Pirovardida, shunday tezkor taraqqiyotga mos ravishda qonun hujjatlari ham takomillashib bormoqda. Qonunchilik bazasidagi yangiliklar va sud-huquq sohasiga kirib kelgan yangi amaliyot, jinoyat va huquqbuzarliklarning yangi turlarini aniqlash usullari mamlakatimiz rivojiga monand ravishda yangilanmoqda.

Albatta, Konstitutsiyani takomillashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlar bejiz emas. Uni xalqimiz koʻz oʻngida namoyon boʻlayotgan bunday yuksalishlarga mos ravishda takomillashtirish bugungi kunning muhim shartidir.

Shu oʻrinda birgina maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha inson huquqlariga daxldor misol keltirmoqchiman. Qonun hujjatlariga muvofiq, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilgani boʻyicha jarima solish toʻgʻrisidagi qaror maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs ishtirokisiz chiqariladi va belgilangan tartibda huquqbuzarga yuboriladi. Elektron vositalar orqali rasmiylashtiriladigan bu yangi amaliyot bir jihatdan huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar uchun jazoni tezroq imtiyozli bartaraf etish borasida qulaylik tugʻdirmoqda. Ammo bir jismoniy shaxsga nisbatan bitta huquqbuzarligi uchun ikki va undan ortiq jazo choralari qoʻllash holatlari ham kuzatilmoqda.

Masalan, bir avtomashina taqiqlangan belgi ostida qoldirildi. Buni koʻrgan bir yoki bir necha fuqaro suratga olib, muayyan vaqtlar oraligʻida ichki ishlar organlari maxsus xizmatlariga yuboradi. Shunday xabarlar asosida bir huquqbuzarlik uchun ikki va undan ortiq maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgan holatlar bor. Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga, haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda, oʻz muammoli vaziyatlariga munosib yechim topolmay, davlat idoralari orasida sarson boʻlishiga olib kelmoqda.

Jinoyat kodeksining 8-moddasida odillik prinsipi sifatida hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi belgilangan. Ammo “Hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas”ligi toʻgʻrisidagi normaning Bosh qonunimizda boʻlmasligi qonunchiligimizdagi boʻshliq hisoblanadi. Konstitutsiyaviy boʻshliq boshqa qonun hujjatlariga keskin taʼsir etadi. Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda aynan bunday aniq normalar mavjud emas. Agar bu norma Konstitutsiyada boʻlganida edi, jazo tayinlashda unga tayanish mumkin boʻlardi. Vaholanki, aslida bu norma prinsipial norma sifatida Konstitutsiyada oʻz aksini topishi lozim edi.

Konstitutsiyaviy komissiyaning yaqinda boʻlib oʻtgan yigʻilishida yigʻma axborot-tahlil guruhi tomonidan tavsiya etilgan ushbu taklifning komissiya aʼzolari tomonidan maʼqullanishini jamiyatda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi tarafdori sifatida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi toʻla qoʻllab-quvvatlaydi.

Bunday prinsipial va xalqaro umumeʼtirof etilgan normalarning Bosh qonunimizda mavjud boʻlishi inson huquqlarini taʼminlashda alohida va qatʼiy ahamiyat kasb etadi. Zero, Konstitutsiya ustuvorligi jamiyatda inson huquqlarini taʼminlashning mustahkam poydevoridir.

Abdukamol RAHMONOV,

“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi oʻrinbosari