Shuningdek, qaysiki davlatda yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga birinchi darajali masala sifatida qaralsa, oʻsha yurtning kelajagiga nisbatan masʼuliyatli ekanini ham anglatadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanishi ham bejiz emas. Oʻzbekiston yoshlar imkoniyatlari mamlakatiga aylanib bormoqda.
Xususan, 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda davlat rahbari tomonidan ishsizlarni kasbga oʻqitish, oliy taʼlim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Eng eʼtiborlisi, har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish vazifasi qoʻyildi. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Maʼlumki, soʻngi yillarda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratildi va u tizimli takomillashib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan BMT minbaridan turib Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilanganini eslang. Ushbu tashabbus ayni fikrlarimizni isbotlaydi. Davlatimiz rahbarining ilk imzolagan qonuni ham yoshlar manfaatlariga xizmat qiluvchi hujjat edi.
Ushbu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida soʻngi yillarda, yurtimizda yoshlar bandligini taʼminlash asosiy masala sifatida islohotlar markaziga qoʻyib kelinmoqda. Ushbu videoselektor yigʻilishida ham ayni yoshlar masalasi yana takror koʻtarildi. Xususan, ishsiz aholi va boʻsh ish oʻrinlari oʻzaro uygʻunlikda koʻrib chiqilmagani tanqid qilindi. Shundan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy taʼlim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali joriy yilning oʻzida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi. Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasini ilgari surdi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, taʼlim, sport, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi gʻoyalarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, yoshlar ishlari agentligining viloyat va tuman xodimlari oylik maoshini oshirish boʻyicha ham taklif bildirildi.
Darhaqiqat, Vatan taqdirini belgilovchi, uni oʻz qoʻliga olishga tayyor yurt egalari boʻlgan yoshlarga bugun imkoniyatlar eshigi keng ochilmoqda. Bir paytlar bizga orzu boʻlgan choʻqqilarga narvon qoʻyib berildi. Endi undan chiqa bilish, bu imkoniyatlardan unumli foydalana olish har bir yoshning oʻziga bogʻliq. Bu kabi yangiliklar yoshlarni quvontirib, ertangi kuniga ishonchini mustahkamlashiga ishonamiz. Eng muhimi ular shu yurt taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni boʻyniga ola bilishlaridir. Oʻzbekiston kelajagi uchun qoʻyilgan yana bir qadam aynan yoshlar manfaatlariga xizmat qiladi.
Hamidjon Omonov
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Andijon viloyat Kengashi raisi,
viloyat Kengashi deputati