman”, degan edilar. Ozgina qoralamalari oddiy ish daftariga yozilgan edi. Men keyinchalik bu haqida Oydin opamga aytganman. Ular Hulkar opamdan bu haqda soʻraganlarida: “Bunday asar yoʻq ayamning qoʻlyozmalari ichida, – degan ekanlar.
Zulfiya opamning bir odatlari bor edi: agar yozganlaridan koʻngli toʻlmasa , boshdan boshlamoqchi boʻlsa, avvalgilarini asrab oʻtirmasdi, yirtib tashlardilar. Balki, bu dostonning ham taqdiri shunday boʻlgandir. Yana bilmadim, qoʻlyozmada Hamid Olimjonning ismi boʻlsa... yirtganlariga ham ishongim kelmaydi. Chunki opa shoirning oʻzi, ismigagina emas, u tugʻilgan yurtgayam sadoqat saqlardilar. Umrlarining oxirigacha oʻzlarini Jizzaxning kelini hisobladilar. Jizzaxdan, Hamid Olimjonning qarindoshlaridan biror yigʻinga xabar kelsa, oʻzlari bora olmagan joyga, hech yoʻq qizlari yo oʻgʻillarini yuborar edilar. Agar Hamid Olimjon haqida asar yozishga ulgura olmagan boʻlsalar, bu kitob uchun material yetishmaganligi yo mahorat masalasi bilan bogʻliq emas, shunchaki Zulfiya opamning haddan tashqari band boʻlganligi bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Bosh muharrirlik, deputatlik, jamoat ishlari...Savoldan sal chalgʻidim, shekilli. Aslida Siz savolni boshqacha qoʻygansiz. Opadagi sharqona fazilatlar bilan bogʻliq hech kim bilmagan xotiralarimni soʻrabsiz. Men vaziyat taqozosi bilan ustozning uylarida ham yashaganman. Ammo u kishini biror marta tungi kiyimda koʻrmaganman. Sochlarini yuvadigan vaqtlarda ularning istagi bilan ijara uyimga ketardim. Botiniy hayolari juda kuchli edi. Yigirma yillar davomida ustozning atrofida yurgan boʻlsam biror marta aql, andisha doirasidan tashqaridagi gaplarini eshitmaganman. Hatto, bir sabab bilan mendan ranjib qolib, bir muddat tanaffusdan soʻng uchrashganimizda, men ularni ranjitish sababimni izohlashni boshlaganimda stolga krest ( man qilish belgisi)ni chizganlar, hatto “Bu haqida boshqa gapirishmaymiz”, ham degilari kelmagan. Buni ranjish bilan bogʻliq sababni eslab, oʻsha yoqimsiz kayfiyatga qaytishni istamaslik ham deb tushunish mumkin. Sharqning baland koʻngilli ayollariga xos ulugʻvorlik, deya izohlasa ham boʻladi. Nima boʻlganda ham shu holatda bir yurakni titratib yuboradigan zariflik bor edi. Va men buni hech qachon unutmadim. Shoira oʻz davrida juda katta imkoniyatlar maydonida yashaganlar. Rosti, koʻp narsaga haddilari bor boʻlgan. Lekin hech qachon “oʻzbek ayoli”, “shoira boʻlgan oʻzbek ayoli” degan chiroyli bir chegaradan chiqib ketmaganlar. Zulfiya opa “Saodat “jurnaliga olib keladigan yoʻlakdan koʻrinsa, yoʻlning bu boshida turgan salobatli erkaklar ham chekib turgan sigaretini shosha–pisha axlat qutisiga tashlar, yoqa–yengini toʻgʻrilashar edi. Holbuki, opa birovga baland ovoz bilan tanbeh bermas, hatto, xoxolab kulmasdilar ham. Bahor avvallaridan kech kuzlargacha Doʻrmonda–dala hovlilarida yashardik. Bilasiz, atrof dov-daraxtli, xushhavo joy. Ammo faqat shomdan keyingina aylangani chiqardik. Chunki kunduzi baʼzi yozuvchilarimiz zamonaviy yoz kiyimida yurishardi. “Ular xijolat boʻlishmasin”, derdilar. Mana shu gapning oʻzidanoq oʻzbekona nafas kelib turmayaptimi...
– Zulfiyaxonimning atrofi hamisha yosh ijodkorlar bilan gavjum boʻlgan, deyishadi. Shogirdsevar ustoz boʻlishlarining sababi nimada deb oʻylaysiz?
– Opa, “Men hech qachon hech kimni shogirdim, deb ayta olmayman, ularning oʻzlari meni “ustoz”, desa boshqa gap”, der edilar. Darhaqiqat, shoira juda koʻp yoshlarni qanotiga olganlar. Ular orasida faqat shoiralar emas, bastakorlar, olimlar ham bor edi. Shogirdsevarliklarining asosida faqat bitta sabab koʻraman: isteʼdodlarga yoʻl ochish, ularga kengroq maydonlarga chiqishga yordam berish...Ustoz bizga, bizning tengdoshlarimizga faqat “Oq yoʻl” beribgina qolmas, qoʻllash imkoni boʻlgan joylarning hammasida qoʻllardi. Kimgadir uyushmaga kirish uchun tavsiyanoma bergan, kimgadir uyli boʻlishga yordam bergan, kimningdir kitobining chiqishi uchun nashriyot bilan gapirishgan... Lekin bizdan ularga hayotligida biror manfaat boʻlgan, deb oʻylamayman. Toʻgʻrisi, kulli tashvish boʻlgan boʻlsak kerak. Chunki ular oʻzlarini faqat isteʼdodimiz uchun emas, hayotimiz, turmushimiz uchun ham javobgar deb bilardilar. Bilasiz, ijod ahlining hayoti silliq kechmaydi, gap–soʻzlarning ichida boʻlamiz. Baʼzan bizga aytilishi kerak boʻlgan “shirin” gaplarni u kishi bizdan avval eshitgan boʻlishlari kerak. Harna boʻlgandayam, shogirdlarini himoya qilardilar. Oʻsha paytlarda Opaning bizga mehrini oddiy, shunday boʻlishi kerakday qabul qilganmiz. Vaqtlar oʻtib bildimki, ustozlik oson ish emas ekan. Men bir muddat “Gulchehralar” gazetasi qoshida toʻgarak ochib, ikki haftada bir kun mashgʻulotlar oʻtdim. Toʻgʻrisini aytib qoʻya qolay, mehnatiga chidamadim. Yaroqli, yaroqsiz tizmalarni oʻqish, tuzatish, maslahatlar berish, nashrlarga tavsiya qilish... Boshlarim gʻovlab ketdi-da, voz kechib qoʻya qoldim. Shundan buyon faqat oldimga kelganlariga qoʻlimdan kelgan yordamimni berib yuraman va har gal shoiramizni ustozlik mashaqqatlariga bardosh berganlari uchun duo qilaman. Xotiralar yozyapmiz, gapiryapmiz, filmlar yaratildi. Sadoqatli shogirdlari Muhtarama kitob yozdi (bundan ruhlari juda shod boʻlgan boʻlsa kerak, chunki bu shoiraning oʻzi bilan ketgan armonlarining ushalgani-da), lekin baribir, u kishining oldida qarzlarimiz koʻp.
– Ulugʻ ustozlarning “oq yoʻl”iga sazovor boʻlish baxt. Lekin bu eʼtirofning masʼuliyati ham katta boʻladi.
– Shoiraga sheʼrlarimni ilk bor 1976-yil avgust oyida koʻrsatganman. “Menga sheʼrlaringdagi ijtimoiy ruh yoqdi, aksariyat qizlarimiz muhabbat mavzulari atrofida oʻralashib qolishadi, shu yoʻnalishda mahkam tur”, dedilar. Va shu yilning noyabr oyida bir turkum sheʼrlarim Opaning “Oq yoʻl”i bilan “Saodat “ jurnalida chop etildi. Keyinchalik ustoz mening sheʼrlarim haqida “Jurʼatli qizgʻaldoq” sarlavhali maqola yozdilar. Bu maqola shoiraning “Saylanma” asarlarining 3–tomida nashr qilingan. Bu maqolani bir yaxshi kitob qilsam soʻzboshi sifatida beraman, nasib qilsa. Boshqalarni bilmadim-ku, menga sheʼriyat borasida ham, turmush borasida ham munosabatlarini aytganlar.
