"Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm-maorifda Ovruponing birinchi boʻlgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan oʻnlab, turklardan esa minglab talabalar boʻlgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning boʻlmasligi yuragimni parchalamoqda”, – deb yozadi birinchi oʻzbek agronomi Abduvahhob Murodiy oʻz maktublaridan birida.

Oʻtgan asrning 20-yillarida Abdulla Rahimboyev, Turor Risqulov, Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat singari hukumat va jamoat arboblari Turkistonni asriy qoloqlik botqogʻidan qutqarish, hamda iqtisodiy va madaniy tanazzulga chek qoʻyishga intildilar.

Bu yoʻlda mavjud imkoniyatlarning barchasi ishga solindi va milliy kadrlar tayyorlash ishiga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiston taraqqiyparvarlari mahalliy yoshlarni Yevropaning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Germaniyaga yuborish, ular yordamida bu mamlakatlar erishgan ilmiy-texnik yutuq va tajribalarni oʻrganish zarur, deb hisobladilar. 1921-yil 23-aprelda Toshkentda oʻtkazilgan Ilmiy komissiyasi majlisida oʻzbeklardan xorijga talabalar yuborish masalasi muhokama qilindi.

Oʻzbek ilmiy komissiyasi yigʻilishida Turkiston Maorif komissarligidan Turkistonning eng qobiliyatli yoshlardan hech boʻlmasa 10 nafarini xorijga oʻqishga masalasini hukumat oldiga qoʻyish taklif qilindi. Xorijga talabalar yuborish harakati keyinroq Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) rahbarlari Fayzulla Xoʻjayev, maorif noziri Fitrat tomonidan yana-da kengroq qoʻyila boshlandi. Shunday qilib, Turkiston va Buxorodan 1922-yil oxirlarida 70 dan ortiq turli yoshdagi mahalliy yosh yigit va qizlar Germaniyaning turli shaharlaridagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qishloq xoʻjaligi, tekstil sanoati, kimyo, elektrotexnika, konchilik, falsafa, pedagogika, tibbiyot va boshqa muhim sohalar boʻyicha oʻqishga yuborildi.

BXSR raisi Fayzulla Xoʻjayev talabalarni Germaniyaga olib borish va oʻqishga joylashtirishni buxorolik ziyolilardan Abduvohid Burhonov va Germaniyadan Buxoroga kelgan tatar ziyolilaridan Olimjon Idrisiylardan iborat maxsus komissiyaga topshirdi. Fitrat talabalarni Germaniyada yaxshi oʻqishga, kelgusida oʻz yurtlariga yaxshi mutaxassis boʻlib qaytish va uning istiqboli uchun fidoiy vatanparvar sifatida xizmat qilishga daʼvat qildi. Germaniyaga BXSR hukumati homiyligida borganlarning 16 tasi Turkistondan, 56 tasi Buxorodan, 2 nafari Xorazmdan edi. Shubhasiz, bu yoshlar vatanga qaytgach, har qancha qiyinchilik va taʼqiblarga qaramay Turkistonning har jihatdan rivojiga oʻz hissalarini qoʻsha olganlar.

Bolsheviklar hukumati tomonidan Germaniyada tahsil olayotgan Turkistonlik oʻquvchilarga nisbatan ishonchsizlik yildan yilga ortib bordi. Talabalarni hali oʻqishini tamomlamasdan turli xil bahonalar bilan oʻz vatanlariga qaytarish boshlandi.

Abduvahhob Murodiy Turkistonga kelgan taniqli turk generali Jamol poshshoning maslahati bilan Germaniyada oʻqishga qaror qildi. Unga Akmal Ikromov “Muallimlar jamiyati” xazinasidan maʼlum miqdorda pul ajratdi. 1920-21 yillar Afgʻonistonda boʻlib, 1921-yil iyulida Germaniyaga yetib bordi va Berlindagi Qishloq xoʻjaligi akademiyasiga kirdi.

Berlin ziroat akademiyasi talabasi Abduvahhob Murodiyning “Qizil bayroq” gazetasida “Germaniyadan xat” rukni ostida chop etilgan ilk maktubida u Toshkentda ochilgan “Koʻmak” jamiyatini qutlab shunday yozgan: “Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning bir uyushma tuzganingizni oʻqidim va terimga sigʻmaydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm maorifda Ovruponing birinchi boʻlgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan oʻnlab, turklardan esa minglab talabalar boʻlgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning boʻlmasligi yuragimni parchalamoqda. Boshqalarga hasad sezgisini uygʻotmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan koʻnglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi.”

Gazetaning keyingi sonida Ovroʻpo mamlakatlari orasida tahsil uchun har jihatdan maʼquli Germaniya ekanligini taʼkidlab: “... nemislar oʻzlarining hisobsiz dushmanlarini yengmak uchun Sharqning uygʻonmoqligini istaydirlar. Bu kungacha Sharq toʻgʻrisida yozgan kitoblari butun betaraflik bilan yozilmishdir. Faqat ilmda, maorifda bular Ovrupada ustoz sanaladirlar. Nemislarning oliy maktablarida yuzlab amriqolik, fransuz va inglizlarning boʻlishini va bu yerda muhandis toʻplamoq uchun bir muncha hayʼatlarning kelishi menim bu davoimni isbot etadir”, deydi.

