Eng muhimi, bu faollik odamlarda milliy taraqqiyotga daxldorlik, masʼullik tuygʻusini oshiradi. Tinch-totuv yashash, farovon turmush, ishchanlik va tashabbuskorlik, yoshlar tarbiyasi bilan muntazam shugʻullanish koʻpchilik uchun ham maʼnaviy, ham fuqarolik burchiga aylanadi. Bu burch jamiyatning ilgʻor qatlamini mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida yanada harakatchan boʻlish, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga daʼvat etadi.

Mamlakatimiz keyingi oʻn yillikda misli koʻrilmagan taraqqiyot yoʻliga kirdi. Bu yillarning har biri, har daqiqasi muttasil kurash, intilish, izlanish, yanada yorugʻ kelajakka qatʼiy ishonch ruhi bilan ajralib turadi. Ayni chogʻda bugungi tinch-totuv, erkin va farovon hayotimizni asrab-avaylash, Vatanimizning rivojlangan mamlakatlar safidan mustahkam oʻrin olishi uchun har bir kishi yoshi, kasb-koridan qatʼi nazar, fidokorona mehnat qilishi, bilim va tajribasini yoshlarga oʻrgatishi, ular tarbiyasiga yanada eʼtiborli boʻlishi zarur.

Yillar zanjiri uzluksiz ulanib boraveradi. Vaqt charxi tinimsiz aylanadi. Bir qarashda hammaga bir xil imkoniyat berilgandek. Ammo milliy taraqqiyot yoʻlini aniq belgilagan, bu yoʻlda hamjihat boʻlib harakat qilayotgan, ogohlikni qoʻldan bermagan, yutuqlaridan esankiramay, baland marralarni koʻzlagan xalqqina oʻzining buyuk kelajagini taʼminlay oladi. Bu jarayondagi qisqa fursatli toʻxtalish ham umumiy shiddatni susaytiradi.

Ha, vaqt shiddat bilan oʻtib boradi. Tarixga aylanayotgan yillar istiqlol solnomasida oʻzining salmoqli izini qoldiradi. Ammo hayotda shunday yillar, qisqa davrlar ham boʻladiki, ular mohiyatan yillik yoki oylik vaqt, baho oʻlchoviga sigʻmaydi. Bugun xalqaro hamjamiyatning toʻlaqonli aʼzosiga aylangan Oʻzbekistonning keyingi oʻn yildagi jasoratli ishlari, maʼnaviy yuksalish, iqtisodiy barqarorlik borasida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari dunyo eʼtiborini oʻziga qaratayotgani boisi shunda.

Oʻzbekiston 2017-yildan boshlab ichki va tashqi siyosatda jiddiy yangilanish yoʻliga oʻtdi. Iqtisodiyot erkinlashdi, tadbirkorlikni davlat darajasida qoʻllab-quvvatlash boshlandi, valyuta konvertatsiyasiga yoʻl ochildi. Yanada muhimi, xalq bilan bevosita muloqot qilish, fikr-mulohazalariga quloq tutish, oʻrinli taklif va tashabbuslarni inobatga olish Prezidentimiz siyosatida oʻz ifodasini topdi. Fuqarolarning huquqiy ongi va bilimini oshirish, korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash birlamchi, kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylandi. Tashqi siyosatda, avvalo, uzoq-yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarimiz yaxshilandi, muzlar koʻchdi, ginalar unutildi. Xorijiy investorlarga yoʻl ochildi, ularga huquqiy kafolatlar beruvchi qonunlar qabul qilindi. Bugun nainki biz, balki dunyo hamjamiyati ham mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarining real natijalarini yaqqol koʻrib turibdi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining oʻzak yoʻnalishiga aylandi. “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyil Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu yoʻnalishga doir baʼzi raqamlarga eʼtibor bersak.

Shu oʻn yillikda davlat byudjetidan taʼlim hamda tibbiyot sohaciga ajratilgan mablagʻ hajmi sezilarli darajada koʻpaydi. Bundan oʻn yil avval maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 76 foizga yetdi. Oliy taʼlim sohasidagi qamrov 9 foizdan 42 foizga oʻsdi. 180 mingga yaqin oila arzon uy-joy bilan taʼminlandi. Aholi uchun yoʻnaltirilayotgan ipoteka krediti miqdori toʻrt barobar oshdi. 2025-yili 302 ming oila kambagʻallik holatidan chiqdi. Mamlakatimiz tez va barqaror rivojlanayotgan davlatlar safidan joy oldi.

Oʻzbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati mamlakatimizning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylanganini xorijiy davlatlar yetakchilari va xalqaro ekspertlar rasman eʼtirof etmoqda. Buning boisi shuki, Oʻzbekistonning prinsipial tashqi siyosati xalqaro munosabatlarda yuksak baholandi. Oʻtgan yili strategik ahamiyatga ega bir necha ijtimoiy-siyosiy voqea yuz bergani Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini sezilarli darajada koʻtardi.

Markaziy Osiyodagi ulkan oʻzgarishlar, yagona maqsad yoʻlidagi real qadamlar, mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar kengashi faoliyatidagi yetakchi va tashabbuskorligi, davlatimiz rahbarining uzoq va yaqin davlatlarga, jumladan, AQSH va Yaponiyaga rasmiy safarlari natijasi fikrimiz isbotidir. Bu jarayonda Shavkat Mirziyoyevning eng muhim, gʻoyat chigal xalqaro muammolarni ham tinch, muzokaralar yoʻli bilan hal qilish toʻgʻrisidagi takliflari eʼtiborga tushdi.

Oʻzbekiston ayni paytda AQSH, Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq mamlakatlari diqqat markazida turibdi. Mamlakatimizga qiziqish gʻoyat katta. Biz bilan hamkorlik qilishni xohlayotganlar koʻp. Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo aylanmasi soʻnggi besh yilda ikki barobardan oshdi. Fransiya, Germaniya, Belgiya va Italiya kompaniyalarining toʻqimachilik, qayta tiklanadigan energiya, logistika kabi sohalarda Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan mingdan ziyod Yevropa qoʻshma korxonalarining umumiy sarmoyasi 40 milliard yevroga baholanmoqda.

Xitoy Oʻzbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori boʻlib qolayotir. Oʻzaro savdo jadal oʻsishda davom etayotgani va bu manfaatli hamkorlik har ikki tomonning iqtisodiy mavqeini mustahkamlayotgani inkor qilib boʻlmaydigan haqiqat.

Xalqaro moliyaviy aloqalar bilan bogʻliq hech qachon oʻzgarmaydigan bir haqiqat bor: investorlar ming mashaqqat bilan topgan mablagʻini ishonchsiz, qonunlari kuchsiz, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan, korrupsiya ildiz otgan hududlarga kiritmaydi. Bu jihatdan koʻngli toʻq, bexavotir boʻlgandagina hamkorlikka imzo chekadi. Bugun mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar miqdori tobora oshib borayotgan ekan, bu mulkdorlarning Oʻzbekistonga ishonchi mustahkamlanib borayotganidan dalolat.

2025-yil Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish yili boʻldi. Vashingtonda oʻtgan Markaziy Osiyo — AQSH sammiti (C5+1) va yuqori darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bunga mustahkam asos yaratdi. Davlatimiz rahbari va AQSH Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida oʻtgan yili noyabrda Vashingtonda boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng Davlat departamenti ikki davlatning oʻzaro munosabatlari tarixidagi strategik jihatdan gʻoyat muhim kelishuvlar toʻplamini eʼlon qildi. Unda oʻzaro savdo aylanmasi soʻnggi sakkiz yilda toʻrt barobar oshgani, Oʻzbekistonda ayni paytda 300 dan ortiq AQSH kompaniyasi faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.

2026-yil 22-yanvarda Donald Tramp Shveysariyaning Davos shahrida oʻtkazilgan Jahon iqtisodiy forumida oʻzining tashabbusi bilan tuzilayotgan Tinchlik kengashi taqdimotini oʻtkazdi. Ushbu kengash aʼzoligiga Oʻzbekistonning taklif etilishi vatanimizning jahondagi obroʻ-eʼtibori yanada oshayotganining isbotidir.

Davlatimiz rahbarining Pokiston Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi chogʻida imzolangan oʻzaro hamkorlikka doir muhim hujjatlar, kelishuvlar ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik aloqalari uzoq tarixga borib taqalishini namoyon etdi. Oʻzbekiston rahbari va xalqimizga ehtirom, dunyo hamjamiyatida yurtimizning bugungi baland mavqei, xalqaro maydonda ishonchli sherikka aylanib borayotgani alohida eʼtirof etildi. Pokiston rahbarlari Oʻzbekistonning mintaqada tinchlikni saqlab qolish, har qanday nizolarni tinch yoʻl bilan bartaraf etish borasidagi qatʼiy pozitsiyasi, bu jarayonga qoʻshayotgan salmoqli hissasini takror-takror tilga oldi. Davlatimiz rahbariga “Doʻstim, birodarim”, deb murojaat qilindi.

