Mazkur savolga DSQ Resurslar boʻyicha soliq maʼmuriyatchiligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nodir QODIROV tushuntirib berdi:
- Mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yuridik shaxslarda boʻlgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining soliq solish obyektidir.
Quyidagilar imtiyozlarni hisobga olgan holda soliq bazasi hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha — yer uchastkalarining qonunchilikka muvofiq aniqlangan normativ qiymati; qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha — yer uchastkasining umumiy maydoni hisoblanadi.
Yerlarning qanday ehtiyojlarga moʻljallanganligi va joylashuviga qarab soliq stavkalarining turli miqdorlari belgilangan.
Parrandachilik – bu qishloq xoʻjaligi tarmogʻi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar esa qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun taqdim etilgan yoki mazkur maqsadlarga qaratilgan yerlardir. Ularning tarkibida quyidagi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun zarur boʻlgan:
daraxtzorlar; ichki xoʻjalik yoʻllari; kommunikatsiyalar; oʻrmonlar; yopiq suv havzalari; binolar, imoratlar va inshootlar ajratiladi.
Shuning uchun, kadastr hujjatlariga muvofiq, maʼmuriy bino tagidagi yer maydoni qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar hisoblanadi hamda u maqsadli foydalaniladi, yer soligʻi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun belgilangan qoida boʻyicha hisob-kitob qilinadi.