Bir tajriba mohiyati yoxud Sayxunoboddan boshlangan ezgu tashabbus doirasidagi mulohazalar

    Fikr 13 Mart 2025 1222

    Sayxunobod tajribasi ishsiz odamlar bandligini taʼminlash, kambagʻallarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, daromadlarini oshirishning asosiy maqsadi va manbaiga aylandi.

    Prezidentimiz oʻtgan yil 14-yanvarda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashrifi davomida Ittifoq mahallasi hududida imkoniyatlardan foydalanib, tomorqadan moʻl hosil yetishtirish, uni xalqqa yetkazib berishda jonbozlik koʻrsatib, yuqori samaraga erishish mumkinligini tuman aholisi eʼtiboriga havola qildi. Ushbu tumanda amalga oshirilayotgan tajriba natijalarini davlatimiz rahbari boshqa viloyatlarda ham keng joriy qilish zarurligini taʼkidlab, buning uchun qanday yoʻl tutish borasida aniq hisob-kitoblar bilan asoslangan topshiriqlar bergandi.

    Sayxunobod tajribasi, deya eʼtirof etilgan mazkur tashabbus bugun nafaqat mahallalar va qishloq hududlar, balki butun iqtisodiyotimiz inklyuziv rivoji uchun ham muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega katta harakatga aylandi. Davlatimiz rahbarining juda qisqa vaqt ichida Sayxun­obod tajribasini har bir mahallaga joriy qilishni qatʼiy belgilashi tajribaga “yashil mahalla”ni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy modeli sifatida qarash imkoniyatini beradi.

    Keng koʻlamli tavsifga ega boʻlgan ushbu tajriba modeli nafaqat mamlakatimiz ichida, balki xorijiy davlatlar hududlarining kichik tuzilmalarida ham qoʻllashga yoʻl ochadi. Yaʼni Sayxunobod tajribasi ishsiz odamlar bandligini taʼminlash, kambagʻallarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, daromadlarini oshirishning asosiy maqsadi va manbaiga aylandi. Shu maʼnoda, mazkur tashabbusni butun mamlakatimiz boʻylab keng quloch yozayotgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonidagi haqiqat, desak toʻgʻri boʻladi. Binobarin, uning zamirida mehnatkash xalqimizni ish bilan toʻliq band qilish orqali farovon hayotni taʼminlash yotadi.

    Sayxunobod ilgari Mirzachoʻl tekisligida joylashgan hosilsiz hudud edi. Yerlar oʻzlashtirilgach, hozir aholisi zich yashaydigan obod dehqonchilik va chorvachilik tumaniga aylandi. Tumanning asosiy boyligi yer-suvi va mehnatkash xalqidir. Yer insonni boqadi. Undan toʻgʻri foydalangan odamni esa boy qiladi.

    Mamlakatimiz aholisi 37 million kishidan oshdi. Bu ishlayman, yaxshi yashayman deganlar safi ham tobora kengayib boryapti, degani. Oʻrganish va tadqiqotlarga koʻra, mahallalardagi 20-25 foiz aholi oʻz biznesi boʻlishini istaydi. Buning uchun boʻlgʻusi tadbirkorga dastlab oʻz mablagʻi yoki imtiyozli bank krediti hamda “mahalla yettiligi” koʻmagi, qolaversa, tijorat bankining xayrixohlik bilan yondashuvi zarur. Shu bois, bugungi kunda hamma viloyat, tuman, shahar va mahallalar boshqaruv tizimlarida bunga munosib eʼtibor qaratilmoqda.

    Prezidentimiz tadbirkorlar bilan 2023-yilgi ochiq muloqotida iqtisodiy taraqqiyotimizning yangi davrini boshlab beradigan muhim tashabbuslar haqida gapirib, tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga koʻtarishning ustuvor 5 ta yoʻnalishini asoslab bergan edi. Unda ­mahalla tizimida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish orqali yuqori daromadli yirik korxonalarni koʻpaytirish, yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirish, qishloq xoʻjaligida klaster tizimiga oʻtish muhim tashabbus sifatida ilgari surilgandi.

    Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash, uning jamiyatdagi rolini tubdan oshirish, aholi muammolarini hal etish va mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz diqqat-markazida turibdi. Shularni hisobga olsak, bugungi kunda kichik biznes mahallalarga amalda yangi muhit olib kirmoqda. Odamlarni mehnatga undab, farovon hayot kechirishga boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.

    Hozirgi kunda mamlakatimizda 9 mingdan ziyod mahalla mavjud. Sirdaryo viloyatida esa ular 236 tani, uy xoʻjaligi aʼzolari soni 173,3 ming nafarni tashkil etadi. Uy xoʻjaliklarining 57 foizida 5 va undan koʻp kishi istiqomat qiladi. Respublika miqyosida bu koʻrsatkich 61,4 foizga teng. Ushbu raqamlar Sirdaryo viloyati oilalarida yashovchi aholining oʻrtacha kattaligi qisqarib borayotganini koʻrsatadi.

    Viloyatda aholi jon boshiga 2023-yilda umumiy daromad 16,8 million soʻmga, real daromad esa 15,3 million soʻmga teng boʻlgan. Bu koʻrsatkichlar 2022-yildagiga nisbatan mos ravishda 2,2 va 2,1 mil­lion soʻmga oshgan. Ammo respublika boʻyicha aholi jon boshiga umumiy daromadni ushbu viloyat bilan solishtirsak, 2023-yilda 3,2 million soʻmga, real daromad esa 2,9 million soʻmga koʻpligi ayon boʻladi.

