Respublika tovar-xomashyo birjasining qurilish bozori segmentida talab va taklifning mutanosibligi kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yil boshidan buyon ochiq birja savdolariga 5,4 million tonna sement qoʻyilib, undan 4,9 million tonnasi, yaʼni 90,2foizi sotildi.
Birja savdolarida ishtirok etgan sotuvchi korxonalar soni koʻpayib borayotgani quvonarli, albatta. Chunonchi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sotuvchi korxonalar 31 dan 46 tagacha koʻpaydi. Bu, oʻz navbatida, sotuvchilar oʻrtasida raqobatning kuchayishiga koʻmak berdi va sement uchun ichki narxlarning barqarorlashuviga xizmat qildi, deya xabar bermoqda Respublika tovar-xomashyo birjasi.
Qurilish mavsumining qizgʻin paytida sementning birjada shakllangan oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 606-597 ming soʻmlik diapazonda saqlandi. Sentyabr oyida esa sement uchun birja kotirovkalari 594 ming soʻmgacha pasaydi.
Shunga oʻxshash holatlar birjaning qora metall prokati va qurilish oynasi bozorlarida ham qayd etilmoqda. Joriy yil boshidan buyon birja savdolari orqali 442,4 ming tonna qora metall sotilgan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga koʻpdir.
Shu bilan birga, joriy yilda birjaning mazkur bozorida boshqa xususiy korxonalar ham faollik namoyon etgan. Misol uchun, “Gold metall plus” kompaniyasi birja savdolari orqali qariyb 11 ming tonna qora metall mahsulotlarini sotgan. Umuman olganda, birjada qora metall mahsulotlarini sotuvchi xususiy korxonalarning soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 105 dan 157 tagacha yetdi.
Oʻtkazilgan birja savdolari natijalariga koʻra, qurilish oynasining ichki narxi mahsulotning kvadrat metri uchun oʻrtacha 44 ming soʻm, oʻrtacha eksport narxi esa 3,6 dollarni tashkil qildi.