O'tgan hafta davomida maxsus charter parvozlar bilan Rossiyadan O'zbekistonga 1100dan ortiq fuqarolar olib chiqildi, deb xabar qilmoqda O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi.
"14 iyundan 20 iyunga qadar Rossiya Federatsiyasidan O'zbekistonga 1118 nafar fuqarolarimiz olib chiqildi", - deyilgan elchixona xabarida.
O'zbekiston fuqarolarini olib chiqish uchun Moskva shahridan 4ta parvoz, Qozondan 1ta parvoz tashkil qilingan. Vataniga qaytarilishi kerak bo'lgan fuqarolar ro'yxatini tuzishda birinchi navbatda keksalar, davolanishga muhtoj kishilar va yosh bolali ayollarga ustuvorlik berilgan.
SHuningdek, elchixona "Mehr" loyihasi doirasida ko'rsatilgan yordam miqdorini ham aytib o'tgan. O'tgan hafta davomida "Mehr" loyihasi bo'yicha 3 nafar imkoniyati cheklangan shaxslarga, 118 nafar homilador ayollarga, Moskvada 32 nafar va Sankt-Peterburgda 54 nafar turar joysiz qolgan fuqarolarga, shuningdek 10 nafar koronavirusga chalingan O'zbekiston fuqarolariga jami 6,3 mln. rubldan ortiq yordam ko'rsatilgan.