Maʼlum boʻlishicha, 5 yil oldin tuman hokimligining tegishli qaroriga muvofiq, tashkil etilgan yer uchastkalariga oʻn besh xoʻjalik oilaviy pudrat asosida, oʻz mablagʻlari hisobiga 100 mingdan ortiq tut koʻchatlari ekkan.
Shartnoma shartlari bajarilib, koʻchatlar parvarishlab kelinmoqda. Ammo bugungi kunda nomalum sabablarga koʻra mazkur yer uchastkalari auksionga qoʻyilishi belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Firdavs Sharipov mazkur yer uchastkalarini auksionga qoʻyilishi holatini koʻrib chiqish, oilalarni kasanachilik bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratish boʻyicha Toshkent viloyat hokimi Z.Mirzayevga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yoʻldoshevga deputatlik soʻrovi yubordi.
Soʻrovda pudrat asosida ish yuritayotgan oilalar tarkibida nogironligi bor shaxslar va ijtimoiy jihatdan kam taʼminlanganlar ham mavjudligiga alohida eʼtibor berilgan.