G'oyani aniq harakatga aylantirib, ishlab chiqarishga faol joriy etish muvaffaqiyatli biznesning asosiy shartlaridan biri. Ammo hamma ham buning uddasidan chiqolmaydi. Chunki har qanday biznesni rivojlantirish uchun uni iqtisodiy manbalar bilan ta'minlash, ya'ni moliyalashtirish talab etiladi. Sarmoya qancha ko'p bo'lsa, yangi biznes loyihalar, tadbirkorlar soni shuncha ortib boradi. Buning ortidan tadbirkorlik muhiti shakllanadi.
Gap kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash hamda zarur shart-sharoitlarni yaratish haqida boryapti. So'nggi yillarda mamlakatimiz bu borada sezilarli tajriba to'plagani, yurtimizda qulay va erkin biznes muhiti yaratilishi ortidan barcha sohada ishbilarmonlar soni ortayotgani sir emas. Aniq biznes g'oyasiga ega, istiqbolli loyihalar ustida ish olib borayotgan har bir fuqaroni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, huquqiy ko'mak berishga yo'naltirilgan markazlar, tashkilotlar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Yurtimizning barcha hududlarida ishlab turgan kovorking va innovatsion markazlar, texnopark va boshqa yirik ishlab chiqarish maydonlarida yuzlab, minglab g'oyalar moliyalashtirilib, hayotga tadbiq etilmoqda. Yangi ixtiro, ishlanmalar, ilmiy kashfiyotlar esa barcha sohalar rivojiga xizmat qilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Vaholanki, bir necha yillar oldin biz faqat xorijliklar yaratgan yangi ixtirolar haqida hayrat bilan eshitar, kuzatar edik. Bugun esa ularni o'zimizning yoshlarimiz, iqtidorli yigit-qizlar yaratmoqda.
Mehnat bozorida ish beruvchilar ko'payadi
Yangi ixtiro, biznes g'oyalarni ilmiy asoslarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Ya'ni, har qanday g'oya asosida ma'lum bilim, izlanish yotadi. Shu bois, jahon amaliyotida intellektga sarmoya kiritish, ta'limni moliyalashtirish eng muhim yo'nalishlardan hisoblanadi. Dunyodagi ilmiy izlanishlar, yangilik va kashfiyotlarning ko'pi aynan ta'lim dargohlarida yaratilishi buning isboti.
Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan katta islohotlarning asosiy yo'nalishlaridan biri ham ta'lim, ilm-fanni rivojlantirish ekani sir emas. Bu borada tashlangan qadamlar, qisqa vaqtdagi o'zgarishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo biz iqtisodiy jihati, ya'ni 2022-yil 1-yanvardan 35 ta etakchi davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik va qo'shimcha vakolatlar berilganiga e'tibor qaratmoqchimiz. Bir qarashda, bu oddiy qarordek. Biroq o'z mablag'ini o'zi boshqarish imkoniyatidan ko'plab maqsadlarda unumli foydalanish mumkin. Masalan, moliyaviy mustaqillik OTMga talabalar orasida biznes muhitini shakllantirish, istiqbolli g'oyalarni ko'proq moliyalashtirish, biznes bo'yicha nazariy bilimlar berish imkoniyatlarini ham oshiradi. Bu orqali talabalar o'qish bilan birga, o'z tadbirkorligi ortidan moliyaviy mustaqillikka ega bo'ladi. Zero, zamonaviy ta'lim muassasalarining bugungi kundagi vazifasi bilim berish, kadrlarni tayyorlash bilan birga, o'zini iqtisodiy ta'minlay oladigan shaxslarni shakllantirishdan ham iborat.
