BMT vakili: “Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar huquqlari konvensiyasini ishlab chiqish taklifi dunyo davlatlarida qiziqish uygʻotmoqda”

    Keyingi avlod 19 Avgust 2020 1399

    18-avgust kuni AOKAning anjumanlar zalida “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi Samarqandda oʻtgan veb-forum yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.

    Tadbirda jurnalistlar spikerlarga Samarqand forumida muhokama qilingan Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyaga rivojlangan davlatlar tomonidan qanchalik ragʻbat va qiziqish bildirilayotgani va oʻzbekistonlik yoshlar tomonidan berilgan takliflar ushbu hujjatda qanchalik aks etishi borasida savol berdi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ishlab chiqish taklifi kiritilgandi.

    Savolga dastlab BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boʻyicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal javob berdi.

    Unga koʻra, prezident Mirziyoyev bildirgan bu taklif koʻplab davlatlarda va yoshlarda qiziqish uygʻotgan.

    «Savolga javoban shuni aytmoqchimanki, BMTning yirik bir konvensiyasini qabul qilish qisqa vaqtda amalga oshadigan ish emas. U juda uzoq vaqt va jarayonlarni talab qiladi.

    Biz bunday takliflarni olqishlaymiz va u BMT bosh kotibining yoshlar masalalariga qaratilgan strategiyasiga ham toʻla mos keladi.

    Oʻylaymanki, ushbu konvensiyaga uni tayyorlashga ketadigan uzoq vaqt davomida dunyoning barcha davlatlari yoshlari oʻz takliflarini berishadi», – deya BMT vakili.

    Ashita Mittal shuningdek, UNICEF tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan “u-report” loyihasi boʻyicha 10 mingdan ortiq yosh respondentlar orasida yoshlar uchun qaysi ehtiyojlar eng yuqoriligi borasida soʻrovnoma oʻtkazilgani va uning natijalari boʻyicha ham maʼlumot berdi.

    «Soʻrovnoma natijalari dunyo yoshlarining birinchi oʻrinda taʼlim olish, ish bilan bandlik (mehnat qilishga) va inson huquqlari boʻyicha huquqlari taʼminlanishini xohlaashini koʻrsatdi.

    Bundan tashqari, yoshlar hech qachon muhtoj boʻlishni istashmaydi.

    Ular shuningdek, qandaydir kamsitishlar va diskriminatsiyani qoralashgan. Javoblar orasida yigit va qizlarning teng huquqqa ega boʻlishini xohlaganlar ham juda koʻp», – dedi Ashita Mittal.