Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 12 Noyabr 2020 38415

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

    Shu bilan birga, dunyoda epidemiologik xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani kasalliklarga qarshi kurashish faoliyatidagi yondashuvlarni, hozirgi murakkab sharoit va orttirilgan tajribalardan kelib chiqib takomillashtirishni talab etmoqda, ayniqsa, ularning profilaktikasi, erta aniqlash, to‘g‘ri tashxislash hamda davolashda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari ish uslublarini qayta ko‘rib chiqib, sog‘liqni saqlashni tashkil etishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish zarur.

    Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida:

    1. Quyidagilar sog‘liqni saqlash tizimini bugungi bosqichda isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:

    mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangi tizimini joriy qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va aholi jamoat salomatligini ta’minlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizimini yaratish, bu borada avvalambor sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikni oshirishni tizimli tashkil etish hamda keng targ‘ib qilish;

    sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda raqobat muhitini yaratish, ilg‘or xorijiy tajribaga asosan xodimlarni kasbiy rivojlantirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot ilm-fanini rivojlantirish orqali joylardagi tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish;

    tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o‘rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini ko‘paytirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    sohaga zamonaviy menejmentini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha va byurokratik tartib-tamoyillarni qisqartirish, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish hamda raqamli tibbiyotni takomillashtirish.

    2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmati joriy qilinsin:

    aholi ularning salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga (tayanch, past xavf guruhi, o‘rta xavf guruhi, yuqori xavf guruhi va boshqalar) bo‘linadi;

    aholi guruh mansubligiga ko‘ra belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tadi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi;

    mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinadi hamda uyiga borgan holda ularga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi va individual patronaj amalga oshiriladi;

    profilaktik ko‘riklar o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha davriy tibbiy skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi;

    patronaj ko‘riklarini maqbullashtirib, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy qilinadi;

    umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi oilaviy shifokor etib qayta nomlanadi, shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi fan dasturlari oilaviy shifokor tayyorlashga moslashtiriladi;

    tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari va viloyat shifoxonalariga bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanma bevosita oilaviy shifokor tomonidan beriladi;

    birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga imtiyozli retseptlar yozib berish bevosita oilaviy shifokor tomonidan amalga oshiriladi;

    oilaviy shifokorga yordam beradigan terapiya, pediatriya, akusherlik, patronaj bo‘yicha o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat bo‘lgan “tibbiyot brigadalari” tashkil qilinadi;

    profilaktika inspektorlari mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda oilaviy shifokorlarga ko‘maklashadi, fuqarolarning kechki sayrlari va sport o‘yinlarining xavfsiz o‘tkazilishini tashkil qiladi. Bunda, profilaktika inspektorlari mahallalardagi aholining salomatlik ko‘rsatkichlariga qarab har 6 oyda mahalliy byudjet mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan rag‘batlantiriladi;

    “tibbiyot brigadalari” o‘zlariga biriktirilgan hududlarda oilalar va fuqarolar kesimida “tibbiy xarita”ni shakllantiradi;

    joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatishni soddalashtirish va raqamlashtirish hamda ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida “tibbiyot brigadalari” maxsus kompyuter-planshetlari, mobil tibbiyot-diagnostika vositalari bilan ta’minlanadi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev):

    Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov, J.I.Abro‘yev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ajratilgan mahalliy byudjet mablag‘lari doirasida yil yakuniga qadar takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmatining 1-ilovada keltirilgan 26 ta tuman (shahar)larda ustuvor ravishda to‘liq joriy qilinishini ta’minlasin;

    yil yakuniga qadar aholi salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, aholi bo‘lingan guruhlarning aniq tasnifini tasdiqlasin;

    takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmatini bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida joriy qilsin;

    ikki hafta muddatda “tibbiyot brigadalari”ni mobil tibbiyot-diagnostika vositalari bilan ta’minlash maqsadida ularning aniq ro‘yxatini tasdiqlasin.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda:

    mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan “tibbiyot brigadalari”ni maxsus kompyuter-planshetlari va mobil tibbiyot-diagnostika vositalari bilan ta’minlasin. Bunda, mazkur vositalar xaridi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona texnik talablar asosida amalga oshirilishi inobatga olinsin;

    tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari bilan birgalikda aholini xatlovdan o‘tkazib, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga biriktirsin.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi. Bunda, ushbu chora-tadbirlar mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi;

    aholi soni va mahalliy zaruriyatdan kelib chiqib, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining ro‘yxatiga muvofiq oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tunu-kun navbatchi tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatadi;

    mahallada aholining salomatligi, hududdagi kasalliklarning o‘sishi, aholining shifoxonalarga yotishi, shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishi va boshqalar oilaviy shifokorning faoliyati natijadorligini baholash ko‘rsatkichlari etib belgilanadi;

    2021 yil 1 yanvardan boshlab oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab ushbu xodimlar mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

    tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘i bir vaqtning o‘zida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri hisoblanadi;

    2021 yil 1 yanvardan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi;

    tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi faoliyat dislokatsiyasi bo‘yicha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosida joylashtiriladi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) bilan birgalikda:

    uch oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan baholash ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, oilaviy shifokor va “tibbiyot brigadalari” faoliyatini rag‘batlantirishning differensial tizimini joriy qilsin;

    2021 yil 1 aprelga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

    4. 2021–2023 yillarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarni tashkil etish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda qo‘shimcha:

    315 ta oilaviy shifokor punktlari, shundan 2021 yilda – 100 ta, 2022 yilda – 105 ta va 2023 yilda – 110 ta;

    52 ta qishloqda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan 2021 yilda – 17 ta, 2022 yilda – 18 ta va 2023 yilda – 17 ta;

    33 ta shaharda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan 2021 yilda – 7 ta, 2022 yilda – 13 ta va 2023 yilda – 13 ta tashkil etiladi.

    Quyidagilar qo‘shimcha oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarni tashkil etishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar
    va Toshkent shahar hokimlari qo‘shimcha tashkil etilayotgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, ularni malakali xodimlar bilan ta’minlash va mazkur Farmonda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni ular faoliyatiga joriy qilish bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin.

    5. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

    mavjud ehtiyojdan kelib chiqib Qarshi davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti va Guliston davlat universitetida tibbiyot fakultetlari tashkil qilinadi, shu jumladan, ularda va boshqa tibbiy oliy ta’lim muassasalarida yetakchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitish tizimi joriy qilinadi;

    tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlarining viloyat tibbiyot muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda klinik bazalari tashkil qilinadi va ularning bitiruvchi kurs talabalari ushbu klinik bazalarda o‘quv amaliyotini o‘taydi;

    Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari va takliflarini hisobga olgan holda texnikumlar va kollejlarda oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qiladi;

    Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari
    va tibbiyot kollejlari oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga biriktiriladi, ularning o‘quvchilari ixtisosligidan kelib chiqib ushbu muassasalarda amaliyot o‘taydi.

    Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

    6. 2021 yildan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinsin.

    Belgilansinki, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida:

    tibbiyot oliy ta’lim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan
    va boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan
    30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari Davlat byudjetidan kompensatsiya qilinadi;

    olis va chekka hududlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan olis va chekka hududlardagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib bo‘sh shifokor ish o‘rinlari ro‘yxati tuziladi va muntazam yangilanib turiladi;

    mazkur bandda ko‘rsatilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun shifokorlar bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
    va viloyat hokimliklari o‘rtasida shartnoma tuzib boriladi.

    “Qishloq shifokori” dasturini moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari:

    bir oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni va talabgorlarni har bir mahalla kesimida aniqlasin, ularga uy-joy ajratish va mablag‘ berishni ta’minlasin, shuningdek, ularni tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tayyorlash bo‘yicha qabul parametrlarini oshirish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taklif kiritsin;

    tuman hokimlari va tijorat banklari bilan birga ipoteka dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilinayotgan shifokorlar uchun ajratishni ta’minlasin.

    Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun kelgusi yilda Davlat byudjetidan 20 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratsin.

    7. Quyidagilar taqiqlansin:

    tibbiyot xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha turdagi ishlarga jalb qilish;

    tibbiyot xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tuman va shahar hokimlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilsin.

    Bosh prokuratura (N.T.Yo‘ldoshev) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tibbiyot xodimlarining huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazsin hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlasin.

    8. Belgilab qo‘yilsinki:

    mulkchilik shaklidan qat’i nazar har bir korxona, muassasa va tashkilot ish beruvchisi o‘z xodimlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tadigan kuni ushbu tibbiy jarayondan o‘tishlari uchun shaxsan mas’ul hisoblanadilar;

    mulkchilik shaklidan qat’i nazar har bir korxona, muassasa va tashkilotga ishga qabul qilinayotgan xodimlar o‘zlari tibbiy tekshiruvdan o‘tadigan kuni to‘g‘risida ish beruvchilarni majburiy tarzda xabardor qiladi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu talablarning ish beruvchilar tomonidan rioya qilinishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilishi, zarur hollarda, ularni buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

    O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tegishli soha va tashkilot kasaba uyushmalarini jalb qilgan mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xodimlar va ishchilarning mehnatiga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilishda samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.

    9. 2021 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning ishchi va xizmatchilarga jarohat yetkazish xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish o‘rniga mehnat sharoitlarini maxsus baholash tizimi joriy etilsin.

    Belgilab qo‘yilsinki:

    maxsus baholash jarayonida birinchi navbatda ish o‘rinlaridagi xavfli va zararli omillarning xodim salomatligi darajasiga ta’sirini bartaraf etishga qaratiladi;

    maxsus baholovchi xodimlar tarkibiga oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mehnat gigiyenasi mutaxassisi majburiy tarzda kiritiladi;

    maxsus baholash faqatgina shtat birligidagi xodimlarida maxsus baholash bo‘yicha ishlarni bajarish huquqiga ega bo‘lgan guvohnomasi mavjud tashkilot (yuridik shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.

    Vazirlar Mahkamasi:

    maxsus baholash tizimining 2021–2023 yillar mobaynida to‘liq joriy qilinishini ta’minlasin;

    2021 yil 1 yanvarga qadar mehnat sharoitlarini maxsus baholash bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish hamda tahlil qilish mexanizmini joriy qilish uchun yagona elektron platforma bazasi yaratilishini va 2021 yil 1 fevralga qadar uning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlasin.

    10. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2014 yilda Palliativ tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilinganligi inobatga olinsin.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov, E.I.Basitxanova) Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning ekspertlarini jalb qilgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021–2025 yillarda O‘zbekistonda palliativ tibbiy xizmatni rivojlantirish konsepsiyasini maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    11. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E.Burxonov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) bilan birgalikda bir oy muddatda sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish dasturini ishlab chiqsin. Bunda, har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chaqiriqlar, “ishonch telefonlari” va boshqa targ‘ibot materiallari joylashtirilsin.

    12. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazish maqsadida tibbiyot xodimlarining kasbini ulug‘lovchi videoroliklar, ilmiy-ommabop ko‘rsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlarni ishlab chiqsin, televideniye orqali doimiy namoyish qilsin hamda ijtimoiy reklama sifatida ularni televideniye va radiokanallarda joylashtirsin.

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish ishlarini tashkillashtirsin.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar
    va Toshkent shahar hokimlari hududiy telekanallar va ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi jamoat salomatligini ta’minlash, mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritish ishlarini doimiy ravishda tashkillashtirib borsin.

    13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    14. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul
    va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh.Inoyatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev, sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev va sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh.Inoyatov har chorakda ushbu Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

    Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2020 yil 12 noyabr