Chunki qoʻrqishadi yoki ota-onalari idiologiyasi tufayli bu kasb qizlarga toʻgʻri kelmaydi, degan eski qarashlar toʻsiq boʻladi. Biroq endilikda bizda yangicha qarashlar shakllanyapti.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning bir millliarddan ziyod oʻquvchilarning maktablarga bormayotgani “avlodlar falokati”olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlari keng muhokamalarga sabab boʻldi. Darhaqiqat, maktablar porloq kelajakka yoʻllovchi qutlugʻ dargohlardir. Ertamiz egalarining har tomonlama barkamol, intellektual yetuk boʻlib tarbiya topishlarida ular gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, ilm-fan shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda farzandlarimizni zamonaviy sohalarga yoʻnaltirish, bu borada maktablarni ixtisoslashtirish orqali kutilgan natijalarga erishish bugunning kechiktirib boʻlmaydigan vazifalaridandir.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashgan maktab direktori Xilola Umarova bilan boʻlgan suhbatimizda ana shu dolzarb masalalar haqida fikr almashdik.

— Mutaxassis sifatida bugungi kunda yurtimizda axborot texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ishlar, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlarga munosabatingiz...

– Yildan-yilga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) shiddatli rivojlanayotgani tufayli, bugun mazkur soha tilini oʻrganish – oʻqish va yozishni bilishdek muhim boʻlib boryapti.

Ayniqsa, 2020-yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deya nomlanishini nafaqat joriy yil uchun Dastur, balki mamlakatimizning keyingi taraqqiyot yoʻlini belgilovchi fundamental ahamiyatga ega tarixiy hujjat sifatida ham baholash zarur.

Yurtboshimiz tomonidan AKTni hayotimizning barcha jabhalariga kengroq joriy etish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha berib borilayotgan aniq vazifalar, jumladan, 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa yaqin kelajakda qator ijobiy natijalarga erishishimizda dasturiamal boʻlib xizmat qiladi.

Bu borada, avvalo, zamonaviy dasturchilar tayyorlash muhimligi tushunilgach, “Bir million dasturchi” loyihasi yoʻlga qoʻyildi va unga dastlabki bosqichda 62 mingdan ziyod oʻquvchi qamrab olindi. Ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi. Yil yakuniga qadar yana 100 mingta va 2021-yilning birinchi yarmida 150 mingta oʻquvchini oʻqitish, talabalarning dasturiy taʼminot boʻyicha malakasini oshirish vazifasi ham belgilandi. 5-sinfdan oʻqitib kelinayotgan “Informatika” fanini zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish, ushbu fanga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yoʻnalishlarni kiritish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabi ekani anglashilgan holda barcha hududlarda raqamli texnologiyalar boʻyicha kamida 100 ta oʻquv markazi ochish vazifasi qoʻyildi. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yoʻnalishlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, soha mutaxassislariga sharoit yaratish masalalariga ham eʼtibor qaratilib, oʻtgan yil Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan boʻlsa, endilikda Andijon va Margʻilon shaharlarida mazkur IT-Parkning filiallari tashkil qilindi. Bizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida ham yana bir filial binosi qurilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida ham shunday filiallar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bularning barchasi AKT sohamizdagi yutuqlarning yaqin kelajakda dunyoga olib chiqilishiga xizmat qiladi deb oʻylayman.

– IT infratuzilmasini yaxshilash va bu boʻyicha yoshlarning savodxonligini oshirish tufayli qanday istiqbolli rejalarga erishish mumkin?

– “Qarisi bor uyning — parisi bor”, deganlaridek, yoshlari koʻp yurtning kelajagi ham porloq boʻladi. Sogʻlom, kuch-gʻayratga toʻla, ilmga, oʻrganishga chanqoq yoshlarimiz chin maʼnoda baxtimizdir. Bu — diyorimizda ishchi kuchi salohiyati yuqori ekanidan dalolat. Agar yoshlarimiz haqiqatan IT sohasiga qiziqib, uni mukammal oʻrganishsa, bilishsa, ishonch bilan aytamanki, biz bu yoʻnalishda bemalol jahon bozoriga chiqib, oʻz bilimimizni, ilmimizni eksport qilishga erishamiz. Oddiyroq qilib tushuntiradigan boʻlsam, boshqa davlatlardan loyihalar (autsorsing) olib ishlash, Oʻzbekistonda turib, boshqa xorijiy tashkilotlarga oʻz loyihalarimizni sotish orqali ham daromad topamiz.

Misol uchun, yaqinda Toshkent shahridagi INHA universiteti bitiruvchisi Sunnat Anvarov bir qancha xorijiy davlatlar oʻrtasida oʻtkaziladigan xalqaro loyihada qatnashdi. U oʻziga topshirilgan vazifani aʼlo darajada bajarib, buyurtmachi kompaniyaga taqdim etdi. Bu borada bizda xizmat koʻrsatish narxlari hozircha arzonligidan qaysidir maʼnoda oʻsha tashkilot ham yutdi. Muhimi, bizga avvalo, malaka oshirganimiz, qolaversa, dunyoga tanilib borayotganimiz, yaʼni ishonchni oqlayotganimiz foyda boʻlyapti. Keyingi gal mana shunday hamkorlarimiz bizga katta-katta loyihalarni ham bemalol ishonib topshirishlari mumkin.