– “Zulfiya isteʼdodi oʻz davrida umum mamlakat adabiyotida alohida hodisa boʻlgan”, deya taʼkidlagan Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov. Chindan ham Tarixiy qismat Sharq ayolining ovozini jahon minbariga olib chiqish sharafi va zahmatini Zulfiya Isroilova zimmasiga qoʻydi. Bu masʼuliyat uning ijod ufqini va hayot tarzini belgiladi, taniqli jamoat arbobi sifatidagi, tinchlik va xalqlar doʻstligining jarchisi sifatidagi oʻrnini taʼminladi. “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush” sheʼri dunyoning qaysi tiliga tarjima qilingan boʻlsa, oʻsha tilda soʻzlagan onalarning nidosi boʻldi, “Mushoira” esa Osiyo va Afrika yozuvchilari birdamlik harakatining madhiyasidek jarangladi. Oʻsha davr va muhitni yorib shunday vazifani bajarish Zulfiyaxonim uchun qanchalar qiyin boʻlgan? Siz nima deb oʻylaysiz, qismat bu vazifaga nima uchun uni tanladi?
– Biz kimgadir qarab qad rostlashga, kimdandir kuch-quvvat olib ilgarilashga oʻrgangan xalqmiz. Shuning uchun hamma davrda ergashadigan, tasalli oladigan ideallarimiz boʻlgan. Bu ideallar uchun tasodifiy odamlar tanlanmagan, loyiq, munosib insonlar tanlangan. Ikkinchi jahon urushi deyarli barcha xonadonlardan qurbonliklar olgan. Kimdir otasi, kimdir akasi, kimdir ukasi, yana birov jufti halollaridan ayrilib, bagʻri huvillab qolgan. Shunday ogʻir kunlarda hayot maydonlarida Zulfiyaxonim “Hijron sheʼrlari” bilan paydo boʻladi. Hamma tasalli–taskinga zor edi. Shoiraning, “Men hayot ekanman, hayotsan sen ham...” satrlarini oʻqib, yerbagʻirlab yotgan qancha hijronzadalar tikka boʻldi ekan... Ustozning oʻz gʻami xalq qaygʻusiga qoʻshilib ketgan, taskin, tasallilar ham ulkanlik kasb etgan. Nazarimda, Zulfiya opaning oʻzbek ayoli timsoli boʻlib yashashi oʻsha lahzalardan boshlangan. Ustoz 1950-yillardan boshlab yelkalariga juda katta ijtimoiy yukni olganlar. Osiyo, Afrika minbarlari Zulfiyaxonim qiyofasida oqila, chiroyli, jarangdor sheʼrlari, diltortar gaplari bilan ommaning diqqatini oʻziga torta oladigan, ommani ishontira oladigan oʻzbek ayolini koʻrganlar va sevib qolganlar. Yana ham tushunarliroq ifoda etsam, tarixning oʻsha yillardagi sahifasida “oʻzbek ayoli” degan nomni bor koʻrki sharafi bilan shoira saqlab qolishga erishgan. Bu vazifani bajarish ustozga oson boʻlgan, deb oʻylamayman. Toʻgʻri, bu yillar haqida gap ketganida “Hindistonga bordi, Shri-Lankaga bordi, Javoharlaʼl Neru, Nilufar mukofotini oldi”, deb osongina sanab oʻtamiz. “Zulfiyaxonim oʻzi tiynati toza, pokiza, bilimdon, sabr-bardoshli ayol edi, unga bunday nufuzli martabada yurish hech qanday qiyinchilik tugʻdirmadi”, degan fikrlar aytiladi. Hammasi toʻgʻri. Lekin bir millat ayoli timsolida yashash uchun inson hamisha oʻzini oʻzi nazorat qilishi shart, hamisha aqliga quloq solishi, yashayotgan umrining barcha soniyalarida taqdir unga belgilab bergan chegaradan chiqmasligi kerak. Axir, u kishi shoir edi-ku. Shoirning koʻpirib, toshgan lahzalari boʻlmaydimi? Ular ham tirik jon, nimadandir norozi boʻlgan boʻlishlari, nimadandir isyonga kelgan boʻlishlari mumkin-ku! Axir , bekorga umrlari poyonida yozgan “Xotiram siniqlari “dostonida “ Kuyganman. Bosh-oyoq kuyuk jismimning Nimasin yoqardi doʻzax oʻtlari...” demagandirlar... Mana shular haqida oʻylaganimda Omon Matjonning “ Chekinganda men faqat chekindim yurakkacha..” degan satrlarini eslayman. Aslida savolingizga “Qismat munosibligi uchun tanladi”, deb qisqa javob berib qoʻysam ham boʻlardi-yu , bir toʻkilgim keldi-da...
