Xususan, sud idoralarini ixtisoslashtirish, sudyalarni lavozimga tayinlash, qayta tayyorlash, ularning ijtimoiy va huquqiy maqomini yana-da oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi. Bular esa sudyalar ishining sifati va tezkorligini taʼminlash imkoniyatini bermoqda. Natijada sud xatolarining soni, ishlarni koʻrish muddatlarini buzish hollari sezilarli darajada qisqarib bormoqda.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda, odil sudlovga erishishda, qolaversa, qonuniy sud qarorlarini qabul qilishda muhim huquqiy asos boʻlmoqda.

Maʼlumki, 2021-yil 1-yanvardan mamlakatimizda viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi. Nazorat instansiyasining tugatilishi munosabati bilan 2021-yil 12-yanvar kuni qabul qilingan qonunlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga sud qarorlarini qayta koʻrish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritildi.

Ayni mavzuga bagʻishlab Namangan viloyat sudi, viloyat Maʼmuriy sud hamda tuman, shahar va tumanlararo sudi sudyalari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga kiritilgan oʻzgarishlarni oʻrganish va ularni qoʻllashning bir xilligini taʼminlash boʻyicha oʻquv-seminar oʻtkazildi. Unda Oliy sud sudyalari A.Toʻxtashev, I.Tadjiyev va F.Tursunovlar qatnashib, qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlar yuzasidan sudyalarga tegishli tushuntirishlar berishdi. Jumladan, “Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish va bu boʻyicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish belgilanganligiga toʻxtalindi.

Seminarda “Bir sud – bir instansiya” tamoyil boʻyicha birinchi instansiya sudi qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish, apellyatsiya instansiyasi qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi kassatsiya instansiyasiga murojaat qilish tartibining joriy etilgani inson huquqlarining samarali himoya qilinishi, viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni shu sudning oʻzi tomonidan yuqori instansiya sudi sifatida koʻrilishi amaliyotiga barham berilgani, natijada mazkur jarayondagi korrupsiyaviy omillar bartaraf etilib, shikoyat qilish institutining samaradorligi oshishi, oʻrta boʻgʻindagi sudlar asosan apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida ixtisoslashgach, ularning masʼuliyati kuchaytirilib, barcha eʼtibor sud qarorlarining sifatiga qaratilishi hamda birinchi instansiya sudlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf qilinishi, bunda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini oʻz vaqtida tiklash va odil sudlovni amalga oshirish sifatini yana-da yaxshilashiga imkoniyati yaratgani, birinchi instansiya sudida koʻrilgan ishni bir-ikki oy ichida apellyatsiya tartibida, uch-toʻrt oy ichida ish Oliy sudda koʻrilishiga erishish imkonini bergani, oʻz navbatida, sudma-sud sarson boʻlishning oldini olishi hamda qisqa muddatlarda jabrlanuvchi, daʼvogar va ishdagi boshqa taraflarning buzilgan huquqlarini tiklash imkonini berishi ushbu tamoyilning afzalliklari ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, seminarda sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta koʻrib chiqish asosida quyidagi tartib, yaʼni Jinoyat-protsessual kodeksida birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish muddati 10 kundan
20 kunga, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha apellyatsiya shikoyatlarini berish muddatlari 20 kundan 1 oyga qadar uzaytirilgani, apellyatsiya tartibida shikoyat berishning oʻtkazib yuborilgan muddatlarini tiklash asoslari kengaytirilgani, qolaversa, kassatsiya tartibida shikoyat berish muddatlari 6 oydan farqli ravishda 1 yil etib belgilangani fuqarolar va tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoyasini taʼminlashga keng asos ekani ham qayd etildi. Seminar soʻngida sudyalar ish koʻrish vaqtida yuzaga kelayotgan muammolarga ham savol-javob olish orqali, “Bir sud – bir instansiya” tamoyili boʻyicha oʻzlarining taklif va mulohazalarini bildirishdi.