Yosh avlod uchun maxsus badiiy adabiyot yaratish anʼanasi jamiyat taraqqiyotining muhim maʼnaviy ehtiyoji tarzida reallikka aylangach, uning maqsadi va vazifalari oydinlasha bordi. Badiiy adabiyotning inson ruhiyati, hatto shaxsiyati shakllanishi hamda rivojlanishidagi oʻrni beqiyosligi bolalar adabiyotida ham yaqqol koʻrindi.

Asarlarning taʼsir kuchi yosh qalblarda ezgulik, vatanparvarlik, badiiy-estetik didni shakllantirish, umuman, hayotga, butun olamga ijobiy va ijodiy munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Bugun taʼlim-tarbiya berish bilan birga yosh kitobxonlarda estetik zavq uygʻota oladigan, qaynoq hayot manzarasini butun borligʻicha aks ettira bilgan chinakam badiiy asarlar nihoyatda zarur. Shu maʼnoda, bolalar adabiyoti mutolaasida ham oʻquvchining yosh xususiyatlarigina emas, asarning janr va mavzu mundarijasi, ifoda uslubi va psixologik tasvirdagi oʻziga xosliklarni tadqiq qilish taqozo etilayotir.

Adabiyot va kitobxonlik ibtidosi boʻlgan bolalar adabiyoti, uning tarixiy tadriji hamda yangi tamoyillarini jahon bolalar adabiyoti bilan qiyosiy oʻrganish orqali jarayonning muhim xususiyatlarini oydinlashtirish, oʻzbek bolalar adabiyotining badiiy jihatdan yuksak namunalariga keng eʼtibor qaratish, yangi asr kichkintoylarining qiziqishi, ruhiy olami, ijtimoiy hayotga munosabati aks etgan asarlar orqali axloqiy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy tarbiyani shakllantirish har qachongidan koʻra dolzarb.

Xoʻsh, bu borada sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar va mutaxassislar nima deydi? Ularning shu mavzudagi fikrlari bilan qiziqdik.

Kitob bolaga nasihat qilishi kerak emas!

Saʼdulla QURONOV, bolalar yozuvchisi:

— Bolalar adabiyotini kattalar adabiyoti kabi sheʼriy hamda nasriy asarlar tashkil etishi hammamizga maʼlum. Buni eslab oʻtganimning sababi bizdagi muammolar, aniqrogʻi, boʻshliqlar faqat bolalar uchun atalgan nasriy asarlarda deb oʻylayman. Boisi, bolalar adabiyotidagi sheʼriyatning ramziy silsilasi — tashuvchi gʻoyasi, maqsadi, merosi har davr ruhiga xos tarzda yangilanib, moslashib kelgan.

Bir oz qoʻpol qilib aytganda, bir avlod bolalar shoiri keksayib, qoʻliga qalam ogʻirlik qilgan paytda boshqa bir zabardast shoir yetishib kelishga ulgurgan. Bolalar nasri borasida esa bunday deb boʻlmaydi. Ayrim omillar buni tan olishga majbur qiladi. Masalan, bolalar adabiyotining yirik namoyandasi, xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning oramizda yoʻqligi shu boʻshliqning koʻlamini yaqqol koʻrsatib berdi. Bu adibdan soʻng boshqa hech kim mutolaa zavqini endi tuya boshlagan bola uchun oʻz davriga mos axloqiy tushunchalarni sodda tilda tushuntirib berishdek mushkul vazifani toʻliq uddalay olmadi. Bu yoʻlda faqat turli tajribalar guvohi boʻldik, xolos.

Oʻrta asrlardagi mumtoz sheʼriyatimiz butun boshli adabiyotimizda asosiy ulushga ega. (Bunga sabab, ehtimol, adabiy genimizda sheʼriyat koʻproq saqlanib qolgani boʻlsa kerak). Gʻarbda esa ayni shu pallalarda roman, dramaturgiyaning turfa shakllari rivoj topdi. Ilk nasriy urinishlar hosilasi bizda atigi bir yarim asr ilgari kirib kelgani uchun ham hozir nasr biz kutgan darajaga chiqmayotgan boʻlish ehtimoli bor.

