Xabarda aytilishicha, ayni vaqtda internetda dipfeyklar, soxta tasvirlar va yolgʻon xabarlar ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda soʻz ustasi Elmurod Xaqnazarovning soxtalashtirilgan ovozi orqali “Chiken Road” nomli qimor oʻyini targʻib qilingan reklama tarqatilgani aniqlandi.
Raqobat qoʻmitasi mazkur holat yuzasidan oʻrganish oʻtkazganda, Xaqnazarov reklamaga aloqasi yoʻqligini bildirdi. Uning ovozi sunʼiy intellekt asosida montaj qilingani maʼlum boʻldi. Bloger fuqarolarni bunday soxta videolarga ishonmaslikka chaqirgan.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida @dili,me sahifasi blogeri D.Nazarov hamda @abdurahmonmufid sahifasi blogeri A.Abduraxmonov tomonidan ham qimor oʻyinlariga oid reklama joylashtirilmagani aniqlandi.
Internetda tarqalgan videolar sunʼiy intellekt orqali murakkab tarzda ishlangan feyk material ekani qayd etildi.
Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maʼlumot yuborilib, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan chora koʻrish masalasi koʻrib chiqilmoqda.