Chunki mamlakatimiz aholisining yarmidan ko'pini yoshlar tashkil etadi. Har yili minglab yigit-qiz ta'lim muassasalarini tamomlaydi. Bitiruvchilarning barini munosib ish bilan ta'minlash esa asosiy muammolardan biri. Bordiyu, barcha ta'lim muassasalarida mutaxassislikdan tashqari, biznesga oid bilimlar berilib, talabalar tadbirkorlikka yo'naltirilsa, mehnat bozoriga ish izlovchilardan ko'ra ko'proq ish beruvchilar kirib boradi. Ya'ni, hozirgi davrda biz ta'lim dargohini tamomlagan yoshlarning qaerga ishga joylashgani haqidagi xisobotlarni talab qilishdan ko'ra, bitiruvchilarning qanchasi o'z biznesiga ega bo'ldi, qancha ish o'rni yaratgani haqida ko'proq o'ylashimiz, monitoringini yuritishimiz zarur. Buning uchun esa ta'limning barcha yo'nalishlarida tadbirkorlikka oid bilimlarni berish, qobiliyatli yigit-qizlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlashni oshirish maqsadlidir. Biznesni rivojlantirish markazlari faoliyatini yo'lga qo'yish esa buning eng samarali echimlardan biri bo'la oladi.
Nomidan ham ma'lumki, bunday markazlar kichik va o'rta biznesning boshlang'ich rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. Bu talabaga tadbirkorlikka oid bilimlarni berishdan to uning istiqbolli biznesini moliyalashtirishgacha bo'lgan jarayonni o'z ichiga oladi. Jahon tajribasida, yosh avlodning g'oya va loyihalari aksariyat hollarda katta foyda keltirishini ko'rsatmoqda. Ammo yigit-qizlarning hammasi ham o'z g'oyalarini amalga oshirish uchun amaliy, moliyaviy jihatdan etarli bilimga ega emas. Ta'lim muassasalarida joriy etiladigan biznesni rivojlantirish markazlari ana shu zarur nazariy bilimlarni shakllantirish, amaliy ko'maklashish vazifasini o'taydi. Qolaversa, bunday markazlar xususiy sektorga turli xizmatlarni ko'rsatish orqali iqtisodiy manfaatga ham ega bo'ladi.
Hozir biznes markazlari ancha ommalashib boryapti. O'tgan asrning 80-yillarida jahonda 100 ga yaqin biznes markazlari mavjud bo'lgan bo'lsa, 1992-yilda ularning soni 972 taga, 1995-yillarda esa salkam ikki mingtaga yetdi. Bugungi kunda esa dunyo bo'yicha 3,5-4 mingdan ortiq yirik biznes markazlari bor. Ular innovatsion markaz, texnopark, texnopol, ilmiy pakr, o'quv ishlab chiqarish markazi va boshqa turli ko'rinishlarda faoliyat yurityapti. Bunday markazlarning asosiy maqsadi resurslarni o'zlashtirish, innovatsion mahsulotlarni iste'molchilarga etkazish, ish o'rinlari yaratish va iqtisodiy rivojlanishga ko'maklashishdan iborat.
So'nggi yillarda esa dunyoning ko'plab davlatlarida ushbu markazlarga tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashning muvaffaqiyatli shakli sifatida qaralmoqda. Nafaqat AQSH, balki boshqa qator mamlakatlarda shunday markazlar soni keskin o'sishda davom etyapti. Qator MDH davlatlari, xususan, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ham bunday innovatsion qo'llab-quvvatlash tizimi allaqachon rivojlana boshladi.
Zarurat ham, sharoit ham bor
Biznesni rivojlantirish markazlari deyarli barcha sohalarga faol kirib boryapti. Ta'lim tizimida ham unga zarurat bor va yurtimiz ta'lim sohasidagi islohotlar hamda OTMlarga moliyaviy mustaqillikning berilishi bunday markazlarga bo'lgan talabni yanada oshirmoqda. Qolaversa, mamlakatimizda yaratilgan qulay, erkin tadbirkorlik muhitidan talabalar, yosh intellekt egalari ham unumli foydalanishlari lozim.
