Yigʻilishda Bosh direktorning oʻrinbosarlari, bosh direktorning maslahatchilari, direktorlar, boshgarma, boʻlim, xizmat va tarkibiy boʻlinmalarning rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastlab korxonaning soʻnggi vaqtlarda erishgan yirik yutuqlariga eʼtibor qaratildi. Xususan, korxonaning 300 mln. dollar miqdoridagi 5-yillik yevrobondlarini 6,70% koʻpon stavkasida joylashtirilganligi hamda Mugʻulistonning Ulan-Bator shahrida korxonaning vakolatxonasini ochish boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlab yuborilgani alohida taʼkidlandi.
Yigʻilishning asosiy eʼtibori raqamlar ortidagi real holatni tahlil qilish, mavjud muammolarni ochiq muhokama etish va ularni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar belgilashga qaratildi.
Bosh direktor oʻz maʼruzasida, ayrim yoʻnalishlarda koʻzlangan natijalarga erishilmaganini tanqidiy tilda taʼkidlab, aniq kamchiliklarni ochiq koʻrsatib oʻtdi. Masʼuliyatni yanada oshirish va shaxsiy javobgarlikni taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng, 2025-yil oxirigacha uran ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhokama qilindi. Bosh muhandis A. Saparov ushbu yoʻnalishdagi amaliy ishlar va rejalar haqida toʻliq maʼlumot berdi. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan birga, tannarxni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligini taʼkidladi. Taklif va fikrlar asosida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishlab chiqarishdagi ayrim muammolarga toʻxtalinar ekan, muhokamalar jarayonida tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari ham ishtirok etishdi. Ular yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari va ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berishdi.
Bosh direktor tomonidan har bir kamchilik boʻyicha masʼullarga qatʼiy topshiriqlar berildi. Bajarilish holati shaxsan nazorat qilinishi belgilandi.
Shuningdek, qoʻshimcha yoʻnalishlar boʻyicha ham hisobotlar berildi. Taʼminot boʻyicha direktor L.Hamidov korxona ehtiyojlari uchun zarur moddiy resurslarni xarid qilish holati yuzasidan hamda Mehnat muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi S.Nurnazarov ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar va xavfsizlikning amaldagi darajasi haqida hisobotlar taqdim etishdi.
Yigʻilish yakunida korxonaning barcha boʻlinmalari uchun ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar, xususan, burgʻilash ishlari hajmini oshirish, investitsiya va eksport rejalarini soʻzsiz amalga oshirish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, burgʻilash uskunalarini yetkazib berish, yangi qabul qilinayotgan xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, moliyaviy va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish boʻyicha 2025-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan yangi vazifalar va ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.
Koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, korxonaning ikkinchi yarim yillikda barqaror rivojlanishi hamda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga toʻliq erishish uchun mustahkam asos boʻlishi taʼkidlandi. Yigʻilish jarayoni tanqidiy ruhda oʻtib, har bir rahbar va mutaxassis oldiga aniq va manzilli vazifalar qoʻyildi.
“Navoiyuran” DK PR xizmati
Hamkorlik materiali