    Tajriba olib borilayotgan Sayxunobod tumanida 19 ta mahalla bor. Ularning har biri bittadan kichik traktorga, 4 donadan kultivatorga ega. Mahallada 1 sotix yerdan 1-2 million soʻm daromad olish mezon tariqasida qabul qilingan. Tomorqa yerlarni haydash va ekin ekish xizmatlari agronomlar bilan birga amalga oshiriladi.

    Shuningdek, tumanda eksportga koʻmaklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 mil­liard soʻm kiritilishi rejalashtirilgan. Bu ­korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urugʻini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.

    Sayxunobod tajribasi yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga koʻmaklashish, tadbirkorlarni sifatli urugʻ va dori vositalari bilan taʼminlash, ularning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni oʻz ichiga oladi.

    Mamlakatimizda Sayxunobod tajribasi dastlab aholisi zich yashovchi Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlarida keng yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, endi butun respublika boʻylab ommalashmoqda. Buni Buxoro viloyatida bajarilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Sayxunobod tajribasi asosida Buxoro viloyatida har bir mahalladan kambagʻal, daromadli mehnat bilan shugʻullanishga ishtiyoqi bor 7 tagacha nochor xonadon tanlab olingan. Ularga hududdagi yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda layoqatiga mos ravishda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik kabilar bilan birga tomorqa xoʻjaligini rivojlantirish, shuningdek, 3 sotixli issiqxonalar tashkil qilib, oilalarning bir yilda 50 million soʻmdan oshirib daromad topishiga koʻmaklashish chora-tadbirlari koʻrilgan.

    Mahallalarga biriktirilayotgan tijorat banklari masʼullari joylardagi hokim yordamchilari koʻmagida saralangan xonadonlarda daromad manbaini yaratish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish, koʻchat oʻtqazish, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, boshqa xizmatlar koʻrsatishga shaxsan javobgar hisoblanadi. Ushbu tahlillar Sayxunobod tajribasini “yashil mahalla” tizimi sifatida inklyuziv rivojlantirish imkoniyatlari kengligi va davlat tomonidan tajriba keng qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatadi.

    Mahalla tizimini har tomonlama rivoj­lantirish davlatimiz rahbari farmonlari, qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi rasmiy hujjatlarida belgilab qoʻyilgan institutsional qoida hamda mezonlarga asos­langan. Bular xorijiy tajribalar, shuningdek, Sayxunobod taj­ribasi boʻyicha yaratilgan shart-sharoit kabi qator omillarni oʻz ichiga oladi. Mahallada aholining demografik ­tarkibi va oʻsishi, inson kapitali samarasi, aholi bandligi hamda kambagʻallikni qisqartirish bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatiga investitsiya kiritish, innova­sion texnologiyalarni keng joriy qilish, mahalla miqyosida shartnoma munosabatlarini kuchaytirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda qonunchilik talab­larini soʻzsiz bajarish shular sirasiga kiradi. Ularda mahallaning rivojlanish jarayoniga bevosita taʼsir etish barobarida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” loyihalar ijrosini taʼminlash koʻzda tutilgan. Buning uchun tuman (shahar)larda inklyuziv oʻsishni taʼminlovchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalariga 2025-yilda davlat byudjetidan 1 trillion soʻm ajratish belgilangan.

    “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali vazirlik va idoralar bilan birgalikda kambagʻal oilalarga 2025-yilda 15 trillion soʻm kredit ajratiladi.

    Mahallalar rivoji, asosan, toʻrt jihatga bogʻliq. Birinchisi, oʻsha hududdagi mehnatkash, oʻz ishini yaxshi biladigan insonlar boʻlsa, ikkinchisi suv resurslaridir. Uchinchisi sarmoya, toʻrtinchisi esa, albatta, hududda tadbirkorlar mavjudligi. Ularning har biri mahalla iqtisodiyotining tayanch nuqtalaridir. Sayxunobod tumani tajribasida ana shu fundamentlardan samarali foydalanishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

    “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida kambagʻal oilalar roʻyxatini tuzish, oilalarning kambagʻallikka tushish sabablarini bilish va shu asosda tuman (shahar) mahallalari kesimida oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, shunday oilalar ijobiy tajribalarini ommalashtirish va ragʻbatlantirishga eng ustuvor tashkiliy vazifa sifatida qaraladi. Shu ishlar tufayli joriy yilda mamlakatimiz boʻ­yicha 2024-yildagiga qaraganda 2 barobar koʻp aholi kambagʻallikdan olib chiqiladi. Rahbarlarni 5 tadan kambagʻal oilaga biriktirish 2025-yilda 2024-yildagidan 2 karra yoki 70 mingdan 140 mingtagacha oshadi. Ushbu chora-tadbirlar Sayxunobod tajribasiga tayanib keng rivojlanishni tezlashtirish hamda har bir oilaning iqtisodiy barqaror yashashini taʼminlashga yoʻl ochib beradi.

    Oʻzbekistonda keyingi yillarda bosqichma-bosqich olib borilgan islohotlar tufayli fuqarolarning oʻzini oʻzi bosh­qarish organi — mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli koʻprik boʻlishi amalda taʼminlandi. Buning uchun mahallalar faoliyati izchil qoʻllab-quvvatlanyapti. Ular manfaati himoya qilinyapti. Mahalla tizimini rivojlantirishning qonunchilik asoslari hamda institu­sional mexanizmlari ishlab chiqilib, amaliyotga kiritilmoqda.

    Qishloq mahallalarini qoʻllab-quvvatlash, aholi yashash sharoitini yaxshilash va daromadlarini koʻpaytirishga qaratilgan hamda tadbirkorlikka yanada keng yoʻl ochish uchun Sayxunobod tumanida oʻtkazilayotgan agrosanoat tajribasi munosib natijalarga yetaklayotgani bilan ahamiyatli.

    Bozorboy BERKINOV,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

    Institutsional va iqtisodiy tadqiqotlar markazi

    ilmiy rahbari