Oʻzbekiston faqat bugun emas, avvallari ham xalqaro maydonda ayni shu pozitsiyada faollik koʻrsatgan. 1966-yil 10-yanvar kuni Toshkentda Hindiston Bosh vaziri Laʼl Bahodir Shastri va Pokiston Prezidenti Ayubxon imzolagan deklaratsiya ikki mamlakat oʻrtasidagi nizoni toʻxtatish, tomonlarni murosaga keltirishga asos boʻldi. Shuningdek, Hindiston va Pokistonning mashhur ayol rahbarlari — Indira Gandi hamda Benazir Bxutto ham oʻzaro tinchlik-totuvlikka erishishni orzu qilgan edi...

Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar faqat iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar bilan cheklanayotgani yoʻq. Biz uzoq yillar tariximizni xolis va haqqoniy oʻrgana olmadik, ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy merosdan bebahra yashadik. Sobiq tuzum mafkurasi bunga yoʻl bermadi. Bu mafkura bizni Amir Temurdek buyuk sarkarda va davlat arbobidan, temuriyzodalar maʼrifatidan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Najmiddin Kubro, Shayx Hovandi Tohur kabi allomalardan uzoqlashtirdi.

Bunday ulugʻ va moʻtabar zotlarning merosi xorijiy davlatlarda moziyshunos olimlar tomonidan qunt bilan oʻrganilayotgan, ilmiy anjumanlar oʻtkazilayotgan, asarlar yozilayotgan bir paytda bizda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan kishilarning ongiga dahriy dohiylarning kommunizm haqidagi choʻpchaklari singdirildi. Xalqimizning necha asrlik milliy qadriyatlari oyoqosti qilindi, tilimiz va dinimiz tahqirlandi. Maʼno-mohiyatiga koʻra yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, farovonlik, millatlararo totuvlik, eʼtiqod erkinligi, bagʻrikenglik tushunchalarini ifodalaydigan istiqlol gʻoyasi bunday gʻayriaxloqiy siyosatga barham berdi.

Bugun mamlakatimizga kelib, Toshkentdagi mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazini, Samarqandda Imom Buxoriy hazratlari nomida bunyod etilgan fusunkor majmuani koʻrgan kishi yangi Oʻzbekistonni, bu yurt odamlarining qalbi, ulugʻ ajdodlarga cheksiz ehtiromi, davlatimiz rahbarining bardavom xalqchil siyosati mohiyatini aniq tasavvur etadi.

Konstitutsiyamizda mamlakat fuqarolarining millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng haq-huquqqa egaligi belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekistonda umrguzaronlik qilayotgan har bir inson yurtimizda oʻtkazilayotgan va yaqin kelajak uchun koʻzda tutilayotgan islohotlar, eng avvalo, oilasi va farzandlari, davlatimiz farovonligi va taraqqiyoti uchun amalga oshirilayotganini aniq-ravshan anglab yetishi nihoyatda muhim. Buning uchun har bir kishi bugungi tezkor va talabchan davrdan ortda qolmay, oʻzining huquqiy madaniyati va xabardorlik darajasini, islohotlar samarasi uchun ijtimoiy masʼullik tuygʻusini yanada oshirishi, fuqaro sifatida faol boʻlishi, jamiyat hayotida, dunyoda, yon-atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmasligi, ularning maʼno-mohiyatini toʻgʻri anglashi va toʻgʻri xulosa chiqarishi lozim.

Har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlsagina oʻz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqi hamda imkoniyatiga ega boʻladi. Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda, “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Renessans” iboralari tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda milliy taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyayotganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimiz, ulugʻ niyatlarimizning dunyo darajasidagi eʼtirofidir. Chunki Oʻzbekiston qisqa muddatda tashqi dunyoga ochiq makon, ishonchli hamkor, bagʻrikeng, saxovatli, tinch-totuv diyor sifatida boʻy koʻrsatdi. Xalqaro ijtimoiy-siyosiy munosabatlarda faollashdi. Oʻzining ishonchli, doʻstga sadoqatli, tinchliksevar, insonparvar imijini yaratdi. Bu qutlugʻ jarayon bundan buyon ham izchil davom etishi shubhasiz.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist