2026-yilda mahalliy yangi parranda zoti paydo boʻladi

    Mamlakatimizda 10 Mart 2025 1178

    Oʻzbekistonda yirik agroparranda klasteri tashkil etilib, 1 million tonna parranda goʻshti yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, 2026-yilda mahalliy yangi parranda zoti yaratiladi.

    Qishloq xoʻjaligi vaziri Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” fermer xoʻjaligida boʻlib, agroparranda klasteri loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

    Mazkur xoʻjalik yiliga 17 ming tonna parranda goʻshti yetishtiradi hamda 75 million dona inkubator joʻjasini ochiradi. Yangi agroparranda klasteri ishga tushgach, 100 ming bosh naslli ota-ona galasi, 5 million bosh ikkinchi tartibli naslli parranda, 875 million dona inkubatsion tuxum, 700 million bosh bir kunlik joʻja va 1 million tonna parranda goʻshti yetishtirish koʻzda tutilgan. Eng eʼtiborlisi, 2026-yilda Oʻzbekistonda mahalliy yangi parranda zoti paydo boʻladi.

    Buning uchun zarur boʻlgan 700 million tonna ozuqa ishlab chiqarish kooperatsiya asosida yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yillik eksport hajmi 180 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.

    Vazir loyiha bilan tanishib, uning istiqbollari yuzasidan masʼullar bilan fikr almashdi. Shuningdek, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham faoliyatni kengaytirish masalalari koʻrib chiqilayotgani taʼkidlandi. Samarqand viloyatining uchta tumanida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida joʻja yetishtirish va ularning ozuqasini taʼminlash boʻyicha ishlar boshlangan.

    Bu tizim mahalla aholisining daromadini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun, bir oila 40 kun davomida 500 bosh joʻjani yetishtirib, 9 million soʻmgacha sof foyda olishi mumkin. Ayni paytda ushbu loyihaga qiziqish bildirayotgan mahalladoshlar soni ortib bormoqda.