– Siz rahbarlik qilayotgan ixtisoslashtirilgan maktabning axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi va kelgusida bu borada nimalar rejalashtirilayotgani haqida aytsangiz...

– Avvalo, Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashgan maktabning tashkil etilishi — bu taraqqiyot sari qoʻyilgan muhim qadamlardan biri, desak adashmaymiz. Sababi, bolalarni yoshligidan IT yoʻnalishiga qiziqtirib, maktab davridanoq aniq fanlarga moslashtirgan holda chuqur tayyorlab borsak, yaqin kelajakda albatta ulkan yutuqlarga erishamiz. 2019-yilning dekabr oyida yangi binoga koʻchib oʻtishimiz va zamonaviy moddiy-texnika bazalari bilan taʼminlanishimiz maktabimizni oʻquvchilarimiz uchun oʻz iqtidorini rivojlantirish va koʻrsatishga xizmat qiluvchi haqiqiy ilm maydoniga aylantirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Pedagog kadrlarimiz salohiyatini oshirish maqsadida joriy yil 10 nafar oʻqituvchimiz va bir nafar direktor oʻrinbosari malaka oshirish kurslarida buyurtma asosida oʻqib, sertifikat olishdi. Oʻqituvchilarimizga IELTS test sinovlarini maktab hududida topshirish imkonini yaratish maqsadida “Edu-Action IELTS Center” bilan oʻzaro memorandum imzoladik. Shuningdek, 5 – 8-sinf oʻquvchilarimiz orasida algoritmga asoslanib, oʻz loyihalarini yaratgan iqtidorli yoshlarimiz ham bor. Buni zinhor eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak deb oʻylayman. Agar ular bilan mutaxassislar, mentorlar jiddiy shugʻullanib, yaqindan koʻmaklashishsa, katta natijalarni qoʻlga kiritishimiz hech gap emas.

Joriy yil maktabimizning 2 ta guruhi har yili 10 – 18 yoshli qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Technovation Girls” xalqaro tanlovining yarim finaliga chiqib, bizni juda xursand qilishdi. Ular jamiyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, biznes va boshqa yoʻnalishlarda mavjud muammolarga dastur koʻrinishida yechim ishlab chiqib, oʻziga xos yangicha yondashuvni yaratishdi, desam mulobagʻa boʻlmaydi. Yaʼni, qizlarimiz butun dunyoda global masalalardan biri — yosh bolalarning zoʻravonlikka uchrash holatining oldini olish va toʻxtatish mavzusini tanlab, asosiy gʻoyani videoroliklar orqali yetkazishga urinishgan hamda bu munosib baholangan. Endilikda oʻquvchilarimiz ushbu gʻoyaga kiber zoʻravonlikni ham qoʻshib, finalga chiqish niyatini bildirishmoqda.

Qarang, bugungi yosh avlodda tashabbus kuchli. Faqat ularni qoʻllab-quvvatlash, yoʻnaltirish va ragʻbatlantirib turish kerak, deb oʻylayman.

Axborot texnologiyalari shunday sohaki, yosh chegaralanmaydi, jins tanlamaydi. U kundan-kunga, yildan-yilga rivojlanib boraveradi. Bu degani, har bir mutaxassis oʻz ustida muntazam ishlashiga toʻgʻri keladi: doimiy yangilik, innovatsiya, qoʻshimcha dastur tillari, xullas, har yili yangidan-yangi mukammallashganlari chiqib kelaveradi...

Shuning uchun ham biz oʻz oldimizga maktab davridanoq asosiy baza — algoritmni, yaʼni bolalarni eng kerakli aniq fanlarga yoʻnaltirib, moslashtirib, bu dargohni bitirgunicha salkam mutaxassis qilib yetishtirishni bosh maqsad qilib qoʻyganmiz. Yaʼni 5-10-sinfgacha dasturlash tili (informatika fani), mobil ilova va sayt yaratish, dizayn, VR, robototexnika yoʻnalishlari boʻyicha mukammal mutaxassislar tayyorlab beramiz. Bu borada mutasaddi xodimlarimiz bilan izlanib, maslahatlashib, maktabimizga imkon qadar yangidan-yangi islohotlar, innovatsion yondashuvlarni olib kirishga harakat qilyapmiz. Masalan, rivojlangan davlatlar tajribalarini oʻrganyapmiz, yangi rejalar tuzyapmiz, oʻquv dasturlarini oʻzgartiryapmiz, informatika, yaʼni IT darslarini ham kengroq qamrab olyapmiz.

