Bunday xulosa BMTning “UN-Water” idoralararo tuzilmasi tomonidan mamlakatimizning suv resurslarini boshqarish sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan “SDG 6 Country Acceleration Case Study: Uzbekistan” (“BRM-6ning mamlakatda muvaffaqiyatli joriy etilishi misoli: O‘zbekiston”) nomli maxsus tadqiqotida keltirilgan.

Hisobotda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston keng ko‘lamli institutsional islohotlar, sohani raqamlashtirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb qilish hisobiga suv resurslaridan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu chora-tadbirlar mamlakatga suv bosimi yuqori bo‘lgan sharoitlarda taraqqiyotni muvaffaqiyatli jadallashtirish namunalaridan biriga aylanish imkonini berdi.

Tadqiqot mualliflari suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. “UN-Water” bahosiga ko‘ra, aynan tomchilatib va boshqa zamonaviy sug‘orish usullarini qo‘llash ko‘lamining kengayishi qishloq xo‘jaligida suv isteʼmolini qisqartirishning asosiy omillaridan biriga aylandi. Tashkilotning qayd etishicha, O‘zbekiston tajribasi suv resurslari tanqisligini boshdan kechirayotgan boshqa mamlakatlar uchun amaliy ahamiyatga ega.

Tadqiqotda keltirilgan maʼlumotlar o‘tkazilayotgan islohotlar samaradorligidan dalolat beradi. Xususan, 2017-yilda O‘zbekistonda suv olish hajmi 58,9 milliard kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 42,5 milliard kub metrgacha kamaydi. Ayni vaqtda suv tanqisligi darajasi 169 foizdan 122 foizgacha pasaydi. Hisobot mualliflarining fikricha, bu holat suv resurslarini boshqarish samaradorligi sezilarli darajada oshganini va mamlakatda ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini aks ettiradi.

Fermerlarga suvni tejashning zamonaviy texnologiyalari, maqbul sug‘orish rejimlari, davlat subsidiyalari, imtiyozli kreditlar va uskunalar yetkazib beruvchilar to‘g‘risida maʼlumot olishga yordam beradigan “Tomchi” mobil ilovasi suv xo‘jaligi sohasini raqamli transformatsiya qilishning eng muvaffaqiyatli namunalaridan biri sifatida keltirilgan. Loyiha suv sektorini isloh qilish va uning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish doirasida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko‘magida amalga oshirilgan.

Mamlakat yutuqlari qatorida suv resurslari monitoringini keng ko‘lamda raqamlashtirish ham qayd etilgan. O‘zbekistondagi yirik suv omborlarida suv sathi va gidrotexnik inshootlar holatini real vaqt rejimida nazorat qilishni taʼminlaydigan aqlli datchiklar tarmog‘i joriy etilmoqda. Bundan tashqari, “O‘zbekkosmos” milliy kosmik agentligi mamlakatdagi barcha suv omborlarining sunʼiy yo‘ldosh monitoringini olib boradi, bu esa qurg‘oqchilik va suv toshqinlarini o‘z vaqtida prognoz qilish hamda samaraliroq boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi.

Tadqiqot mualliflari Toshkent shahrida joylashgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi rolini alohida taʼkidlagan. Markaz 2007-yildan buyon yiliga ikki marta Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha suv oqimi, suv omborlarining to‘lishi va suv olishga doir prognoz hamda faktik maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan tahliliy sharhlarni tayyorlab keladi. BMT ekspertlarining fikricha, bunday tizim suv resurslarini yana-da samarali taqsimlash, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

Orolbo‘yini tiklash chora-tadbirlari islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etilgan. Hisobotda O‘zbekiston tomonidan Orol dengizining qurigan tubida saksovulzorlar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dastur dunyodagi eng yirik va innovatsion tabiatni muhofaza qilish tashabbuslaridan biri ekani taʼkidlangan. Dasturning amalga oshirilishi chang-to‘zon bo‘ronlariga qarshi kurashish, ekotizimlarni qayta tiklash va mintaqaning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Shuningdek, ekspertlar mamlakatning ilmiy salohiyati rivojini yuqori baholagan. Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirib, suvdan oqilona foydalanish sohasida ilg‘or yechimlarni joriy etayotgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti innovatsiya markazlari sifatida eʼtirof etilgan.

Tadqiqotda qayd etilishicha, erishilgan natijalar BRM-6ga erishishni jadallashtirish bo‘yicha Global hadli dasturda nazarda tutilgan beshta asosiy omilni ­­­– davlat boshqaruvini takomillashtirish, moliyalashtirishni oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, maʼlumotlar va innovatsiyalardan foydalanishni – kompleks qo‘llash orqali mumkin bo‘lgan. Muvaffaqiyatning asosiy omillari sifatida oliy darajadagi siyosiy qo‘llab-quvvatlash, izchil islohotlar, suv hisobi va monitoringini raqamlashtirish, shuningdek, ilg‘or tajriba markazlarini tashkil etish ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, “BMT-Suv resurslari” tashkiloti O‘zbekiston suv olish hajmini ekologik barqaror darajagacha kamaytirishda davom etishi, yerosti suvlarini muhofaza qilishni kuchaytirishi, suv isrofgarchiligini kamaytirish texnologiyalarini joriy etishi hamda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishi zarurligini taʼkidlaydi.

Xulosa qilib aytganda, tadqiqot mualliflari O‘zbekiston tajribasi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va suv tanqisligi darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun ham qo‘l kelishi mumkinligini qayd etadi. Respublikaning yutuqlari 2026-yil dekabr oyida Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan BMTning Suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida, Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Butunjahon suv resurslarini asrash forumi doirasida xalqaro hamjamiyatga taqdim etilishi kutilmoqda.