Adabiy maktablar, ustoz-shogird anʼanalari yoʻqolib ketayotgani ham katta sabablardan biri deb oʻylayman. Ilgari tahririyatlarda, gazeta-jurnallarda adabiyot dargʻalari bilan birga ishlaydigan yoshlar tabiiy ravishda isteʼdodini shakllantirib, unga sayqal berib borgan. Jarayon ortiqcha shovqinsiz, urinishlarsiz, ustozning umri mobaynida anglab yetgan falsafasi va shogirdning ishtiyoqi evaziga qaynardi. Hozir biror havaskor qalamkash qaysidir tahririyat eshigini qoqib, maslahat soʻrab keladi deysizmi? Yoʻq. Bor boʻlsa ham barmoq bilan sanarli.

Bundan tashqari, biz oʻz qahramonimizni yoʻqotib qoʻydik. Topa olmadik, yarata olmadik emas, aynan yoʻqotib qoʻydik. Eʼtibor bermadik. Natijada bugungi bolalarning aksari Alpomish, Kuntugʻmish, Ravshanxon, Rustamxonning alplarga xos xatti-harakatiga ishonqiramay, boʻrttirilgan deb oʻylab, allaqaysi hasharotning qobiliyatini oʻzida mujassamlashtirgan “super” odamga hayrat koʻzi bilan boqmoqda. Shunday boʻlishi tabiiy. Chunki biz oʻz qahramonlarimizni zamonga moslashga, raqamlashtirishga harakat qilib koʻrmadik. Eʼtiborni esa “komiks”lar, “manga”lar ilib ketdi. Bu bilan komikslarni yomonlashdan yiroqman, ularning ham oʻziga yarasha vazifasi bor. Oʻsmirlar dunyoqarashi, tasavvuri shakllanishida, tan olaylik, bugun aynan shular taʼsir koʻrsatdi. Biz ham shunday ommalashtirsak boʻlardi demoqchiman. Buning uchun bizda hammasi bor edi: tugal gʻoya, aniq falsafa, mukammal syujet chizigʻi... Bu taklifni biryoqlama tushunmaslik kerak. Bizga qahramon kerak, ammo benuqson, biz hayotda hech qachon uchratmaydigan sifatga ega, insondan ham kattaroq mavjudot emas, aynan oʻzimizga oʻxshagan, biz kabi ozgina maishiy muammolarga oʻralashgan, baʼzi holatlarda xato qaror qabul qiladigan va undan xulosa chiqaradigan, kechiradigan, kechirim soʻraydigan, oʻrganadigan, oʻrgatadigan, oʻzligidan, oʻzbekligidan uyalmaydigan haqiqiy qahramon kerak.

Bu voqeani oldin ham aytgandim. Adabiy uchrashuvda bir ayol menga savol bergandi: “Nega qahramonlaringiz taqdiri bu qadar toʻkis, nega zigʻircha boʻlsa ham iztirob, ayriliq yoʻq? Axir hayot unday emas-ku?!”. Ayolning savoli meni dovdiratib qoʻygan. Javobim yoʻq edi. Shunchaki bilmasdim, rostdan oʻylab koʻrmagan edim.

Keyinroq chet el bolalar yozuvchilarining suhbatini tingladim. Unda eri toʻsatdan vafot etib, uch farzandi bilan beva qolgan yozuvchi ayol qismati haqida soʻz bordi. Ayol oʻzi va farzandlarini tushkunlikdan chiqarish uchun otasi vafot etgan qahramon hayoti haqida asar yozadi. Kutilmaganda bu asar bestsellerga aylanadi.