Shu oʻrinda faxr bilan aytishni istar edimki, mart oyida maktabimiz oʻquvchilari robototexnika boʻyicha respublika miqyosida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda birinchi oʻrinni egallashdi. Ular orasida qizlarimiz ham bor. Birinchi marta respublika miqyosida yagona qizlar jamoasi tuzilib, ular ham sovrinli oʻrinlarga munosib koʻrildi. Bu yutuqlar albatta jamoamizning birdamlikdagi saʼy-harakatlari samarasi, desam xato boʻlmaydi.

Bundan tashqari, yaqinda YERAM kompaniyasi bilan yaxshi maqsadlarda memorandum imzoladik. Kelishuvga koʻra, kompaniya tomonidan maktab oʻqituvchilari uchun IT yoʻnalishida kurslar tashkil etilib, kursni yakunlaganlarga sertifikat beriladigan boʻldi. Bundan koʻzlangan maqsad — oʻqituvchilarimizning ham malakasini oshirish, ham taʼlim berish jarayonida olgan bilimlarini oʻquvchilarga yetkazish.

Maktabimizning yana bir oʻziga xosligi — oʻquvchilarimizni 7-9-sinflardanoq loyihalar olib ishlashga jalb etayotganimiz, yaʼni maktab davridanoq IT kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganimiz, birga ishlashimizdir. Ular oʻquvchilarimizga oʻzlariga kerakli kichik-kichik loyihalarni berishadi. Bolalarimiz ularni mutaxassislar bilan birga ishlab, oʻz iqtidoriga yarasha boyitishga harakat qilgach taqdim etishadi. Xullas, nazariya bilan amaliyotni birgalikda olib boryapmiz.

– Yuqorida axborot texnologiyalari yosh, jins tanlamaydigan soha deganda nimani nazarda tutdingiz?..

Bilasizmi, bu yoʻnalishda qizlar salohiyatining yildan-yilga oshib borayotgani meni quvontiradi. Dasturchi ayol, AKTga ixtisoslashgan maktab rahbari sifatida shuni aytishim mumkinki, bugun qizlarimizning bu sohaga yondashuvi judayam kreativ, yaʼni oʻziga xosdir. Toʻgʻri, dasturchi deganda koʻz oldimizga faqat yigitlar keladi, qizlarni bu yoʻnalishda tasavvur qilishimiz qiyin. Ammo shunga qaramay, ishonch bilan aytamanki, bu qizlarimiz uchun eng qulay mutaxassislik. Bunga misol sifatida beshta omilni keltirishim mumkin:

Agar koʻrsatkichdan kelib chiqadigan boʻlsak, qizlar koʻproq tibbiyot, pedagogika yoʻnalishlarini tanlashadi. Bu ham yaxshi albatta. Lekin IT yoʻnalishida qizlarimiz ulushi kam. Xoʻsh, nega? Chunki qoʻrqishadi yoki ota-onalari idiologiyasi tufayli bu kasb qizlarga toʻgʻri kelmaydi, degan eski qarashlar toʻsiq boʻladi. Biroq endilikda bizda yangicha qarashlar shakllanyapti. Dasturchi qizlar oʻzlarining kreativ yondashuvi, dizaynga alohida ahamiyat berishi, har bir detalni, elementni koʻzdan qochirmasligi, ichki dasturlashda algoritmga eʼtibor qaratishi bilan ajralib turishadi. Men qizlarimizda ana shu qirralarni payqadim.

Ikkinchidan, qizlarimiz oila qurib, farzandli boʻlishsa ham uyda oʻtirib, boʻsh vaqtlarida bemalol loyiha olib ishlashlari mumkin. Hech kim ularning vaqtini chegaralab qoʻymaydi.

Uchinchidan, dasturchining maoshi boshqa soha xodimlarinikiga qaraganda yuqori boʻlishi.

Toʻrtinchidan, dasturchi ona ertaga oʻz farzandlarida IT sohasiga boʻlgan qiziqishni yana-da kuchaytiradi. Oʻzim misolimda aytadigan boʻlsam, bolalarimga hozirdan dasturlash tili, dasturchilik faoliyati haqida tushunchalar berib boraman. Shuningdek, oʻquvchilarimga ham bu sohaning juda keng qamrovli ekanini, vatanimiz rivojida hissasi kattaligini oʻquv yili boshidanoq singdirib, tushuntirishga harakat qilaman. Bu kelajak avlodning ilmli, dono ulgʻayishi va innovatsion yondashuvi uchun juda muhimdir.

Ishonamanki, soha boʻyicha yoshlarga yangi imkoniyat eshiklarining ochilishi, malakali pedagoglar, zamon bilan hamnafas mutaxassislardan dars olish, tugʻilgan gʻoyalarni murabbiylar, mentorlar koʻmagida hayotga tatbiq etishga doir shart-sharoitlar yaqin kunlarda albatta oʻz mevasini beradi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Munojat Moʻminova suhbatlashdi