Lekin, shartnoma muddatidan qatʼi nazar sotib olingan uskuna 180 kunda yetib kelmasa, muddati oʻtgan debitor qarzdorlik yuzaga keladi.
Tadbirkorlar uskuna kelmaguncha boshqa import shartnomalariga toʻlovni amalga oshira olmaydi, oldindan toʻlovsiz eksport qilishi mumkin emas, davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanishi cheklangan.
Shu munosabat bilan endilikda chetdan uskuna va butlovchi qism olib kelishda shartnoma muddati buzilmasa, muddati oʻtgan qarzdorlik boʻlmasligi belgilandi.
Shuningdek, koʻp tadbirkorlar eksport boʻyicha QQSni qaytarishda ortiqcha toʻsiq borligini aytmoqda. Soliq va bojxonani axborot tizimlari bir-biriga ulangan boʻlsa-da, eksportni tasdiqlaydigan hujjat talab etilayapti.
Bundan buyon, bojxona organining eksportni tasdiqlovchi elektron maʼlumoti QQSni qaytarish uchun asos boʻladi, boshqa ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.