Xorijiy olimlardan biri, iqtisodiyot bo'yicha Nobel` mukofoti sovrindori G.Bekker o'zining nazariyalaridan birida intellektual kapitalga ham davlat, ham xususiy sarmoyaning kiritilishi zarurat, ekanligini asoslab bergan. Uning fikricha, ta'lim, tibbiyot va kadrlar salohiyatini oshirishga yo'naltirilgan ijtimoiy dasturlarga sarmoya kiritish — bu yangi texnologiyalarni yaratishni qo'llab-quvvatlash bo'lib, kelajakda, albatta, katta foyda keltiradi. Biznesni rivojlantirish markazlari haqida ham shunday deyish mumkin. OTM va xususiy tadbirkor birgalikda talabaning g'oyasini qo'llab-quvvatlashi asnosida yangi bizneslarning yaratilishiga ko'maklashadi. Ya'ni, ta'lim muassasasi markaz faoliyati uchun zarur bino, joy va boshqa manbaalarni yaratib bersa, tadbirkor u erda talabalarning biznesga o'qishi va amaliy harakatlarini moliyalashtiradi.
Dunyo tajribasi biznesni rivojlantirish markazlari sonining o'sishi bir qator muammolarni hal etishda samarali echim ekanligini ham ko'rsatmoqda. Xususan, ta'lim muassasalarining iqtisodiy-moliyaviy faolligini yaxshilash, ichki imkoniyat bozorlarini rivojlantirish, kichik va o'rta biznes tashkil etadigan talabalar sonini oshirish, kapital, mehnat, ishlab chiqarish, tabiiy va boshqalarni o'z ichiga olgan hududiy mintaqa resurslaridan to'liq foydalanish, startap loyihalar faolligini oshirish hamda "nou-xau" texnologiyalarini tijoratlashtirish shular jumlasidan. Bu o'z-o'zidan aholi bandligini ta'minlash orqali turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ya'ni, tadbirkorlar soni qancha ko'p bo'lsa, hududlarda shuncha ko'p ish o'rni yaratiladi.
Buning uchun, avvalo, milliy OTMlarda “biznesni rivojlantirish markaz”larini moliyashtirish manbaalarini (modelini) ishlab chiqishimiz zarur. Talabalar ulardan o'z biznes xizmatlarining barcha turlarida foydalana olishlari kerak. Jarayonda istiqbolli g'oya va loyihalar ekspertlar kengashi tomonidan bir necha bosqichdagi xulosalar asosida tanlanadi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgan talaba o'z biznesini boshlashi uchun barcha huquqiy va amaliy yordamlar ko'rsatiladi.
Biznesni rivojlantirish markazining yana bir o'ziga xos tomoni shundaki, yangi ish boshlayotgan talaba-tadbirkorga binoni ijaraga olishdan tortib barcha jarayonlarda imtiyozli shartlar asosida xizmat ko'rsatiladi. OTM ham talabaning tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashda qator vazifalarni zimmasiga oladi. Jumladan, nomzodlar bilan tadbirkorlik faoliyati asoslari bo'yicha o'quv tadbirlarini o'tkazish, yosh tadbirkorlarni ro'yxatdan o'tkazishga ko'maklashish, marketing tadqiqotlarini olib borish, yarmarkalar va ko'rgazmalarda birgalikda ishtirok etishni tashkil qilish va hokazo.
Ta'lim muassasalarida biznesni rivojlantirish markazlarining tashkil etilishi (qayta ochilishi) hozirgi vaqtda universitetlardagi o'quv xonalari va zarur zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan o'quv laboratoriyalar, bo'sh xonalarning mavjudligi bilan osonlashadi. Ularni loyihalar amalga oshiriladigan maxsus xonalarga aylantirib, kerakli vositalar bilan jihozlash mumkin.
Bir so'z bilan aytganda, oliy o'quv yurtlarida ham zamonaviy biznes markazlarini ochishning vaqti keldi. Ular talabalarning o'z biznes g'oyalarini amalga oshirishlari uchun muhim platforma vazifasini o'taydi. Bu ko'plab yoshlarga rag'bat berib, qisqa vaqtda ish beruvchi, tadbirkor talabalar soni ortishiga xizmat qiladi. Kichik va o'rta biznesda qo'shimcha qiymat yarata oladigan yangi tadbirkorlik sub'ektlari, soliq to'lovchilar vujudga keladi. Bitiruvchilar orasida esa ish beruvchilar soni ortib boradi.
Shodiyor NARZULLAYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tadqiqotchisi
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 11.10.23-y, 210-sonida e'lon qilingan)