"15-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:15 da Ozarbayjonning “Azal” aviakompaniyasining samolyoti Farg‘onaga kelib qo‘ndi. Boku-Farg‘ona-Boku yo‘nalishini ochgan Airbus A320 borti an’anaviy tarzda suv arkasi bilan, ekipaj va yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi", deb yozmoqda Uzbekistan Airports.
Qayd etilishcha, muntazam reyslar haftada bir marta – payshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Aytish joizki, Farg‘ona Ozarbayjon aviatashuvchisi parvoz qila boshlagan O‘zbekistondagi uchinchi shaharga aylandi. Bokudan Toshkentga reyslar haftasiga ikki marta - payshanba va yakshanba kunlari muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bokudan Samarqandga – seshanba va payshanba kunlari.
1992-yilda tashkil etilgan "Ozarbayjon havo yo‘llari" ("Azal") yirik aviatashuvchi bo‘lib, Boeing va Airbu samolyotlarining zamonaviy parkiga ega bo‘lgan, MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatida yetakchilardan biri hisoblanadi.