Bizda “shogird – farzanddek aziz” naqli shakllangan

    Mehrdan mehr yaraladi, ildiz otib yuksaladi. Shu bois, shogirdiga mehr va bilim ulashgan ustozning qadri ham baland bo'lib boraveradi. Shogirdining ota-onasi bilan yaqin do'st-birodar bo'lgan ustozning har bir xushxabari ham talabada yangidan-yangi intilishga rag'bat bag'ishlashiga ishonaman.

    Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulovning “... taʼlim mazmuniga islomni olib kirish uning tubdan isloh boʻlishida katta ahamiyatga egaligi” xususidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy maʼnoda keng muhokama mavzusiga aylanganidan xabaringiz bor. Shu maʼnoda vazir yaqindan tanishayotgan yurtimiz oliy taʼlim muassasalarining dastlabkilaridan biri ham aynan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov hamrohligida Abduqodir Toshqulovning Akademiya faoliyati bilan tanishuvi kunning ikkinchi yarmiga toʻgʻri kelgani bois talabalarning toʻgarak va qoʻshimcha mashgʻulotlari kuzatildi.

    Dastlab akademiyaning faollar zalida tadbirlarga hozirlik koʻrayotgan yosh isteʼdodlar bilan uchrashuv jonli muloqotga aylanib ketdi. Unda zukko va faol talabalar kelgusida davlat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish asosiy maqsadlari ekanini faxr bilan aytib oʻtdilar.

    Keyingi uchrashuvlar Akademiya kutubxonasi, “BOOK-CAFE”da darslardan soʻng nodir adabiyotlardan qoʻshimcha bilim olayotgan kitobxonlar bilan boʻlib oʻtdi.

    – Kutubxonamiz doimiy yangidan-yangi kitob va nodir qoʻlyozmalar bilan boyib boradi. Shu bois har kuni bu yerga oshiqaman, – deydi vazir bilan suhbatda Islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Anvar Mustafoyev. – Quvonarlisi, Akademiyamizda anʼanaga aylangan tashabbusga koʻra, ustoz-muallimlarimiz oʻzlari oʻqigan qadrli kitoblarini kutubxona fondiga sovgʻa qilishadi. Ustozlarimizni taʼsirlantirgan kitoblar esa bizni shundoq ham yangi-yangi bilimlarga oshno qilishi shubhasiz.

    Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Akademiya huzuridagi boshlangʻich tashkiloti xonasida bir guruh isteʼdodli yoshlar bilan boʻlgan uchrashuv ham eʼtiborga molik. Oliygohning “Dutorchi qizlar” guruhi “Fargʻona tong otguncha” kuyi va qoʻshigʻini mahorat bilan jonli ijro etildi. Ayniqsa, “Navroʻz” – umumxalq bayramida milliy anʼanalarimizni namoyish etishga hozirlik koʻrayotgan talaba Jaloliddin Ergashev chanqovuzda ijro etgan kuy olis oʻtmishni eslatgani bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

    Shundan soʻng Abduqodir Toshqulov Akademiya hovlisi, mini futbol maydoni, oʻquv xonalari, sport zali hamda talabalar turar joylarini koʻzdan kechirib, ularning faoliyatini yana-da samarali va qulay tashkil etish, amalga oshirilishi lozim boʻlgan bunyodkorlik ishlari xususida oʻz fikr-mulohazalari va tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Akademiyada talabalar bilan individual ishlash tizimining yoʻlga qoʻyilgani vazir eʼtiborini tortgan muhim jihatlardan biri boʻldi. Ayniqsa, fakultet dekanlari har bir talaba yashayotgan xonadonga borib, ularning yashash sharoitlari, ehtiyoj va muammolaridan boxabar boʻlayotganini alohida taʼkidlash joiz.

    Quvonarlisi, ota-onalar oʻz farzandining oʻqish va izlanishdagi yutugʻini avvalo oʻqituvchilardan eshitishi anʼanaga aylangan.

    — Akademiyamizda dono xalqimizning “Ustoz – otangdek ulugʻ” hikmatiga hamohang “Shogird – farzanddek aziz” naqli shakllangan, — deydi oʻzaro suhbatlarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov. — Mehrdan mehr yaraladi, ildiz otib yuksaladi. Shu bois, shogirdiga mehr va bilim ulashgan ustozning qadri ham baland boʻlib boraveradi. Shogirdining ota-onasi bilan yaqin doʻst-birodar boʻlgan ustozning har bir xushxabari ham talabada yangidan-yangi intilishga ragʻbat bagʻishlashiga ishonaman.

    Akademiya fakultet dekanlarining talabalar xonadonlarida boʻlib uchrashuvdan olgan taassurot va xulosalari haqidagi soʻzlari A.Toshqulovning ham eʼtiborini tortdi.

    – Ona Vatanimiz qadim tamaddun beshiklaridan boʻlgani jahonga maʼlum, – deydi uchrashuv yakunida Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov. – Buni yurtimizda farzand taʼlim-tarbiyasi, ularni barkamol voyaga yetkazish va albatta, yetuk kadr, zamonaviy nuqtayi nazardan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassis kadr sifatida shakllantirishda oʻziga xos jahonga teng tajribalar borligida ham oʻz isbotini topadi. Ularni tizimli oʻrganib, ommalashtirishimiz kerak, xolos. Faqat xorijiy tajribani oʻrganishimiz kerak, deguvchilarni esa shu bois ham koʻp ham oqlayvermayman.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan tanishuvi koʻplab yangi fikrlarga asos boʻldi. Yangilanish va yasharish bahor faslining ilk kunlarida oʻtkaziladigan bayramlar arafasida talaba-yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan yangi tashabbus va gʻoyalar esa ularning ilm-fandagi yutuqlarini yana-da boyitishiga ishonamiz.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri