Unda Jahon okeanining holati iqlim o‘zgarishi, ifloslanish, baliqlarni me’yordan ortiq ovlash va biologik xilma-xillikning kamayishi tufayli yomonlashayotgani ta’kidlangan. Baholash 86 mamlakatdan jalb etilgan 600 nafar olim tomonidan tayyorlangan. Hisobotda dengiz sathining ko‘tarilayotgani, suvning kislotalanish darajasi oshib borayotgani, marjon riflarining nobud bo‘layotgani va baliq zaxiralarining kamayayotgani qayd etilgan. Bu 2015-yildan beri o‘tkazilgan uchinchi shunday baholash bo‘lib, avvalgisi 2021-yilda chop etilgan edi.
1352 sahifadan iborat hisobotga ko‘ra, insonlar iste’mol qiladigan hayvon oqsilining taxminan 20 foizini ta’minlaydigan baliq resurslari qisqarishda davom etmoqda. 2021 yilda jahon baliq zaxiralarining qariyb 38 foizi ularning qayta tiklanish sur’atidan tezroq ovlangan. 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, hujjatda okeanlar degradatsiyasining asosiy omillaridan biri ifloslanish ekani ta’kidlangan. Plastik chiqindilar, qishloq xo‘jaligi oqavalari, maishiy va sanoat oqova suvlari hamda turli kimyoviy moddalar dengiz organizmlarida to‘planib, oziq-ovqat zanjiri orqali inson iste’mol qiladigan turlarga ham o‘tadi.
Mualliflar hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon iqtisodiy faoliyatining 45 foizgacha qismi qirg‘oqbo‘yi hududlarida jamlangan. Taxminan 3 milliard kishi sohildan 100 kilometr masofa doirasida yashaydi.
Okean suvlarining tez sur’atlarda isishi global dengiz sathining 30 – 50 foiziga ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. 2013 – 2023-yillarda okean sathi yiliga o‘rtacha 4,3 millimetrga ko‘tarilgan bo‘lsa, 1993 – 2002-yillarda bu ko‘rsatkich 2,1 millimetrni tashkil etgan. Buning asosiy sababi — suvning isishi oqibatida uning hajmi kengayishi bilan bog‘liq.
Avvalroq dengiz yuzasi harorati 2019 yildan buyon 1980-yillar oxiriga nisbatan 4,5 barobar tezroq o‘sib borayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, qariyb yigirma yillik muzokaralardan so‘ng BMTga a’zo 193 davlat Jahon okeanini muhofaza qilish bo‘yicha tarixiy kelishuvni qabul qilgan edi, deb xabar berdi korrespondent.net.