“BMT yangiliklari” portalining xabar berishicha, Oliy komissar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi nishonlanadigan yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasi (IHBB) faoliyati uchun yetarli mablagʻ ajratilishiga umid bildirdi.

Bu mablagʻlar, uning taʼkidlashicha, tashkilotga aʼzo davlatlar va uning hamkorlarining soʻrov hamda ehtiyojlariga javob berish imkoniyatini taqdim etadi.

Folker Turk, boshqarma faoliyatiga oʻtgan yili 240,8 million dollar hissa qoʻshgan 87 nafar ixtiyoriy donorga minnatdorlik bildirdi, ammo oʻtgan yilgi talabning atigi 60 foizi moliyalashtirilganini qayd etdi.

IHBBda mablagʻ etishmasligi tufayli dunyoning koʻplab mintaqalarida amaliyotlar qisqargan va aʼzo mamlakatlarning texnik yordam soʻrovlariga toʻliq javob berilmagan.

Maʼlumot uchun: BMTning Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasi faoliyati 40 foiz BMT byudjetidan va 60 foiz ixtiyoriy badallar hisobidan moliyalashtiriladi.