Bobur tarix maydonida paydo boʻlgan davr juda katta, murakkab va ziddiyatli hodisalarga toʻla edi. Boburning ilmiy va adabiy faoliyati ana shu hodisalarga bogʻliq boʻlib, uning taqdirida oʻsha voqealar katta ahamiyat kasb etgan.
Mana shu ziddiyatli zamonda 12 yoshli bolaning Fargʻona viloyati hokimi sifatida siyosiy maydonda paydo boʻladi. Oʻzingiz tassavur qiling, tengdoshlari bolalarcha begʻubor oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishib turgan vaqtda, u Fargʻona viloyatining taxtiga oʻtiradi.
Bobur taqdirning eng qattiq va achchiq zarbasiga uchraydi. U qanchalik qobiliyatli, aqlli, tadbirli boʻlmasin, qancha mashaqqat chekmasin sodir boʻlayotgan voqelikni oʻzgartira olmas, temuriylar sulolasini muqarrar halokatdan asrab qololmas edi.
Shuning uchun ham Boburning mamlakat uchun, uning qudratining birligi uchun, mayda-mayda parchalarga boʻlinib ketgan mamlakatni, ayniqsa, chetdan boʻladigan hujumni qaytarish maqsadida birlashtirish uchun Movaraunnaxr va Xurosonning hokimlari bilan, baʼzan muzokara, baʼzan qurol kuchi vositasida qilgan uzoq urinishlari natija bermadi. U qudratli boʻlib borayotgan Shayboniylarning bosimi ostida oʻz vatanini tark etib, 1504-yilda ikki yuzdan sal ortiqroq navkarlari bilan Kobulni zabt etadi.
Lekin oʻz vataniga qaytish fikri Boburning soʻnggi nafasi chiqquncha hamisha yodida boʻladi. U yana bir bor Samarqandni qoʻlga oladi, biroq xalq ichki urushlardan nihoyatda charchagan va uni qoʻllab quvvatlamadi.
Endi Bobur bor eʼtiborni Hindistonga qaratadi. Bobur katta harbiy qobiliyatga ega boʻlib, u tadbirkor, ehtiyotkor va epchil sarkarda boʻlgan. U har qanday harbiy harakatni puxta oʻylangan reja asosida amalga oshirardi.
1526-yilda Hindistonga qilingan beshinchi yurishida, qoʻshinidan sakkiz martacha koʻp qoʻshini boʻlgan Dehli sultoni Ibroxim Loʻdiy bilan toʻqnash keladi. Dushman askarlari yuz mingdan ortiq boʻlib, yana mingdan ortiq jangovar fillari ham boʻlgan. Lekin bor yoʻgʻi 12 ming askarga ega Boburning tadbirkorligi, yangilikka intiluvchanligi dushmanni tormor boʻlishiga sabab boʻladi.
U jang maydonida”toʻlgʻama” harbiy usulidan unumli foydalanadi va ilk bor zambaraklarni ustalik bilan qoʻllaydi. Oʻz qarorgohini ham rum usulida arobalar bilan toʻsadi va handaq qazdirib, xavfsiz qiladi. Uning janchilarida oʻqotar miltiqlar ham boʻlgan.
Bu oʻz navbatida Ibroxim Loʻdiyning ulkan armiyasini uzil-kesil magʻlubiyatga uchrashiga sabab boʻladi. Bobur soʻnggi temuriy sifatida jangga kiradi va birinchi boburiy sifatida jangdan chiqadi. Bu jang Bobur va uning xonadoni uchun juda katta ahamiyat kasb etadi. Gʻalaba qozongan Bobur Shimoliy Hindistonda buyuk imperiyaga asos soladi. Boburiylar mazkur mamlakat taraqqiyotiga ulkan xissa qoʻshadilar va qariyb 336-yil hukmronlik qilishadi. Bobur Hindistonni zabt etgach, quyidagi ruboiyni yozadi:
“Toliʼ yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerni qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yorab netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi. ”
Shunday katta va ulkan mamlakatga asos solgan Bobur, oʻz vatanidan uzoqda ekanligini hamisha yodida tutadi. Begona yurtlarda borib qolib, vatanni sogʻinib yurgan kezlarida unda norozilik kayfiyati keskin tus oladi.
“Yana mahrumi xonumon qilding,
Yana ovorai sarson qilding...”.
Umuman, begona yurtlarga borib qolib tortgan azoblar, vatanga muhabbat, uni sogʻinish, unga intilish Bobur sheʼriyatining markaziy masalalaridan hisoblanadi.
Boburning bu masalaga bagʻishlangan sheʼriy satrlari samimiyat bilan toʻla, mazkur satrlar muallifning chuqur ruhiy kechinmalari ifodalangani bilan ajralib turadi.
“Yod etmas emish kishini gʻurbatta kishi,
Shod etmas emish koʻngulni mehnatda kishi,
Koʻnglum bu gʻariblikda shod oʻlmadi oh,
Gʻurbatda sevinmas emish albatta kishi”.
Bu misralar Boburni qanchalik vatanini sevishidan dalolat beradi. Goʻzal Fargʻonaning soʻlim tabiati, oqar zilol suvlarning shovullashi, togʻoldi qishloqlarning salqin havosi va qor bilan qoplangan togʻlar bir umrga Boburning armoniga aylandi.
Taqdirning achchiq qismati uni yana goʻzal vodiylarni va serviqor togʻlarni koʻrishga izn bermadi, lekin Bobur soʻnggi nafasigacha oʻz vataniga sodiq qoldi va odamlarni oʻz vatanini sevishga, qadrlashga chorladi.
Toʻlqin Saydaliyev,
Qurolli kuchlar akademiyasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi
Shukurali Atayev,
filologiya fanlari nomzodi