Ikki mustaqil davlat – Oʻzbekiston va Ozarbayjon 1995-yilning oktyabr oyida diplomatik munosabatlar oʻrnatgan boʻlsada, ikki qardosh xalqning oʻzaro doʻstligi, ayniqsa, madaniyat, sanʼat, adabiyot borasidagi aloqalar tarixi qadim tarixga ega. Yurtimizda doim Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Nasimiy sheʼru gʻazallari sevib mutolaa qilinadi. Muslim Magomayev, Zeynab Xanlarova, Sami Yusuf va boshqa bir qator zamonaviy qoʻshiqchilarning yurtimizda ixlosmandlari koʻplab topiladi.
Oʻz navbatida ozarbayjonliklar ham oʻzbek xalqining boy tarixi va madaniyatiga, jahon va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan salmoqli hissasiga katta hurmat bilan yondashadi. Ikki qardosh xalqning madaniyati va sanʼati asrlar davomida yonma-yon rivojlanib, bir-birini oʻzaro boyitib va toʻldirib kelmoqda. Buning samarasida oʻzbek va ozar xalqlarining nasr va nazm sanʼati shaklan, gʻoyaviy va mazmunan hamohanglashib, bir-biri bilan uygʻunlashib ketgan.
Joriy yilning 1-4-avgust kunlari goʻzal Boku shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari bu qiziqish va hurmatning nechogʻlik yuksak ekanini yana bor isbotladi.
Taʼkidlash kerakki, madaniyat kunlari doirasida oʻtkazilgan barcha tadbirlar oʻzgacha shukuhda, fayzli kechdi. Qardosh ozarbayjonliklarning oʻzbek madaniyatiga nechogʻlik oshufta ekanini ularning koʻzlaridan, soʻzlaridan sezish mumkin edi.
Oʻzbekiston madaniyat kunlarining Bokudagi bulvarda boʻlib oʻtgan yopilishi marosimi va katta konsert dasturini tomosha qilish uchun minglab sanʼat shaydolari yigʻildi. Millionlab qalblarni zabt etgan afsonaviy “Yalla” guruhi, ikki xalqning sevimli sanʼatkori Nasiba Abdullayeva, shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Ilyos Arabovlarning chiqishlari tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor boʻldi.
Bir necha kun davomida cheksiz shukuh, birdamlik, mehr-oqibat va hayajonli lahzalarga boy boʻlgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻz nihoyasiga yetdi. Doʻstlik va qardoshlik tantanalari Oʻzbekistonda davom etadi.