Suhbatni tinglarkanman, koʻz oldimga oʻsha — menga savol bergan ayol keldi. Hoynahoy uning farzandlari ham ayriliq alamini totib koʻrgan. Mening ideal turmush haqidagi asarim esa ularning ruhiyatiga aks taʼsir koʻrsatgandir… Shu-shu bolalar asarlarining mavzusi haqida koʻp bosh qotiradigan boʻldim. Oʻylab qarasam, bizning bolalar adabiyoti hali ham u qadar ijtimoiylashmagan. Hamon ertak va dostonlardagi ideal taqdir va qahramonlarning taʼsiri kuchli. Hayotiy, maishiy muammolar haqida yozishga esa koʻp ham urinmaymiz, goʻyo bu adabiyot emas.

Adabiyotni ideallashtirganimiz sababi biz, deylik, puli yoʻqligi uchun tushlik qila olmaydigan yoki tilida nuqsoni bor bolalarning kechmishi haqida deyarli yozmaymiz. Biz uchun adabiyot katta narsalar, gʻoyalar haqida kuylashi zarur, tamom. Toʻgʻri, shunday boʻlishi lozim, ammo insoniylik doim birinchi oʻrinda turadi. Insonparvarlik orqali shu gʻoya singdirilsa, qanday goʻzal!

Menimcha, oʻzbek bolalar adabiyoti trendga chiqa olmasligining asosiy sabablaridan biri mavzularning hayotiy emasligi bilan bogʻliq.

Yosh chegarasini kim belgilaydi?

Dilnavoz NAJIMOVA, bolalar yozuvchisi:

— Kesilayotgan daraxtlarni koʻrib, arra koʻtarganlarga qarshi ommaviy kurashish samara bermaydi. Avvalo, jamiyat ahliga daraxtning qiymati haqida maʼlumot berish lozim. Yaʼni daraxt faqat soya va kislorod beruvchi emas, balki yer ostidagi suvni saqlab turuvchi, zararli gaz va changlarni yutuvchi, ruhiy quvvat taratuvchi, xullas, inson hayotini taʼminlovchi oʻsimlik deb taqdim qilish kerak.

 Odamlar buni jamiyat darajasida anglab yetsa, daraxtlar kesilishi oʻz-oʻzidan toʻxtaydi. Menimcha, kitobxonlikni rivojlantirish uchun ham mutolaaning ahamiyati haqida yetarlicha tasavvur boʻlishi kerak. Chunki koʻpchilik kitobga bilim va tarbiya manbai sifatidagina qaraydi. Afsuski, bunday qarash ijodkorlarda ham mavjud. Bu haqda bir paytlar kattakon maqola yozilgandi.

Bunday gʻalati qarashning mohiyati shundaki, bolalar uchun yozilgan asarda, albatta, katta hikmat, tarbiyaviy gʻoya boʻlishi shart. Mana shunday qarash tufayli biz 4-5 yoshli bola uchun ham “hikmatli” asarlar yozib, ularni mutolaadan bezdiramiz. Yoʻq, bola shunchaki oʻqib malaka oshirishi, matnni his qilishi, harakat va maʼlumotlar ketma-ketligini kuzatishi uchun ham sodda asarlar yozish mumkin-ku!

Masalan, “Bek Lolaga ruchka berdi, Lola ruchkani Raʼnoga, Raʼno Layloga, Laylo Barnoga uzatdi. Shunda ruchka kimda? (rasm)” kabi juda sodda matnlar biz uchun maʼnisizdek, badiiy asar emasdek tuyuladi. Sababi 3-4 yoshli bola shu matn vositasida juda muhim boshqa koʻnikmalarni oʻzlashtirishi haqida tasavvurga ega emasmiz. Aslida, shu shakldagi rasmli asarlar bolalarda narsa va hodisalarni tanish, tushunish, matndagi maʼlumotlarni anglash kabi muhim hayotiy koʻnikmalarni shakllantiradi. Tafakkurini charxlaydi. Ishoning, mutolaa orqali shakllanadigan tahliliy, tanqidiy tafakkurni boshqa biror fan bera olmaydi.

Shunday ekan, bolalar adabiyoti faqat ravon oʻqish, badiiy asardan zavqlanish va undan hikmat izlashdan iborat emasligini anglab olishimiz shart. Biz bolalar kitobxonligi ularning kelajagi uchun xuddi suv va havodek hayotiy zarurat ekanini tushunib yetsak, oʻzimiz bilmagan holda bolalar adabiyoti rivojiga ham hissa qoʻsha boshlaymiz.

Toʻgʻri, davlat darajasidagi islohotlar, dasturlar kerak, ammo odamning oʻzi ham istasa, hammasini anglab yeta oladi. Baʼzi narsalarni, masalan, mutolaaning kuchini odam yolgʻiz his qilishi kerak. Soʻzning masʼuliyati, quvvatini oʻz ruhoniyatida akslantirsa, odatiy yumushlaridan biriga aylantirsagina, chinakam kitobxon jamiyatga aylanamiz.

Biz parvoyimizga ham keltirmaydigan holatlar yigʻilib-yigʻilib, oʻzimizning ustimizga gurzidek tushadi. Hatto bolasini kitob olishdan qaytargan onalarni ham koʻrdim. Baʼzi oilalarda ota-ona umuman kitob oʻqimaydi. Bolaga shunchaki kitob berib qoʻyish naf bermaydi, ular bilan birga oʻqish kerak. Sahna asarlari tarzida rol ijro qilib berib, hatto eng koʻrimsiz kitobga ham bolani qiziqtirish mumkin.

Yoshligimda kitob doʻkoniga kirib, pulim yetmagan kitoblarni oʻsha yerning oʻzida oʻqirdim. Uyimizdagi javonda kitoblar yoshimizga moslab terib qoʻyilardi. Dadam qaysi viloyatga borsa, oʻsha yerdan kitob olib, telefonda kitobdan parcha oʻqib berardi. Safardan qaytgunicha intiqib kutardim. Hozir oʻzbeklar dunyoga tarqalib ketdi. Nega endi oʻsha yerdan kitob sotib olib, uyiga joʻnatmaydi, nega joʻnatgan pulidan kitob olib berishni aytmaydi? Toʻyga, uyga, mashinaga pul yetadi, lekin bolaning oʻqishi uchun ajratilmaydi.

“Komiks”lar, “softbuk”lar kabi zamonaviy koʻrinishdagi kitoblar juda zarur!

Shohrux USMONOV, tarjimon:

— Bugungi oʻzbek bolalar adabiyotidagi oqsashlar umumiy tizimga borib taqaladi. Bizda kitob va noshirlik sanoati rivojlanayotgandek koʻringani bilan, aslida, hamma bir yoʻldan boryapti. Bolalarbop asarlar juda kam bosilyapti, chop etilgani ham ommalashayotgani yoʻq. Deylik, oxirgi bir-ikki yilda “Atom odatlar” kitobini sotib olmagan kitobxon qolmadi shekilli. Lekin bolalar uchun yozilgan qaysi asar bir necha oʻn minglab adadda chop etilib, qayta-qayta sotilmoqda? Kreativ iqtisodiyotni rivojlantiradigan, ayniqsa, bolalar kitoblari uchun PR va marketingni kuchaytiradigan payt keldi.

Oddiygina yosh kategoriyasi kabi talablarga javob berishni oʻrganishimiz zarur. Bozorlarimizda har bir yosh kategoriyasiga mos keladigan kitoblar yoʻq. Axir 6 yoshli bolaga ham, 13 yoshli oʻsmirga ham “Sariq devni minib”ni tutqazavermaymiz-ku. Masalan, 3 yoshgacha bolalar uchun kitobdagi soʻz 100 tadan oshmasligi shart. Baʼzan kitob matn emas, suratlardan iborat boʻlishi ham mumkin. 3-8 yoshlilar uchun 250-1000 ta soʻzdan oshmagan asar talab etiladi. Bunda ham matndan koʻra surat “soʻzlashi”ga koʻproq urgʻu qaratiladi. 5-9 yoshdagilar “ilk kitobxon” sanalib, ularga atalgani 1500-2000 ta soʻz, 6-10 yosh uchun 8,5-12 mingta soʻz boʻlishi kerak. 8-12 yosh orasidagilarga 25-50 mingta soʻzdan iborat asar yoziladi odatda. Gʻij-gʻij matn bilan bolani kitobga qiziqtirib boʻlmaydi. Bizda yosh kategoriyalari qaysi mezonlar asosida belgilanadi? Hozircha muallif yoki muharrirning shaxsiy qarichidan boshqa mezon yoʻq.

