Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligida serdaromad va istiqbolli tarmoqlardan biri boʻlgan quyonchilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etyapti. Binobarin, bular rivojlanishga poydevor, ilgʻor tashabbuslarga qanot boʻlyapti.
Ilgʻor ishlanmalar, innovatsion gʻoyalar bugungi kun talabi. Energiyatejamkor, ekologik jihatdan bezarar, eng muhimi, yuqori daromadga qaratilgan bu kabi zamonaviy yondashuvlar har bir tarmoq va soha uchun juda zarur. Shu bois, keyingi yillarda Oʻzbekiston quyonchilik xoʻjaliklari assotsiatsiyasi jamoasi ham ushbu yoʻnalishdagi ishlarga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Hech qanday energiya resurslari talab etilmaydi
Assotsiatsiyamiz tashabbusi bilan yaqinda Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanining Qiyqim mahallasida mahalliy hokimlik hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yertoʻlada quyon boqish texnologiyasiga asoslangan innovatsion quyonxona tashkil etish loyihasi ana shunday eʼtibor natijasidir. Mazkur loyihaga koʻra, qurilajak yertoʻla-quyonxona uzunligi besh, eni ikki metr hajmda boʻladi. Maxsus tunukalar bilan yopilib, tomning ichki tomoni mineral vata bilan qoplanadi. Bu tunukaning qizib ketishining oldini oladi. Shuningdek, yertoʻla ichiga maxsus suv idishi, yem va xashak uchun idishlar ham oʻrnatiladi. Xashak idishning maxsus toʻrdan yasalgani uning isrof boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi.
Bitta yertoʻla 26 bosh quyonga moʻljallangan. Dastlabki hisob-kitoblarimizga koʻra, ushbu innovatsion quyonxonamizdan yil davomida 1,5-2 tonnagacha goʻsht olish mumkin. Mazkur qurilma barcha jihoz va quyonlari bilan 33 million soʻmga tushadi. Agar, undan ikki tonna goʻsht yetishtirilishini hamda hozirgi kunda bozorda bir kilogramm quyon tirik vaznda 30 ming soʻmdan sotib olinishini inobatga olsak, bu yomon koʻrsatkich emas. Boshqacha aytganda, mazkur innovatsion quyonxonada yil davomida 120 million soʻmlik quyon goʻshti yetishtiriladi. Shuning 60 million soʻmi xarajatlarga ketsa, 60 million soʻm oilaga sof foyda sifatida qoladi. Yanada aniqrogʻi, oila har oyda mana shu yumush evaziga besh million soʻmdan daromad qiladi.
Eʼtiborlisi, quyon boqishning mazkur usulida energiya resurslaridan umuman foydalanilmaydi. Yaʼni bunda elektr energiyasiga ham, gazga ham ehtiyoj yoʻq. Chunki yertoʻla qishda issiq, yozda salqin boʻladi. Bu quyonlarning yaxshi yetilishi va ulgʻayishi uchun ayni muddaodir. Sababi, quyonlar tabiatda ham yer ostida yashaydi va koʻpayadi. Shu jihatdan olganda, buni aholi bandligini taʼminlash, oilalar daromadlarini koʻpaytirishda eng zarur va kerakli texnologiyalardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shunday qilib, Qoʻshrabot tumanining Qiyqim mahallasida loyihaning dastlabki ishi yoʻlga qoʻyildi. Bu boshlanishi. Binobarin, joriy yilda Samarqand viloyatidagi 300 ta xonadonga mana shunday sharoit qilib, odamlarning bandligi taʼminlash va daromadini oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda, yaʼni loyihani ommalashtirish maqsadida Qiyqim mahallasida oʻquv seminari tashkil etildi. Unda Assotsiatsiyamiz mutaxassislari tomonidan quyonlarni yertoʻlada parvarishlash boʻyicha maʼlumot va tavsiyalar berildi.
