Bitiruvchilari oʻqishga kirish boʻyicha 100 foizlik natija koʻrsatgan maktabga press tur uyushtirildi

    Bitiruvchilarning 23 nafari xalqaro IELTS sertifikatini qoʻlga kiritgan, maktabning 2 nafar bitiruvchisi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi sohibiga aylanib, AQSHning nufuzli oliygohida tahsil olmoqda.

    Poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

    Astronomiya fanining kelgusidagi rivoji uchun malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aeronavtika faoliyati sohasidagi yangi yutuqlarni oʻrganish va oʻzlashtirishga boʻlgan intilishini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur maktabda oʻquvchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, bir necha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Maktab muzeyi astronomiya va aeronavtika fani rivoji haqida qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etsa, taʼlim muassasasidagi teleskop oʻquvchilarni bu boradagi bilimlarini mustahkamlashga koʻmaklashayotir.

    200 oʻquvchi oʻrni va 150 oʻrinli turar joyiga ega boʻlgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabda bugun 188 nafar oʻquvchiga innovatsion usullarda taʼlim berilmoqda.

    Aerokosmik texnologiyalar xonasida zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari oʻrnatilgan. Maktab binosining tom qismida oʻrnatilgan Teleskopda oʻquvchilar osmon jismlarini kuzatishlari mumkin. Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar toʻgaraklari ham tashkil etilgan.

    Maktabni joriy oʻquv yilida tamomlagan 29 nafar bitiruvchi 100 foizlik natija koʻrsatib, barchasi mahalliy hamda xorijiy OTMlarning talabalariga aylandi. Ular xorijiy OTMlarning umumiy hisobda 6 million 141 ming 700 AQSH dollari miqdoridagi xalqaro grantlariga ega boʻlishdi.

    Bitiruvchilarning 23 nafari xalqaro IELTS sertifikatini qoʻlga kiritgan, maktabning 2 nafar bitiruvchisi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi sohibiga aylanib, AQSHning nufuzli oliygohida tahsil olmoqda.

    Maktabga tashkil etilgan press-tur mobaynida ommaviy axborot vositalari vakillari maktabda oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yoʻlga qoʻyilgan toʻgaraklar faoliyati, maktab Prezidentligiga oʻtkazilgan saylovlar natijalari, “Star” market loyihasi, maktab muzeyi va teleskopi bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.