Soʻnggi maktubi “Germaniyada oʻqish va oʻqitish” sarlavhasi ostida boʻlib, unda Murodiy “...Germaniyada 21 dorulfunun va boshqa sonsiz yuqori va oʻrta darajalik maktablar bor. Germaniya dorulfununlari maktab boʻlishdan boshqa yana bir koshiflar, ixtiro qilgʻuchilar yotogʻidir. Germaniya dorulfununlaridagi oʻrgatish usuli hech bir yerda yoʻqdir... Darsni eshitmak bilan qolmas. Balki, darsning ruhiga kirib ketar. Fanni oʻzidan yiroq emas, oʻz ichida his etar. Mana shu surat bilan uning miyasida fan tugʻilur va yashar. Ixtiro fikri uygʻonur. Katta imtihon boʻlganda ana shul darsdan ham soʻz, ham yozuv bilan imtihon berur. Soʻngra shul fan toʻgʻrisida bir kitob yozar. Ul kitob mudarrislar orasida oʻqilur. Ular tanqid etarlar. Talaba isbot qilur. Shul yoʻl bilan talabaning fanning har nuqtasiga yetishganligi bilingach qoʻliga shahodatnoma berilur. Bu shahodatnomani olgan talabaga har qanday ish topshirilur. Talaba bir nazariyotchi boʻlib emas, balki, haqiqiy bir fan olimi boʻlib yetishar”, deydi.

1922-yil kuzidan Munavvarqori va Fitratlar maslahati bilan Germaniya tuprogʻiga yuzga yaqin turkistonlik yoshlar qadam qoʻydi. Abduvahhob ularni iqtidoriga koʻra taʼlim sohalarni tanlash va yoshlarni olmon xonadonlariga joylashtirish ishlariga bosh qosh boʻladi.

Jadidlarning fikricha, biror fan biror millatda ildiz otishining asosiy sharti millat oʻsha fan terminlarini oʻz tilida shakllantirmogʻi lozim edi. Aks holda, fan ham tili hukmron boʻlgan millatga tobeʼ boʻlib qoladi. Shuning uchun, yoshlarning bir qismi avtomobil, elektr, velosiped, poyafzal, dorishunoslik korxonalariga joylashtirildi. Ular uch daftarni yuritishar, sohadagi asosiy uskunalar, detallar, ularning material tarkibi, yasalish usullari, asosiy adabiyotlarini Vatanga yoʻllardi.

Shanba, yakshanba kunlari ilmiy sayohatlar uyushtirib, shaharlardagi asosiy korxonalar, ularning tuzilishi va ish usullari, iqtisodiyotdagi ahamiyatini muhokama etishardi. Har oʻn besh kun, bir oyda Fayzulla Xoʻjayev tomonidan sovgʻa qilingan Berlindagi Maorif uyida jamlanishib, talabalar oʻzlari oʻrganayotgan soha va amalga oshirayotgan ishlari haqida maʼruzalar qilardi. Tadbir soʻngi adabiy kechaga aylanib, kichik teatrlar sahnalashtirishar, mushoiralar uyushtirishardi.

1926-yil Abduvahhob Murodiy toʻrt oy davomida Misrda paxtachilik sohasida amaliyot oʻtab, Yevropa taʼlim muassasasida oliy maʼlumot olgan birinchi oʻzbek agronomiga aylandi. “Yer yuzi” jurnalining 1926-yil 11-sonida “Birinchi diplomli agronom” maqolasida muallif oʻquvchilarga Murodiy haqida xabar beradi va keyinga yillarda “...yuzlarcha muhandis, kimyogar, doʻxtir, sotsiolog mutaxassislarga ega boʻlurmiz” deb umidlanadi.

1927-yilda Vatanga qaytgan Murodiy sovet hukumati idoralari tomonidan ishonchsiz deb topildi. Bir muddat ishsiz qoldi. Bu vaqtda u oʻzining Germaniyadan keltirgan kitoblari asosida bolalar uchun olmon adabiyotidan tarjimalar qildi, qator darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratdi. Jumladan, “Botanika”, “Paxta yetishtirish usullari” kabi kitoblari chop etildi, vaqtli matbuotda koʻplab maqolalari bosildi.

Abuvahhob Murodiy 1927-yil soʻngida Shreder nomidagi Bogʻdorchilik ilmiy-tekshirish institutida direktor muovini boʻldi, Oʻrta Osiyo davlat universiteti qishloq xoʻjaligi fakultetida oʻqituvchi vazifalarida ishlay boshladi. Shuningdek, u mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov, akademik Borovkovlar bilan sharq fakultetining turkiyshunoslik boʻlimida ham ilmiy xodim sifatida yoshlarga taʼlim bergan. Abuvahob Murodiy tinimsiz ilmiy va amaliy mehnat faoliyati bilan bir paytda matbuot sahifalarida sharqshunoslik va oʻzbek imlosi masalasiga oid maqolalari bilan ham qatnashdi.

