Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, havo haroratining koʻtarilishi natijasida binolar tomlarida toʻplangan qor, muz va sumalaklarning tushishi holatlari kuzatilishi mumkin. Shu bois fuqarolarga, ayniqsa bolalar bilan harakatlanishda, ehtiyotkorlik choralariga qatʼiy amal qilish tavsiya etilmoqda.
FVVga koʻra, binodan chiqish yoki koʻcha-koʻyda harakatlanish vaqtida tomlarda qor va muz toʻplangan joylardan uzoqroq yurish, xavfli hududlarni chetlab oʻtish lozim. Bolalarning bunday joylarda boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik alohida taʼkidlanmoqda.
Shuningdek, tomi baland binolar yaqinida ogohlantiruvchi belgilar va toʻsiqlar oʻrnatilgan boʻlsa, ulardan oʻtishga urinish mumkin emas. Quloqchin taqib yurish ham xavfli ekani, chunki tomdan tushayotgan qor yoki muz ovozini eshitmaslik mumkinligi qayd etildi.
Mutaxassislar piyodalarga yuqori qavatlar tomonidan shubhali shovqin eshitilgan taqdirda toʻxtab qolmaslik, imkoni boricha binoga yaqinlashib, devor yoniga suyanishni tavsiya qilmoqda. Bu holatda ochiq joyda qolish hayot uchun xavfli boʻlishi mumkin.
Avtotransport vositalarini ham tomi baland binolar yoki ustida qor va muz toʻplangan inshootlar yaqiniga qoʻymaslik lozim. Agar tomdan tushgan qor yoki muz sabab inson jarohat olsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur.
FVV fuqarolarni binolar yaqinida harakatlanishda ehtiyotkor boʻlishga chaqirmoqda.