Mazkur loyiha doirasida quyonxonalar kredit evaziga qurib beriladi. Quyonlar va ozuqa masalasi ham bizning zimmamizda. Aholi xonadonida koʻpaytirilgan quyonlarni ham oʻzimiz sotib olamiz. Shu maqsadda tumanda markazlashgan kushxona va oʻquv markazi tashkil etiladi. Yem ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Aytish joizki, qishloq joylarda quyonni ushbu usulda koʻpaytirish juda oson. Sababi, har bir xonadonning oʻz tomorqasi bor, ularda quyon ozuqalarini oʻzlari ham yetishtirishlari mumkin. Bu ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.
Butun dunyoda quyonchilik sanoatining goʻsht yoʻnalishida 95-98 foizi Xikol quyon zotidan foydalaniladi. Ushbu quyon zoti bizning iqlim sharoitimizga ham moslashtirilgan. Bu borada hech qanday muammo boʻlishi mumkin emas.
Qarorlar ishimizga unum bagʻishlaydi
Qayd etganimizdek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda innovatsion yondashuv asosida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, bu orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, bunda zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 8-fevraldagi qarori asosida yurtimizda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan dastur tasdiqlangani fikrimiz tasdigʻidir. Zotan, mazkur dasturda chorvachilikka, xususan, quyonchilik rivojiga oid bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Oʻtgan yil maʼlumotlariga koʻra, respublikamizda 7 ming 600 dan ziyod qoramolchilik, 3 ming 200 dan ortiq qoʻy va echkichilik, 140 dan koʻproq yilqichilik, 1 ming 200 ga yaqin parrandachilik, 250 dan ortiq quyonchilik xoʻjaliklari mavjud. Yuqorida qayd etilgan dasturga binoan, quyonchilik tarmogʻini yanada rivojlantirilib, kooperatsiya tizimi asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmi koʻpaytiriladi. Quyon goʻshtini xonadonbay usulida ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish hisobiga quyon goʻshti isteʼmoli oshirib boriladi.
Quyonchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun ishlab chiqaruvchilardan goʻsht mahsuloti va quyon terisini sotib oluvchi hamda qayta ishlovchi tashkilotlar tarmogʻi yanada kengaytiriladi. Buning uchun esa quyon boqishni ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish orqali respublika hududlarida quyonchilik-naslchilik xoʻjaliklarini tashkil etish va naslli quyonlar bosh sonini koʻpaytirish choralari koʻriladi. Goʻsht yoʻnalishidagi quyon zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va ixtisoslashgan quyonchilik-boʻrdoqichilik xoʻjaliklarini tashkil etish hisobiga kooperatsiya tizimi joriy etilib, qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratiladi.
Quyon goʻshtining isteʼmol madaniyati oshiriladi va aholining ovqatlanish ratsionida quyon goʻshti ulushi koʻpaytiriladi. Ilm-fan va ishlab chiqarish tizimli asosda uzviy integratsiyalanadi, innovatsion texnologiyalar amaliyotga keng joriy etiladi. Natijada quyon goʻshtini yetishtirish hajmi yillik 100 ming tonnaga, uni isteʼmol qilish hajmi esa aholi jon boshiga 3 kilogrammdan oshiriladi. Uy sharoitida quyon boqish va quyonlarni oziqlantirishning iqtisodiy samaradorligi yuqori boʻlgan uslublari ishlab chiqilib, ommalashtiriladi.
Bundan tashqari, biz yetishtirayotgan quyon goʻshti mahsulotlari eksporti istiqbolli hisoblanadi. Bugungi kunda mahsulotlarimizga Rossiya, Belarus, Litva, shuningdek, bir qator arab davlatlaridan qiziqish bildirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-avgustdagi “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2022-yil 1-noyabrdan 10 ta faoliyat turi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritildi.
2023-yil 1-yanvardan oʻzining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida bir qator faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda, ular rasmiy band boʻlgan aholi toifasiga olinmoqda va ushbu davr ularning mehnat stajiga qoʻshilmoqda. Bular orasida quyonchilik bilan shugʻullanuvchilar ham bor, albatta.