Oʻzbekiston hukumati rahbarlari Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovlar uning nomzodini bir necha marta Yer ishlari komissari lavozimiga tavsiya etdi. Bu esa ayrim “qizil imperiya”cha siyosat tarafdori boʻlgan kimsalarga yoqmadi. Ular yosh oʻzbek agronomining ish jarayoniga turli boʻhton bilan qarshilik koʻrsatdilar. Shunga qaramay, u qisqa muddatda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasida koʻpgina iqtidorli shogirdlarni yetishtirib berdi. Toshkent tumani Achchi ovulida oʻz tashabbusi bilan tuzilgan “Qizil namuna” jamoa xoʻjaligida Germaniyada oʻrgangan ilmlarini ishga solib juda boy jamoa xoʻjaligini yuzaga keltiradi va oʻz davri uchun misli koʻrilmagan iqtisodiy yutuqlarni qoʻlga kiritadi.

Abuvahhob Murodiy 1930-yil 25-aprel kuni Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligidagi “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi sifatida OGPU tomonidan qamoqqa olindi. U bir yildan ortiq vaqt davom etgan qiynoq va tahqirlar ostida soʻroq qilindi. Bu tergov materiallari mazmuni bugun Murodiyning jinoyatchi emas, aksincha haqiqiy millat qahramoni ekanligini isbotlovchi dalillardir. Jumladan, u tergovchining Germaniyada tahsil olgan Turkiston yoshlarining maqsadi haqidagi savoliga quyidagicha javob beradi: “... Biz Germaniyada faqat bir narsa haqida oʻylar edik. Avvalo xorijiy tillarni oʻrganib, Ovroʻpo ilm-fani yutuqlarini mamlakatimizga olib kiramiz der edik. Shu maqsadda til kurslarini tugatish bilan tezdan eng iqtidorli yigitlarni imkon qadar turli-tuman sanoat va ilm-fan jabhalariga kengroq taqsimladik. Shu bilan birga oʻsha ilmlarning asoslarini mukammal egallash, turkiy tilda ularning terminologik lugʻatlarini tayyorlash, kerak boʻlganida oʻzimizda yangi avlodni yetishtirish uchun oʻsha fan va hunarlarning oʻqitish usullarini oʻzlashtirdik. Kitoblarini toʻplab kengroq maʼlumotlarni oʻzlashtirishga, tarjimalar qilishga intildik. Maqsad Vatanga katta ilm bilan qaytish edi. Biroq, bizga nisbatan tayziqni kun sayin kuchaytirib borishdi. Hatto, bir qism yoshlar mamlakatga qaytib borish fikridan qaytish darajasida qoʻrqib qoldilar... Men Turkiyada koʻplab tanishlar orttirganman, menga u mamlakatning pasporti ham berilgan edi. Biroq, Ovroʻpoga Vatanim ravnaqi uchun xizmat qilaman deb yoʻl olgan edim. Meni Vatanga ham faqat unga foydam tegadi degan maqsad yetaklab keldi. Vatanimda oson boʻlmasligini bilganim holda qaytdim. Tirik qolsam Vatanimda yashayman, aks holda unga xizmat qilib oʻlaman...”

1931-yil 25-aprel kuni OGPU kollegiyasi qarori bilan Abduvahhob Murodiyga otuv hukmi 10 yillik konslager bilan almashtirildi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda u jazoni Ok dengizdagi orollarda joylashgan dahshatli Solovki lagerida oʻtagan va shu joyda halok boʻlgan. 1932-yil uni Toshkentda intizorlik bilan kutayotgan va allaqachon oʻzbek tilini oʻrganib olgan turmush oʻrtogʻi olmon qizi Marta xonim va qizalogʻi Potye (oʻzbekcha ismi Maryam)lar shoʻrolar mamlakatidan chiqarib yuborildi. Xullas, mustabid tuzum hech biri oʻz isbotini topmagan boʻhtonlar bilan endigina 30 yoshni qarshilagan yetuk mutaxassisning hayotiga zomin boʻldi.

Bugun Abduvahhob Murodiydek millatimiz oydinining soʻnggi qismati haqida hech qanday maʼlumotga ega emasmiz. Ming afsuski, uning nomi Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasidan ham joy olmagan. Toʻgʻri, u oʻtgan asrning 80-yillari soʻngida Munavvarqori Abdurashidxonov bilan bir paytda oqlangan. Biroq, shundan soʻng ham uning ulkan ilmiy merosi va ijtimoiy faoliyati jiddiy tadqiq etilmadi. Turmush oʻrtogʻi Marta xonim qizi Potyelarning ham keyingi taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda. Demak, hali oldimizda jadidlarimiz hayoti va faoliyati bilan bogʻliq koʻplab tadqiqotlarni amalga oshirishdek muhim vazifalar turibdi. El-yurt maʼrifati va maʼnaviyati uchun jon kuydirgan bu yurtdoshlarimiz nimalarni orzu qilmagan, qaysi ulkan maqsadlar yoʻlida oʻz jonlarini qurbon qilmagan deysiz...

Bahrom IRZAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi