Poytaxtimizda “Bola huquqlari boʻyicha milliy institutlarning faoliyati: xalqaro amaliyot va Oʻzbekiston tajribasi” mavzuida onlayn formatda davra suhbati boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil va YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, tegishli davlat, nodavlat, xalqaro tashkilotlar, Bolgariya, Shotlandiya, Rossiya va Qozogʻiston Respublikasining bola huquqlari boʻyicha vakillari ishtirok etdi.

YUNISEFning tahliliy maʼlumotlariga koʻra, bugun dunyoda taʼlim olish imkoniga ega boʻlmagan bolalar soni 258 million nafarni tashkil etadi. Qolaversa, ming-minglab bolalar zoʻravonlik qurboni boʻlmoqda. Ushbu global muammolar bolalarning huquq va manfaatlarini muhofazalash, ularning sifatli taʼlim olishi, sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun koʻplab dolzarb vazifalar jahon hamjamiyati oldida koʻndalang boʻlib turganidan dalolat beradi. Ushbu muammolarni bartaraf etishning muhim yoʻllaridan biri oʻzaro hamkorlik va hamjihatlikni kuchaytirish, bola huquqlari muhofazasiga oid ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyishdir.

Tadbirda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ilk bor bolalarning majburiy mehnatiga toʻliq barham berishga erishildi. Ushbu natija xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak eʼtirof etilib, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldidagi mavqei yuksalishiga sabab boʻldi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda bolalarni sifatli taʼlim bilan qamrab olish, maktabgacha taʼlim tizimi qamrovini oshirish borasida ham muhim oʻzgarishlarga erishildi. Bolalar va onalar oʻlimi koʻrsatkichlari qisqarishi ham tibbiyot, onalik va bolalik muhofazasini taʼminlash masalalariga eʼtiborning amaliy natijasidir.

Mamlakatimiz BMTning “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyasi orqali zimmaga olingan majburiyatlarni ham oʻz vaqtida bajarib, xalqaro hamjamiyatga muntazam hisobot berib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida bu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilangan. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2019-yil 22-aprelda “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi va faoliyatini boshladi.

-Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda bu mustaqil institutning faoliyati yoʻlga qoʻyilgani yurtimizda inson huquqlarini muhofazalash borasida muhim qadam boʻldi, -deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari boʻyicha vakil kotibiyatining bola huquqlarini taʼminlash sektori mudiri Sattor Rahmatov.- Oʻtgan qisqa muddatda mazkur institut oʻz faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, GOVID-19 pandemiyasi davrida bolalarning huquq va manfaatlarini muhofazalash borasida bir qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, “Bola huquqlari boʻyicha vakil toʻgʻrisida” gi qonun loyihasi tayyorlandi. Bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan muassasalar, “Mehribonlik”, “Muruvvat” uylarida tarbiyalanuvchi bolalarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.

Vakil oʻz faoliyatini samarali tashkil etish uchun NNTlar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qilishi muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda bir qator NNTlar bilan memorandum imzolandi. Ushbu tadbir bu borada mamlakatimizda orttirilgan ilgʻor tajribalarni xalqaro miqyosda targʻib etish, jahon tajribasini chuqur oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda bolalarning huquqlari va manfaatlarini muhofazalashda Bolalar ombudsmanlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. GOVID-19 pandemiyasi sharoitida bolalarning huquqlari buzilishining oldini olish, qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish borasidagi ustuvor vazifalar xususida fikr almashildi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri