Bojxona qoʻmitasi jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish tartibidagi oʻzgarishlar yuzasidan tushuntirish berdi.
Qaror qabul qilinishining zaruriyati.
Xabaringiz bor, dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga jiddiy taʼsiri sezilmoqda.
Xalqaro siyosat va iqtisodiyotdagi oʻzgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar barcha davlatlar qatori bizga ham zanjirli taʼsir koʻrsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelmoqda.
Xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga koʻtarilishi prognoz qilinayotgan bir vaqtda oʻz kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil qadam tashlamoqdamiz.
Shu boisdan, jahon iqtisodiyotidagi keskin oʻzgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qoʻllab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-aprel kuni “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 244-son qarori qabul qilindi.
1. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish tartibidagi yangi oʻzgarishlar.
Qaror bilan 2025-yil 1-maydan eʼtiboran jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari quyidagi miqdorlarda belgilandi:
havo transportida – 1000 AQSH dollari (amalda 2000 AQSH dollar);
temir yoʻl va daryo transportida – 500 AQSH dollari (amalda 1000 AQSH dollar).
avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali esa mavjud 300 AQSH dollari miqdoridagi norma oʻzgarishsiz qoldi.
Xalqaro amaliyot bilan taqqoslash.
Dunyo amaliyoti bilan taqqoslansa, tovarlarni bojsiz olib kirish normalari Oʻzbekistonda yuqori belgilangani namoyon boʻladi.
Ahamiyat bering, Yevropa ittifoqi davlatlarida jismoniy shaxslar havo transportida kirib kelganda 480 AQSH dollari, avto, piyoda yoki temir yoʻlda kirib kelganda 330 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarnigina bojsiz olib kirishlari mumkin.
Turkiyada ham mamlakatga qaysi transport turida kirib kelishidan qatʼiy nazar faqatgina 480 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Bu meʼyor Xitoyda 722 AQSH dollarini tashkil qiladi.
Tahlillarga koʻra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalaridan tijorat maqsadlarida foydalanish koʻlami sezilarli ravishda oshgan.
Shu sababli endilikda temir yoʻl va daryo transportida hamda avtomobil oʻtkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda ikki kalendar kundan, havo transportida uch kalendar kundan kam muddat boʻlgan taqdirda, bojsiz olib kirish normalari qoʻllanilmaydi!
Bu kabi amaliyot Singapur, AQSH, Turkiya, Braziliya, Argentina kabi davlatlarda mavjud. Bunda, ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning toʻliq qiymatidan yagona bojxona toʻlovi undiriladi.
Amaldagi tartibning suisteʼmol qilinayotgani holatlari.
Tahlillarga koʻra, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar tomonidan oʻziga tegishli boʻlmagan tovarlarni maʼlum haq evaziga olib oʻtib berib, «tashmachilik» faoliyati bilan shugʻullanmoqda.
Ulardan ayrimlari bir oyda 100 marotabagacha chegarani kesib oʻtayotganini inobatga olsak, oʻz ehtiyoji uchun degan niqob ostida aslida tijorat maqsadidagi tovarlarni tashishayotgani oydinlashadi.
Natijada, tashmachilar koʻmagida yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona toʻlovlarisiz Oʻzbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda.
Bu kabi holatlar xalqaro aeroportlarda ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Xorijiy mamlakatlarga tijorat maqsadida boruvchi yoʻlovchilar va ular tomonidan sodir etilgan xuquqbuzarliklar soni soʻnggi yillarda karrasiga oshib bormoqda.
Ayrim yoʻlovchilar bir yil davomida oʻrtacha 100-150 tagacha parvozlarni amalga oshirganidan koʻrinib turibdi-ki, ular havo yoʻllari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj uchun niqobi ostida olib kirishayotgani maʼlum boʻladi. Ularning umumiy soni birgina poytaxt aeroportida 500 nafardan oshadi. Ushbu yoʻlovchilarning har biri yiliga oʻrtacha 2-3 tonnagacha ogʻirlikdagi tovarlarni olib kirishmoqda. Xoʻsh, «Bu tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchunmi?» — degan savol tugʻiladi.
Amaldagi qonunchilikda chegara bojxona postlari orqali tovarlarni notijorat tovar niqobi ostida noqonuniy olib oʻtish uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Birgina 2024-yilda chegara bojxona postlari orqali harakatlangan 600 nafarga yaqin shaxslar ana shunday huquqbuzarlik holatlarini takror va takror sodir etib kelishmoqda. Natijada, ayrim fuqarolar bir yilda oʻrtacha 10-20 marotaba ayni shunday turdagi huquqbuzarliklarni sodir etib javobgarlikka tortilgan.
Qonunchiligimizga koʻra, jismoniy shaxslarning “yashil” yoʻlak orqali harakatlanishi unda bojsiz olib kirish meʼyoridan ortiqcha, tijorat maqsadida olib oʻtilayotgan, taqiqlangan yoki cheklangan biror turdagi deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar mavjud emasligi haqida bojxona organiga deklaratsiya taqdim etganligini anglatsa-da, oʻtgan 2024-yil davomida chegara bojxona postlarimizda “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan 1 190 nafar jismoniy shaxslar tomonidan 21 mlrd. soʻmga yaqin tovarlarni noqonuniy olib oʻtishga boʻlgan urinishlari aniqlangan.
2. Kuryerlik xizmati orqali yetkazib berish tartibidagi yangi oʻzgarishlar.
Yangi tartibga koʻra, jismoniy shaxslarga kuryerlik joʻnatmalari orqali bir oyda − 200 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin boʻldi. Ilgari bu meʼyor bir chorakda 1000 AQSH dollarini tashkil qilar edi.
Tahlillarga koʻra, bugungi kunda respublikamizga kirib kelayotgan kuryerlik joʻnatmalarining oʻrtacha qiymati 200 AQSH dollarini tashkil qiladi. Yuqoridagi meʼyorni belgilashda shunga asoslandi.
Xalqaro amaliyot bilan taqqoslash.
Yana xorijiy tajribaga yuzlanamiz – tovarlarni kuryerlik joʻnatmalari orqali bojsiz olib kirish meʼyorlari Xitoyda 288 AQSH dollari, Janubiy Koreyada 150 AQSH dollari, Gruziyada 125 AQSH dollari, Ukrainada 100 yevro, Buyuk Britaniyada 188 AQSH dollari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 41-175 AQSH dollari va Turkiyada 79 AQSH dollarini tashkil qiladi.
Maʼlumot uchun: ushbu meʼyorlar faqatgina bojxona boji uchun amal qilib, tovarlarni olib kirishda QQS toʻliq hajmda undiriladi. Oʻzbekistonda esa QQS undirilmaydi.
Amaldagi tartibning suisteʼmol qilinayotgani holatlari.
Tahlillarga koʻra, kuryerlik joʻnatmalari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasini suisteʼmol qilgan holda tijorat maqsadi uchun koʻzlangan tovarlarni “notijorat” niqobi ostida olib kirishga urinishlar ortgan.
Xususan 2023-2024-yillar davomida 1,1 mingta holatda 8,3 mlrd soʻmlik bojxona qoidalari buzilishi aniqlangan.
Masalan, fuqaro K.A nomiga bir yilda 408 ta, yana bir fuqaro nomiga esa bir yilda 381 ta partiyada joʻnatmalar yuborilganidan koʻrinib turibdiki, mazkur joʻnatmalardagi tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchun emas, aksincha tijorat maqsadida yuborilgan.
2024-yil davomida Oʻzbekistonda 687 mingdan ziyod fuqarolar nomiga xorijdan oʻrtacha 8 tadan joʻnatma kelgan. Jami kelgan joʻnatmalar soni 2023-yilga nisbatan salkam 3 barobarga oshib, 5 mln 735 mingtani tashkil qilgan.
Ushbu joʻnatmalarda 167 mln AQSH dollari qiymatidagi salkam 22,3 ming tonna tovarlar kirib kelgan. Bu 2023-yilga nisbatan qiymat jihatidan 1,4 barobarga, miqdor jihatidan 1,3 barobarga koʻpayganini anglatadi.
Nomiga joʻnatmalar yuborilgan fuqarolarning shaxsi oʻrganilganida ular orasida vafot etgan shaxslar ham aniqlangan, aksariyat hollarda esa fuqarolar nomiga chet eldan joʻnatma kelganidan xabarlari ham yoʻq boʻlib chiqdi.
Bunda, tovarlarni mayda partiyalarga boʻlib fuqarolarning shaxsga doir (pasport) maʼlumotlaridan noqonuniy foydalanib soxta yuk-kuzatuv hujjatlari bilan mamlakatimizga olib kirish sxemasi qoʻllanilmoqda.
Mazkur tartibotlarning barchasi bojsiz olib kirish meʼyorlarini jahon standartlariga muvofiqlashtirilishi bilan bir qatorda ichki bozorda sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash hamda yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlash lozimki, har bir davlat bugungi dunyodagi tub iqtisodiy oʻzgarishlar davrida, global sanksiyalar sharoitida oʻzining iqtisodiy siyosatini milliy manfaatlari va oʻz xalqining farovonligi nuqtayi nazaridan tashkil etmoqda.
Ayni paytda, qaror bilan kiritilayotgan oʻzgarishlar xalqaro standartlar va rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasiga toʻliq muvofiq keladi.
Eng muhimi, ushbu oʻzgarishlar tartibli tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali tushumlarni oshirish hisobiga faqat va faqat jamiyatimiz manfaatiga, iqtisodiyotimizni barqaror oʻsishiga, tadbirkorlarimizni emin-erkin ishlashlariga, yangi ish oʻrinlarini yaratishga, yangidan-yangi bogʻchalar, maktablar, tibbiyot muassasalarining qurilishiga va infrastrukturani kuchaytirishga, pirovardida odamlarimizning turmush farovonligi yaxshilashga xizmat qiladi.