Aslida, bularni belgilash uchun tilshunoslar tadqiqot oʻtkazishi, gap va matn qurilishining murakkabligini, soʻz maʼnolarini tushunish darajasini turli yoshdagi bolalarda tajribadan oʻtkazishi kerak. Xorijda bularning barchasi ishlab chiqilgan. Soʻnggi vaqtlarda zamonaviy oʻzbek tilshunoslari orasida ham bu borada dastlabki tadqiqotlar oʻtkazildi, biroq bu juda-juda oz. Xullas, shunday tadqiqot natijalari asosida maxsus dastur yaratiladi. Matn shu dasturga joylanganda uning oʻqishlilik darajasi, yosh kategoriyasiga doir tahlillar chiqib keladi.

Janubiy Koreyada yashab, ijod qilayotgan Dinara Moʻminova degan bolalar yozuvchisi bor. Kichik yoshdagi bolalar uchun rasmli kitoblar tayyorladi, 3-5 yoshli bolalar uchun birinchi boʻlib kitoblar yozdi. Yaqin yillarda Erkin Malikning “Chumolilar mamlakati” kitobi, Qobiljon Shermatovning “Bobomning oshqozonidagi mamlakat” kitobi chiqdi. Saʼdulla Quronov ilmiy fantastika janrida yozadi. Chunki oʻzbek adabiyotida mazkur yoʻnalish oqsayapti. Ilmiy fantastikada voqealar ilm-fan bilan asoslanadi. Bolalar fan haqida bilimga ham ega boʻladi. Hammasi uchun quvonsak arziydi, biroq bular yetarli emas. Tushunishimiz shart, 20-30 yildan keyin qanaqa avlod shakllanishi bugungi bolalar adabiyotining ahvoliga bogʻliq. Sifatli kitoblarni oʻqib ulgʻaygan bola ertaga, hech shubhasiz, ziyoli qatlamning vakili, taʼbir joiz boʻlsa, peshqadami boʻlib yetishadi. Buni inkor etish imkonsiz.

Negadir biz har qanday yangilikka xavfsirab qaraymiz. Bir zamonlar oddiygina “selfi”ni ham xavfli deb jar solganmiz. Ammo kitobdan, adabiyotdan biror xavf kutish bir oz kulgili. “Komiks”lar, “manga”lar, “softbuk”lar, pop-ap, AR va hokazo zamonaviy koʻrinishdagi kitoblar bugun juda zarur. Bola kitobni ham oʻqib, ham oʻynab, ham tomosha qilib zavq olganiga nima yetsin!

Bolalar adabiyotini rivojlantirish uchun har kim har xil yechim taklif qiladi. Men tarjimonman, shundan kelib chiqqan holda ayta olamanki, jahon bolalar adabiyoti durdonalarini paysalga solmasdan tarjima qilish shart. Masalan, bizning bolalar ham Roald Dal, Astrid Lindgren, Tuve Yansson, Doktor Syus, Mishel Morpurgo, David Uol­yams, Arnold Lobel kabi dunyo tan olgan adiblarning bir-biridan goʻzal asarlaridan bahramand boʻlishi kerak. Buning uchun bolalar adabiyoti ommalashuvi yoʻlida yeng shimarishga tayyor tarjimon, muharrir va noshirlarga har doimgidan ham koʻproq ehtiyoj sezamiz.

Oʻzbek bolalariga “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Dahshatli Meshpolvon”, “Olovjon va uning doʻstlari” va xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan birga bugungi kun voqeligiga mos zamonaviy asarlar kerak. Mayli, bolangiz turli onlayn manbalarga, redbuklarga ham, kitobga ham birdek mehr qoʻyib ulgʻaysin, ikkisiga ham beeʼtibor boʻlgandan shunisi xayrliroq-ku, toʻgʻrimi?

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri