Mutaxassislar patologik jarayonlarni real koʻrish, ularning dinamikasini tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Buning ortida ilmiy jasorat, texnik imkoniyat va eng muhimi, inson hayotiga boʻlgan yuksak masʼuliyat bor.

Tibbiyotda har qanday davolash — avval tashxis bilan boshlanadi. Aniq tashxis esa laboratoriya ishiga, mikroskop ostidagi mukammal tahlilga bogʻliq. Har bir natija, har bir koʻrsatkich ortida inson hayoti, u umid qilib qarayotgan shifo yotadi. Bu sohada xato qilish mumkin emas. Laboratoriya ilmiy xodimi qoʻlidagi aynan shu masʼuliyat — yurak jarrohi skalpeli qadar ogʻir. Ayniqsa, molekulyar darajadagi tadqiqotlar yuritilayotgan bir paytda, laboratoriya ishi nafaqat texnik mahorati, balki yurakning mustahkamligini, sabr va fidoiylikni talab qiladi.

Zumrad Qurbonova aynan shunday ogʻir va daqiq ilm sohasini tanlagan. Uning ilmiy faoliyati, barcha shuhrat va yuksakliklarga qaramay, mikroskop ortidagi sukut va intizom bilan sugʻorilgan. 1977-yilda Qashqadaryoda tugʻilgan Zumrad Chutbayevna, 2001-yilda 2-Toshkent Davlat Tibbiyot Institutini tamomlab, gematologiya fanida oʻz yoʻlini boshlaydi. U izlanishda hamisha qon orqali inson taqdirini oʻqishga intildi.

2002–2004-yillarda klinik ordinaturada bilimini mustahkamlagan Zumrad Kurbonova keyinchalik gematologiya va laboratoriya ishi sohalarida nafaqat oʻqituvchi, balki ilmiy rahbar sifatida ham faoliyat yuritdi. Uning darslari toʻla quvvatli nazariya va aniq amaliyot, multimedia vositalari va real hayot bilan uygʻunlashgan.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida u izlanish va jasorat bilan olgʻa chiqdi. “Koronavirus infeksiyasida gemostaz tizimi patologiyasi” mavzusidagi doktorlik (DSc) dissertatsiyasi ustidagi ishi Oʻzbekistondagi koʻplab shifoxonalar uchun yangi diagnostika va davolash yoʻnalishlarini aniqlab berdi. Trombofiliya genlari, koagulyatsiya jarayonlari, gomotsistein miqdori va trombotsitlar faoliyati kabi koʻrsatkichlar yuzasidan oʻtkazilgan tadqiqotlar shundoq ham qonning quyuqlashishiga sabab boʻladigan koronavirus infeksiyasida gemostaz bilan bogʻliq murakkab holatlarda samarali tibbiy yechimlar taklif qildi.

Ushbu tadqiqot natijalari Zangiota va Qashqadaryo shifoxonalarida amaliyotga joriy etildi. Statistika esa aniq guvoh: yuzlab bemorlar hayoti saqlanib qoldi, statsionar davolanish muddati ikki kunga qisqardi, byudjet xarajatlari minglab soʻmga kamaytirildi. Har bir natijaning ortida Zumrad Qurbonovaning tunu kunlab laboratoriyadagi mehnati, izlanishi va vatanparvarligi mujassam.

2025-yilda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Biotibbiy texnologiyalar markazida JEOL elektron mikroskopi yordamida hujayra darajasidagi yangi tadqiqotlar boshlandi. Zumrad Kurbonova bu sohada ham oʻz bilim va tajribasi bilan yetuk olimlar safida turibdi. Ushbu zamonaviy texnologiyalar orqali TDTU ilmiy jamoasi endi: kasalliklarning sababi va patologik jarayonlarni real koʻra oladi, dorilarning hujayraga taʼsirini baholaydi, fundamental tadqiqotlar, diagnostika va davolash samaradorligini baholaydi.


Mirzayeva Gulchehra,

Toshkent davlat tibbiyot universitetini matbuot xizmati rahbari


Hamkorlik materiali