Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi oʻrtasida “Oʻzbekistonda bioxilma-xillikni saqlash milliy strategiyalari va harakatlar rejalari (NBSAP) va 7-Milliy hisobotni yangilashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha GEF-8 dasturi” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida Bitim imzolandi.
Hujjatga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va BMT Taraqqiyot dasturi “Nature Hub” direktori Midori Pakston Ar-Riyodda boʻlib oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (UNCCD) Tomonlar konferensiyasining (COP16) 16-sessiyasi doirasida imzo chekdi.
Loyiha Oʻzbekistonga NBSAPʼlarni yaqinda kelishilgan Bioxilma-xillik boʻyicha Kunming-Monreal global dasturiga muvofiqlashtirish va Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya va Bioxilma-xillik boʻyicha Kunming-Monreal global dasturining milliy darajada samarali amalga oshirilishini taʼminlash uchun ularni qayta koʻrib chiqish va yangilashda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, loyiha ushbu hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha 7-Milliy hisobotni tayyorlash va taqdim etishda respublikaga koʻmak beradi. 2024-yilning noyabridan 2027-yilning 30-iyuligacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, 2023–2024-yillarda BMTTD Oʻzbekistonga bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha yangi milliy maqsadlarni belgilashda koʻmak koʻrsatdi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda milliy maqsadlarni BMTning Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiyasi doirasida rasman nashr etgan birinchi davlatga aylandi.