Jahon iqtisodiyotida oʻziga xos oʻrni bor
Quyonchilik jahon iqtisodiyoti va isteʼmolida asosiy oʻrinlardan birini egallaydi. Jumladan, Xitoyda quyon goʻshti juda kam isteʼmol qilinsa-da, mazkur mamlakat uni yetishtirish (yiliga 660 ming tonna) boʻyicha yetakchi hisoblanadi. Bu borada ikkinchi oʻrinda Italiya turadi — yiliga 300 ming tonna. Aholi boshiga quyon goʻshti isteʼmol qilish darajasi (yiliga 5,5-6 kilogramm) ham shu davlatga tegishli. Bu koʻrsatkich Fransiya, Germaniya va Vengriyada 2,5-3 kilogrammni tashkil qiladi va mazkur mamlakatlarda 65 foiz mahsulot aholi xonadonlarida klaster usulida ishlab chiqariladi.
Sogʻlom ovqatlanishning zamonaviy tendensiyasi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining parhez goʻsht isteʼmol qilish meʼyori xususidagi tavsiyasini inobatga olsak, inson yil davomida isteʼmol qiladigan goʻsht mahsulotlarining 5 foizi (Yevropa davlatlarida 4,5, bizda esa 3 kilogramm) quyon goʻshti boʻlishi kerak.
Quyonchilik boʻyicha jahon tajribasi tahlili shuni koʻrsatadiki, ushbu sektor qishloq xoʻjaligining samarali tarmoqlaridan biri boʻlib, uni rivojlantirishning asosiy omili shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari sanaladi. Quyonchilik ravnaqi nafaqat bozorda istiqbolli talabni shakllantirishdagi imkoniyatlari, balki uning biologik xususiyatlari tufayli ham yuqori salohiyatga ega. Yaʼni uy hayvonlari orasida eng tez yetiladigani shu jonzot.
Toʻyimliligi boʻyicha quyon goʻshtining 1 kilogrammi eng yaxshi mol goʻshtining 1,45 kilogrammiga teng. Qolaversa, uning goʻshti xolesterini kamligi boʻyicha qoʻy, mol va boshqa jonivorlarnikidan farq qiladi. Tarkibidagi oqsilning 90 foizi inson organizmi tomonidan toʻliq oʻzlashtiriladi.
Bundan tashqari, quyon goʻshtida inson salomatligi uchun foydali boʻlgan letsitin kabi modda mavjud. U, shuningdek, mineral tuzlarga, kalsiy va fosforga boy. Umuman olganda, yaxshi taʼmga ega. Shu kabi ijobiy jihatlari tufayli quyon goʻshti jigar, meʼda, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, allergiyasi bor insonlarga tavsiya etiladi.
Qolaversa, undan tabiiy va qimmatbaho moʻyna olinadi. Quyon terisi charm-galantereya mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarishda ham sifatli xomashyo hisoblanadi. Bir kilogramm quyon momigʻidan 2000 metr sifatli ip olish mumkin. Qisqasi, ushbu uzunquloq jonivorning foydali jihatlari bisyor. Shunday ekan, mazkur tarmoqni rivojlantirish va bu turdagi goʻsht isteʼmolini koʻpaytirish ayni muddaodir. Bu, shuningdek, Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirishda ham dolzarb ahamiyatga ega.
Ochigʻi, hozircha respublikamizda mazkur tarmoqni yaxshi rivojlangan, quyonchilik sanoat darajasiga chiqqan, deya olmaymiz. Ushbu ish bilan shugʻullanuvchilar ham hali unchalik koʻp emas. Borlari ham yetarlicha axborotga ega emas. Demak, bu borada targʻibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish zarur. Quyonchilik sanoatlashgan darajaga yetishi lozim. Yaʼni boquvchi mahsulotini qayerga sotishini oldindan bilishi kerak. Tarmoqning ozuqa bazasini shakllantirish ham dozarb masala. Shu bois, hozir yurtimizda mana shunday masalalarni hal etish, tarmoqni kuchaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻylaymizki, uning samarasi ham amalda tezda namoyon boʻladi.
Abdurazzoq IBRAGIMOV,
Oʻzbekiston quyonchilik xoʻjaliklari
assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi