Boʻlajak mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish – oliy taʼlim oʻquv jarayonining asosiy vazifalaridan biri

    Keyingi avlod 27 Avgust 2025 470

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiyaga, shu jumladan, oliy taʼlim sifatini oshirish, oʻquv jarayonini zamon talablari asosida tashkil etish, boʻlajak mutaxassislarning raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalar har bir faoliyatning ilm-fan yutuqlariga asoslanishi lozimligini koʻrsatib, ilm-fandagi kashfiyotlar insoniyat taraqqiyotini innovatsion texnologiyalarga tayangan holda jadal yuksaltirishni taqozo etmoqda. Jahon tajribasini kuzatadigan boʻlsak, bugun Universitet – 4.0 konsepsiyasi asosida taʼlimni tashkil qilgan oliygohlar nafaqat davlat, balki jahon miqyosidagi inqilobiy oʻzgarishlar yadrosiga aylanganini guvohi boʻlmoqdamiz. Ushbu voqelik Oʻzbekistonning oliy taʼlim tizimiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatib, uning tashkiliy-tuzilmaviy jihatlari, sifati, mazmuni hamda miqdoriy koʻrsatkichlarini qayta koʻrib chiqishni talab qilmoqda. Mazkur ehtiyojdan kelib chiqib, soʻnggi yillarda respublikamizda taʼlim siyosatini takomillashtirishga qaratilgan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5847-sonli Farmoni qabul qilindi. Bugungi kunda esa ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida oliy taʼlim oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda “Oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi 42 foizga yetgan boʻlsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas” ligi tanqid qilindi. Ushbu yigʻilishda oliy taʼlim oʻquv jarayonini tashkil etishga oid bir necha tavsiya va vazifalar belgilab berildi. Jumladan, talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi boʻlgan investorlar ishtirokida yillik baholanadi. Bitiruvchi diplom ishini loyihada qoʻyilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ishga olinadigan boʻladi. Bitiruvchilarning mutaxassislikka oid nazariy bilimlar bilan bir qatorda, kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlishi ularning ish bilan taʼminlanishiga bevosita taʼsir etuvchi asosiy omil ekanligini taʼkidlash zarur.

    Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda jami 201 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 100 tasi davlat, 30 tasi xorijiy, 71 tasi nodavlat oliygohlardir (stat.edu.uz). Oʻquvchilarning oliy taʼlimga qamrab olinishi soʻnggi yetti yilda 4,5 barobarga oshirilib, 42 foizgacha yetkazildi. Shu bilan birga, oliy taʼlim sohasida bitiruvchilarning bandligini taʼminlash borasida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratilayotgani “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2025-yil 9-avgustdagi nashrida qayd etilgan.

    Oliy taʼlimga qamrovning oshishi sifatga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Yaʼni talabalar sonining koʻpayishi bilan qoʻshimcha professor-oʻqituvchiga, moddiy-texnik bazani kengaytirishga, kerakli sharoitni yaratib berishga ehtiyoj tugʻiladi. Galdagi vazifalar qatoriga taʼlim dasturlari mazmunini takomillashtirish, xususan, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, malaka talablarini qayta koʻrib chiqish, zaruriy kasbiy kompetensiyalarni shakllantiruvchi fanlar katalogi, oʻquv dasturi va sillabuslarni yaratish, mustaqil taʼlim olish koʻnikmalarini rivojlantirishga oid tashkiliy-uslubiy muhit yaratish kabilarni kiritish mumkin.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan soʻnggi bir yilda oliy taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi natijalarni eʼtirof etish lozim:

    - birinchi, bitiruvchilarning ishga joylashishini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan ishlar qatoriga quyidagilarni keltirish mumkin:

    1. oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori optimallashtirildi;
    2. ish beruvchilarning aniq talablari hamda dunyoning nufuzli 300 taligiga kiruvchi oliygohlar tajribasi asosida taʼlim dasturlari takomillashtirilmoqda;
    3. bitiruv ishi hamda magistrlik dissertatsiyalari himoyalarini yirik ish beruvchi tashkilotlarda tashkil etilmoqda;
    4. yuqori kurslarda tashkil qilinadigan 15 haftalik malakaviy amaliyotlarni amaliyot oʻtaluvchi tashkilot tomonidan talabalarga haq toʻlash asosida tashkil qilish mexanizmlari ishlab chiqildi;
    5. Barcha OTMlardagi Karyera markazi faoliyatini samaradorligini oshirishga oid saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda va hokazo.

    Ikkinchi yoʻnalish - taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini kuchaytirishda namoyon boʻladi. Bu yoʻnalishning samadorligi OTMlardagi ilmiy-tadqiqot, ilmiy salohiyat, ilmiy-innovatsion muhit va ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish kabi koʻrsatgichlar bilan bogʻliq. Bugun respublikamiz oliy taʼlim muassasalarida 44 mingdan ortiq professor-oʻqituvchilar ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanmoqda. Ilmiy salohiyat 40 foizni tashkil qiladi (https://stat.edu.uz/teachers). Ilmiy salohiyat darajasi oliy taʼlimda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarning salmogʻi kattaligini taqozo etmoqda va bu borada tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Umuman olganda, soʻnggi 8 yilda oliy taʼlim sohasini takomillashtirish maqsadida qilingan islohotlar bugun sifat bosqichiga oʻtmoqda. Taʼlim tizimidagi islohotlar natijalarini respublikamizda yurist kadrlarni tayyorlash boʻyicha yetakchi oliy taʼlim muassasasi boʻlgan Toshkent davlat yuridik universiteti misolida tahlil qilib koʻrsak.

    Toshkent davlat yuridik universiteti boʻlajak yuristlarni tayyorlashda oʻquv jarayoniga muntazam ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etib keladi. Universitet akademik mustaqil taʼlim tashkiloti sifatida oʻquv jarayonining shakl va mazmunini oʻzi belgilaydi. Taʼkidlash lozimki, TDYU respublikamizda kredit-modul tizimiga oʻtgan dastlabki taʼlim muassasalaridan biri boʻlib akademik faoliyatni dunyoning Garvard huquq maktabi, Oksford, Kembridj, Vestminister kabi yetakchi universitetlar tajribalari asosida tashkil qilgan. Shu jumladan, boʻlajak mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga birinchi bosqichdan eʼtibor qaratilgan. Masalan, oʻquv rejadagi majburiy fanlar tarkibidagi “Professional koʻnikmalar va rivojlanish” moduli huquqshunos mutaxassisning shakllanishi va kelgusi faoliyatida kerak boʻladigan kasbiy hamda hayotiy koʻnikmalarni vujudga keltirish, talabalarda zamonaviy yurist karyerasining muhim tarkibiy qismlari boʻlmish mobil koʻnikmalar (soft skills) yuzasidan bilim va tajribalar hosil qilish, mutaxassislik fanlaridan oʻzlashtiradigan qattiq koʻnikmalari (hard skills)ni aniq vaziyatlarga samarali tatbiq qila olish kompetensiyasini shakllantirish va rivojlantirish, ularni amaliyotda qoʻllashni oʻrgatishga moʻljallangan. Ushbu fan mazmunining ayrim xususiyatlari boshqa bir qator taʼlim muassasalarida “Personal development”, “Huquqiy koʻnikmalar va metodologiya” kabi modullar mazmuniga oʻxshash ekanligini taʼkidlash lozim. Modul yuklamasi toʻliq amaliy mashgʻulotlar kesimida oʻzlashtiriladi va bunda mustaqil taʼlimga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Ikki semestr davomida ushbu modulni oʻzlashtirish natijasida talabalar quyidagi kasbiy koʻnikmlarga ega boʻladi:

    • tahliliy va kreativ fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish asosida turli auditoriyaga murakkab maʻlumot hamda gʻoyalarni taʻsirchan prezentatsiya va ogʻzaki nutq orqali samarali yetkazib beradilar;
    • mehnat bozoriga kirish arafasidagi shaxs uchun zarur boʻlgan professional koʻnikmalar, xususan, samarali va ishonarli muloqot olib borish, tanqidiy tahlil, nizolarni hal etish, muvaffaqiyatli muzokara olib borishni oʻzlashtiradilar;
    • ishga joylashishga yordam beradigan koʻnikmalarni shakllantiradilar (jumladan, taym-menejmentga amal qilish, taʻsirchan rezyume tuzish, mijozlar va hamkasblarda ijobiy taassurot hosil qilish, huquqshunos imiji, liderlik va hokazo.) va karyera imkoniyatlarini baholay oladilar;
    • guruh yoki jamoa ishida samarali hamkorlik qilish va umumiy maqsadlarga erishishga hissa qoʻshadilar;
    • shaxsiy rivojlanish, jumladan, akademik va professional halollik, yuristning axloqiy sifatlarini oʻzlashtirishni talab qiluvchi kontentlar bilan ishladi.

    Modul darslari amaliy mashgʻulot shaklida tashkil etiladi. Ularda qoʻllanadigan metodlar modul hamda mustaqil darsning maqsadi va kutilayotgan natijalaridan kelib chiqadi. Mashgʻulotlarni olib borishda professor-oʻqituvchilar fasilitator rolida boʻlib, talabalar tomonidan darsga tayyorgarlik koʻrib kelishda orttirgan bilimlarini yanada yuksaltirish va ularning soha bilan bogʻliq yuridik koʻnikmalari va qadriyatlarini shakllantirishga koʻmaklashadilar.

    Barcha mashgʻulotlar talaba diqqat markazda boʻlgan taʻlim (student-centred teaching) tamoyili asosida interaktiv metodlarni qoʻllagan holda olib boriladi.

    Umuman olganda, taʼlimning birinchi va ikkinchi semestrida oʻqitiluvchi “Professional koʻnikmalar va rivojlanish” moduli boʻlajak yuristlarning dastlabki kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu modul tarkibidagi mantiqiy, ijodiy, tanqidiy fikrlash, jamoa bilan ishlash, yozma va ogʻzaki nutqni takomillashtirish, muzokaralar olib borish, halollik tamoyillarining oʻzlashtirilishi kabi sifatlar keyingi semestrlarda oʻqitiladigan mutaxassislik modullarini samarali oʻzlashtirishga zamin yaratadi.

    Yoshlar kelajagi, ularning baxtli hayotga erishishi doim davlatimiz siyosati va rahbarining eʼtiboridagi masala ekanligini Prezident Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqidagi quyidagi soʻzlar bilan izohlashni oʻrinli deb topdik: “Aziz farzandlarim, doimo yodda tuting: baxt – intilganniki, gʻalaba – kurashganniki! Kelajakni mardlar, tarixni gʻoliblar yaratadi. Hamisha oldinga qarab intiling, bahodir oʻgʻlonlarim, oqila qizlarim! Sizlarning ezgu ishlaringizda Vatan, xalq, Prezident barchangizga hamisha tayanch va suyanch boʻladi!”. Shundan kelib chiqib, biz oliy taʼlim tizimi xodimlari, professor-oʻqituvchilari, xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi davlatimiz va Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan har bir ezgu gʻoya va maqsad yoʻlida bor imkoniyatimiz, ilm va tajribamiz bilan oliy maʼlumotli mutaxassislarni zamon talablari, ish beruvchilar ehtiyojiga muvofiq tayyorlashga vaʼda beramiz.

    Soliha Allayarova,
    Toshkent davlat yuridik universiteti Umumtaʼlim fanlar va madaniyat kafedrasi dotsenti