– Zulfiyaxonim Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognesvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Suhbatlaringizdan birida opaning oʻziga xos soʻz tanlash va ishlatish qoidalari borligi haqida aytib oʻtgan edingiz...
– Ha, shoira juda koʻp yaxshi asarlarni tarjima qilganlar.Oʻzlari Nekrasovning “Rus ayollari”, Mustay Karimning “Oy tutilgan tunda” dramasining tarjimalarini juda yaxshi koʻrar edilar. “Ikkovi ham zoʻr asar, Dekabristlarning xotinlari haqidagi poemani qirq daraja isitmada yotib tarjima qilganman, kunu tunlarim aralashib ketgan”, degan edilar ustoz bir suhbatlashganimizda.Shoiraning aksariyat tarjimalari ermak yo biror sana munosabati bilan zaruratdan qilingan narsalar emas, aksincha, ijodini toʻldiradigan asarlardir. Ha, shoiraning oʻziga xos stilistikasi , oʻziga xos soʻz tanlash uslubi bor. Adabiyotshunoslar : “Sheʼriyatning oʻz soʻzi bor, bu nasr soʻzi, gazet tili”, degan fikrlarni aytishadi. Zulfiya opada shunday soʻzlar borki, alohida olganda qishloq xoʻjaligining yoki kasb –hunarning soʻzlariga oʻxshaydi. Shoira ularni sheʼrlariga ustalik bilan kiritadiki , oqibatda ular sheʼr soʻzlariga aylanib qoladi.
Otam boshi misol oq togʻdan
Otqin suvdan olaman qudrat.
Bu kun kanalga zor tuproqdan
Tashnalikni olaman pudrat.
Bu satrlardagi “ pudrat” soʻziga eʼtibor qarataylik.
Pona misol yorib taqdiring
Men uyingga kirmayman zinhor...
“Pona “ soʻzining oʻrniga tushganiga qarang
Shoira soʻzlarni turli shakllarga solib ishlatib yuboraveradi. “Bunday emas edi-ku”, deb hadiksirab oʻtirmaydi.
U betakror,
Beteng,
Beodat
Bir umrga kifoya fasl...– deydi shoira muhabbat haqida yozayotib. “Nega hamma yozganiday “tengsiz” demaysiz, deya eʼtiroz bildirmaysiz, bildira olmaysiz. Chunki shu joydagi mazmun va ohangga tushib turibdi.
Yoki boshqa bir sheʼrida:
Yulduzning tuproqqa umtilgan
Yo nurli yoʻlimi? – deydi shabada haqida yozayotib.
“Nega “ intilgan” emas “umtilgan?” deya olmaysiz. Nazarimda , shoiraning soʻz ishlatishda oʻzigagina yarashadigan, oʻzigagina berilgan imtiyozi bordek.
Satrlar keltiraman:
Sen bu tutoq olovdan saqlan...
...Balqir otam izmi, onamdagi dosh...
Bahorga shoshqinsam jannat qilgan duch...
Umuman, Zulfiya opamning poetikasi hali ochilmagan qoʻriq...
Bu qoʻriqqa kirish, uni oʻrganish kerak.
– Qutlibeka opa, aziz xotiralaringizni tinglabkoʻnglimiz yorishdi. Suhbat uchun tashakkur.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi









